Vadim Abramov: «G‘alabadan sarmast bo‘ladigan yoshdan o‘tganman»

Sport 19:50 / 10.10.2019 22339

JCh—2022 saralashining ikkinchi bosqichi 3-turida O‘zbekiston va Yaman terma jamoalari o‘rtasida kechgan va mezbonlarning 5:0 hisobidagi g‘alabasi qayd etilgan o‘yindan keyin har ikki jamoa murabbiylari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda qatnashgan Vadim Abramov o‘z fikrlarini bildirdi.

«Muxlislarni g‘alaba bilan tabriklayman. Bugun g‘alaba qozonishimiz shart bo‘lgani bois yigitlarda ozroq bosim bor edi. Maydonda o‘ynagan futbolchilarga rahmat deyman, ular vaziyat murakkab ekanini tushungan holda harakat qilishdi. O‘yinimiz chiqqanidan xursandman.

Kayfiyatim yaxshi, shunchaki g‘alabadan sarmast bo‘ladigan yoshdan o‘tganman. O‘yinimizda muammolar bo‘ldi, shu bois yirik hisob meni tinchlantira olmaydi. Biz ba'zi o‘ylagan kombinatsiyalarimizni amalga oshira olmadik, ammo qisqa muddatda ko‘p narsani o‘rganish qiyin.

Hisobga yarasha o‘yin bo‘ldi. Gap hisobda emas, ba'zi xatolarimiz bo‘ldi va bu muammolar katta jamoalarga qarshi o‘yinlarda pand berishi mumkin, shu bois ularni tuzatishimiz kerak. Sanjarning imkoniyatlarini bilardim, shu bois uni milliy jamoaga chaqirdim.

Lutfulla To‘rayevni chaqirganim uchun ko‘pchilik tanqid qildi, ammo u bugun maydonda bo‘lganida o‘yinni buzib qo‘ymagan bo‘lardi. Shunchaki uni chaqirganimizdan so‘ng Lutfullaning kayfiyatida o‘zgarish paydo bo‘ldi. Bu «Buxoro» bilan o‘yindanoq sezildi. Shu bois o‘yin vaqtida unda ruhiy muammo paydo bo‘lishidan qo‘rqib yakuniy tarkibga kiritmaslikka qaror qildim.

Markazdagi futbolchilar ilk marta bunday sheriklar bilan o‘ynashdi. Ulardan biri ilk marta milliy jamoada o‘ynadi, shu bois markazda muammo kuzatildi. Denisov? Uning imkoniyatlarini bilaman. Hozircha u o‘yin amaliyotiga ega emas, bundan tashqari uning o‘yinlarini kuzatish uchun vaqt yetmayapti»,— deb Abramovning so‘zlarini keltirmoqda Tribuna.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: