Shifokor kadr nega qishloqqa bormayapti?..

Jamiyat 17:39 / 07.10.2019 8530

Xalqimiz ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun o‘z hayotidan rozi va mamnun bo‘lib yashashi kerak. Prezidentimiz ilgari surgan ushbu fikr asosida mamlakatimizda aholi turmush farovonligini yuksaltirish yo‘lida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Gap odamlarning hayotdan, bugungi yashayotgan kunidan roziligi haqida borar ekan, «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari ijrosi yuzasidan olis qishloqlar, qarovga, e'tiborga muhtoj mahallalarda amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarini alohida qayd etish lozim. Zero, ushbu dasturlar odamlarning bandlik, tibbiyot, ta'lim, elektr energiyasi, gaz, ichimlik suvi, yo‘llar kabi kundalik turmushidagi birlamchi ehtiyojlarini qanoatlantirishga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatlidir.

Fuqarolarning o‘z hayot sharoitlaridan roziligini belgilovchi yana bir muhim mezon – ularga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatning sifati va samaradorligidadir. Buning uchun esa tizim yetarli darajada kadrlar bilan ta'minlanishi zarur. Qulay binolar, zamonaviy asbob-uskunalar bor tibbiy muassasalarda malakali xodimlar ishlamasa, tibbiy xizmatdan odamlarni rozi qilish imkonsizdir.

Respublikamiz viloyat va tumanlarida shifokorlar bilan ta'minlanish darajasi o‘rganilganda, jiddiy yetishmovchiliklar mavjudligi yuzaga chiqdi.

2018 yil hisobotlariga asosan respublikamiz bo‘yicha mavjud vrachlik ish o‘rinlarining 12 foizi vakant holatda bo‘lsa, Surxondaryoda bu ko‘rsatkich 23,7 foizni, Sirdaryo viloyati bo‘yicha 21,5 foizni, Jizzax viloyati bo‘yicha 20 foizdan ortiqroqni tashkil etadi.

Agar tumanlar kesimida ko‘rilsa, yanada jiddiyroq raqamlarga duch kelamiz. Masalan, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Taxiatosh tumanida 33 foiz, Jizzax viloyatining Baxmal va Mirzacho‘l tumanlarida 36 foiz, Yangiobod tumanida 57 foiz, Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumanida 40 foiz, Navoiy viloyatining Tomdi tumanida 59 foiz, Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanida 33 foiz, Sayxunobodda 36 foiz, Surxondaryo viloyatining Muzrabot tumanida 45 foiz, Qiziriq tumanida 41 foiz, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida 38 foiz, Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanida 43 foiz vrach ish o‘rinlari bo‘sh ekan.

Bu raqamlar kishini chuqur o‘yga toldiradi, jiddiy xavotirga soladi.

Har bir viloyatda shifokorlarga ehtiyoj mavjud. Vakant ish o‘rinlarining asosiy qismini ambulator poliklinika muassasalari tashkil etadi.

Yuqorida qayd etilgan tumanlarda aholini malakali tibbiy xizmat bilan ta'minlashning jismonan iloji yo‘qligi yaqqol ko‘rinib qolmoqda. Tumanlardagi muassasalarda faoliyat yuritayotgan shifokorlar bir necha mutaxassis vazifasini bajarishga majbur bo‘lmoqda.

Bu esa tibbiy xizmat sifatiga jiddiy ta'sir o‘tkazmoqda. Joylarda aholining shifokorlardan noroziligi oshib borayotgani, bemorlarning yaqinlari va shifokorlar o‘rtasida turli nizolar kelib chiqayotgani bo‘yicha misollar oz emas. Bunday ko‘ngilsiz voqealarning tub sabablaridan biri joylarda tibbiy kadrlar yetishmovchiligi kattaligi, kam sonli shifokorlarga ish yuklamasining yillar davomida yuqori bo‘lib qolayotgani bilan ham bog‘liq emasmikin?

Bunday vaziyatda shifokorlarga Gippokrat qasami ichganligini ta'kidlash yoki ularga jismoniy zo‘ravonlik bilan tahdid qilish holatni yaxshilamaydi.

Xalq demokratik partiyasi ushbu o‘tkir muammoni tizimli hal qilishni endi orqaga surib bo‘lmaydi, deb hisoblaydi. Qishloq joylardagi tibbiyot muassasalarini kadrlar bilan ta'minlash, buning uchun ularga uy-joy berish, boshqa qulaylik va imtiyozlar joriy etish bo‘yicha dastur ishlab chiqilishi kerak.

Shifokorlar yetishmaydigan tumanlarda ushbu lavozimni yosh mutaxassislar uchun jozibador qilish choralarini ko‘rish vaqti keldi. Oliy tibbiy o‘quv yurtlarini bitirgan mutaxassislar maoshi hali 900 ming so‘m atrofidaligini inobatga olsak, ularga mahalliy budjet hisobidan imtiyozlar berilishi muammoni yechishga yordam berishi mumkin. Masalan, vrachlar o‘tkir yetishmaydigan tumanlarda ustama haq belgilanishi, uy-joylarning birlamchi to‘lovsiz imtiyozli kreditga berilishi kabi yengilliklar kadrlar tanqisligini kamaytirishda muhim ahamiyatga ega.

Shuningdek, tuman, shahar hokimlarining tavsiyalari asosida mahalliy yoshlarni tibbiyot oliygohlarida o‘qishini tashkil etish orqali muammolarni hal etishga erishish mumkin.

Mamlakatda aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishni yanada yaxshilash, uzoq qishloq hududlardagi tibbiy muassasalarni malakali kadrlar bilan ta'minlash faqat sog‘liqni saqlash vazirligining vazifasi emas, balki jamiyatning ijtimoiy muammosidir. Shuning uchun barcha mutasaddi tashkilotlar ushbu muammoni hal qilishda faol ishtirok etishi kerak bo‘ladi.

Xalq demokratik partiyasi Saylovoldi dasturida ana shu yo‘nalishda o‘z takliflarini ilgari surmoqda. Chunki shifokor kadrlarga sharoit yaratmasdan, aholi salomatligini mustahkamlash haqida balandparvoz gaplar aytishga haqqimiz yo‘q.

Maqsuda VORISOVA,

O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari,

Oliy Majlis Senati a'zosi.

Ko‘proq yangiliklar: