2019 yilning 2 oktabr kuni soat 13:10da Urganch shahar Ichki ishlar organlarining 4-sonli IIB tezkor navbatchilik qismidan viloyat Yong‘in xavfsizligi boshqarmasiga Urganch shahridagi Bolalar shifoxonasiga kuyish tan jarohati bilan va hushsiz holda 2017 y.t. qizcha olib kelinganligi haqida xabar berilgan.
O‘zbekiston Respublikasi FVV YoXBB OAV bilan hamkorlik qilish bo‘linmasi ma'lumotida aytilishicha, xabar asosida Davlat yong‘in nazorati organlari xodimlari tomonidan voqea joyiga borilib, dastlabki surishtiruv ishlari olib borilgan.
Urganch shahar Shodlik ko‘chasida yashovchi fuqaro D.G‘. 2017 y.t. qiz nabirasi A.R. bilan “Alfa-omega transservis” MChJga tegishli bo‘lgan “NEXIA” rusumli avtomobilida shu kuni taxminan soat 10:30larda Urganch tumani Chakkasholikor qishlog‘i Beshayvon mahallasida yashovchi tanishining yashash uyiga borib, avtomobilda nabirasi A.R.ni qoldirgan holda tanishining uyiga kirib ketgan.
Fuqaro D.G‘. taxminan 10 daqiqadan keyin qaytganida avtomobil salonidan quyuq tutun chiqayotganligi, shu atrofdagi fuqarolar bilan avtomobildagi yong‘inni bartaraf etib, orqa o‘rindig‘idan 2017 y.t. A.R. qutqarilgan holda Urganch shahridagi shifoxonaga olib borilganligi hamda ushbu shifoxonada qizcha vafot etganligi ma'lum bo‘lgan.
Yong‘indan avtomobilning orqa o‘rindig‘i 0,5 kv. metr maydoni yongan. Hodisa yuzasidan surishtiruv ishlari tuman prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda. Yong‘in sababi aniqlanmoqda.