Qashqadaryoda uzunligi 679,4 km bo‘lgan elektr uzatish tarmoqlari hamda 196 ta transformator punktlari rekonstruksiya va modernizatsiya qilindi

Jamiyat 17:37 / 03.10.2019 2988

Mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Qashqadaryo viloyatida ham elektr energetikasi sohasida tub o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, «Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan iste'molchilarning elektr ta'minotini yanada yaxshilash borasida qator amaliy ishlar olib borilmoqda. Jumladan, joriy yil boshidan 679,4 km elektr uzatish tarmoqlari va 196 ta transformator punktlari rekonstruksiya va modernizatsiya qilindi. Bundan tashqari, 1969,2 km uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari va 655 ta transformator punktlarida mukammal ta'mirlash ishlari amalga oshirildi.

 

Prezidentimizning 2016 yil 23 noyabrdagi «Past kuchlanishli elektr tarmoqlarini modernizatsiya va yangi qurish dasturi to‘g‘risida»gi qaroriga asosan, 128,1 km uzunlikdagi past kuchlanishli elektr tarmoqlari va 96 ta transformator punktida yangi qurilish va rekonstruksiya ishlari bajarildi.

Davlat dasturlari ijrosi borasida ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, «Obod qishloq» dasturi doirasida 528,8 km uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari va 72 ta transformator punktida yangi qurilish va rekonstruksiya ishlari bajarildi. Shuningdek, 457,1 km elektr tarmoqlari va 296 ta transformator punktlari mukammal ta'mirlandi.

«Obod mahalla» dasturi doirasida esa 9,1 km uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari va 2 ta transformator punktida yangi qurilish va rekonstruksiya ishlari bajarildi. 23 km elektr uzatish tarmoqlari va 20 ta transformator punktlari mukammal ta'mirlandi.

Qashqadaryo viloyatida qurilayotgan namunaviy uy-joylar, xizmat uylari, yosh oilalar uchun uylar va shaharlardagi arzonlashtirilgan ko‘p qavatli uy-joylar elektr ta'minoti uchun 13,3 km elektr uzatish tarmoqlari va 26 ta transformator punktlari yangidan qurildi.

Shuningdek, Nishon tumani Tallimarjon shahrida «Obod shahar» dasturini amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqilib, ushbu iste'molchilarni elektr energiyasi bilan ta'minlab turgan 35/6 kV li «Tallimarjon» nimstansiyasi mukammal ta'mirlandi. Bundan tashqari, ushbu hududdagi iste'molchilarni elektr ta'minotini yaxshilash maqsadida 160 kVA li 1 ta transformator punkti va 9 km uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari rekonstruksiya va yangidan qurildi.  34 ta transformator punkti va 48,2 km uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari mukammal hamda joriy ta'mirlandi.

«Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari» AJ matbuot xizmati

Ko‘proq yangiliklar: