TIV: Turkiyadagi zilzila oqibatida O‘zbekiston fuqarolari jabrlanmagan

Jamiyat 13:45 / 28.09.2019 18269

O‘zbekistonning Istanbul shahridagi (Turkiya) Bosh konsulxonasi 2019 yilning 26 sentabr kuni mazkur shaharda sodir bo‘lgan zilzila oqibatida O‘zbekiston fuqarolarining jabrlangani to‘g‘risida ma'lumot kelib tushmaganini xabar qildi. 

Tashqi ishlar vazirligi ma'lumotida aytilishicha, Bosh konsulxona odatdagi tartibda ishlamoqda.

Turkiya vitse-prezidenti Fuat O‘qtayga ko‘ra, Istanbulda sodir bo‘lgan zilzila natijasida 34 kishi yaralandi, 473ta binoga shikast yetdi

«Zilzila oqibatida yaralangan 34 kishidan 10 nafari kasalxonada davolanishni davom ettirmoqda, 24 kishiga javob berildi. Zilziladan so‘ng 188ta aftershok qayd etildi, ularning eng kuchlisi 4,1 ballga teng bo‘ldi», - dedi u jurnalistlarga.

Yevropa O‘rta Yer dengizi seysmologiya markazining ma'lumot berishicha, payshanba kuni Turkiya g‘arbida 5,9 balli zilzila sodir bo‘ldi. Zilzila o‘chog‘i Istanbuldan 68 kilometr g‘arbda joylashgan.

Konsullik-huquqiy departamenti Turkiya, Bolgariya, Ruminiya hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari zarur vaziyatlarda mamlakatning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tgan: +90 212-323-20-37, +90 212-229-00-75.

Ko‘proq yangiliklar: