«Rejada bo‘lgan, lekin chiqarib tashlangan» - Popning ayanchli holatdagi yo‘llari va nemis asirlari qurganidan beri ta'mirlanmagan shifoxona haqida

Jamiyat 11:54 / 27.09.2019 34078

Namangan viloyati markazidan yo‘lga chiqib, To‘raqo‘rg‘ondan o‘tsangiz, Chust tumani boshlanadi. Chapga qayrilib, yana uzoq yo‘l yurib keyin yo‘lning o‘ng tomonidagi adirliklar asta-sekin, o‘sib-o‘sib tog‘larga aylana boshlaydi. Demak, Popdasiz.

Pop tumani markazidan 30-40 kilometr uzoqlikdagi aholi Parda Tursun qishlog‘i, deb atovchi, «Imom ota» MFY tomon borib, yarim yildan beri o‘z muammolarini arizalar va suratlarga olib jo‘natayotgan aholi vakillari bilan uchrashishimiz kerak edi.

Parda Tursun qishlog‘i, ya'ni «Imom ota» MFYga yaqin hududda - «Madaniyat», «Chorkesar» va «Bunyodkor» mahalla fuqaro yig‘inlari mavjud. Bu to‘rtta mahallani aholi umumiy nomda Parda Tursun qishlog‘i deb ataydi. 

Yozuvchi Parda Tursun mana shu hududdagi Chorkesar mahallasida dunyoga kelgan va ushbu hududga keyinchalik uning nomi qo‘yilgan.

Qishloqlar tog‘ oldiga joylashgani, bahavoligi, so‘lim tabiati sabab, bahor va yozda vodiy aholisi eng ko‘p dam olgani keladigan joylardan biri sanaladi. Bir so‘z bilan aytganda – turistik maskan.

«Bu yo‘llar, ko‘p qadim yo‘llardir..

Xizmat yuzasidan vodiyning deyarli barcha joylarini avtoulovda kezib yuramiz. Ishoning, avval ko‘rgan yo‘llarimiz Parda Tursunga borish yo‘li oldida «ravon yo‘l» ekan.

Tog‘ va adirliklar o‘rtasidagi, kuniga o‘n minglab odam mashinada bosib o‘tadigan yo‘lning ahvolini so‘z bilan ta'riflashning iloji yo‘q. Yo‘lning 30 kilometri xuddi birov ataylab chuqurlar qazib chiqqanga o‘xshaydi. Ishqilib haydovchimiz, «Qaytaylik, menga avtomashinam hali kerak bo‘ladi!», deb qolmasin degan xavotir ham paydo bo‘la boshladi.

Yo‘ldan o‘tayotgan haydovchilar kameramizni ko‘rgach, o‘zlari to‘xtab yo‘lning holatidan juda noroziliklarini bildira boshlashdi. «Zo‘rg‘a, birinchi, ikkinchi tezlikda yuramiz. Avtomashinalarimizning «xodovoy»lari tinimsiz ishdan chiqadi. Yaxshi, bizning «dod»imizni eshitadiganlar ham bor ekan. O‘n mingdan ziyod aholi tuman markaziga mana shu yo‘l ham deyishga arzimaydigan o‘nqir-cho‘nqirdan qatnab kelmoqda. Yo‘l qachon ta'mirlanganini yoddan chiqarib yuborganmiz. So‘nggi marta 30-40 yil oldin ta'mirlangan bo‘lsa kerak», deydi haydovchilardan biri.

Qishloqlar ichidagi yo‘llar bundan-da battarroq ahvolda. Undan aholi va bolalar har kuni maktab, bog‘cha tomon va turli kundalik yumushlarga qiynalib borib keladi.    

«Shu qishloqda yashayman. Yo‘llarimizning holati ko‘p yillardan beri juda yomon holatda. Aholiga juda qiyin bo‘lyapti. Rahbarlarning va'dasi beriladi, lekin ta'mirdan darak yo‘q. Nosoz yo‘llarni qishdagi holatida ko‘rmabsiz. Parda Tursunga yoz oylarida vodiyning har tomonidan o‘n minglab odamlar dam olgani kelardi. Xalqning tirikchiligi ham shu mehmonlarning orqasidan edi. Borgan sari mehmonlarning qadami ham ozayib ketdi. Sababi yo‘l o‘ta yomon ahvoldaligida. Bizga ham rahbarlar kelib amaliy yordam berarmikin?», deydi shu yerlik Halimboy Karimov.

Qishloqdagi xonadon egalari dam olgani keladigan mehmonlar uchun choyxonalar, so‘rilar tashkil etib, ularga xizmat qilish orqali tirikchilik o‘tkazishadi.

Yo‘llar bilan tanishgach, beshta mahallaga xizmat qiluvchi shifoxona tomon yo‘l oldik.

Bizni bu joyda muammosi yo‘llardan ham ko‘p bo‘lgan muassasa kutib turgan ekan.

Nemis asirlari qurgan shifoxona hali ham ta'mir ko‘rmagan

13 mingdan ziyod aholiga xizmat ko‘rsatuvchi tuman tibbiyot birlashmasining Chorkesar bo‘limidamiz. Shifoxona uch bo‘limdan iborat. Bolalar, kattalar, tug‘ruq va xo‘jalik hisobidagi bo‘lim. Jami 55 o‘ringa ega muassasa.

Shu yerda yashovchi keksalarning aytishicha, kasalxona 1955 yilda nemis asirlari tomonidan qurilgan ekan. Shifoxona binolari o‘sha qurilgandan keyin mana 74 yildan buyon biror marta ta'mir ko‘rmabdi. Sharoitlar ham o‘sha o‘tgan asrdagi holatda. Bemalol tarixiy obidalar qatoriga qo‘shish mumkin bo‘lgan binolar eskirib, xarobadan farqi yo‘q ahvolga tushib qolgan.

Shart-sharoitlar haqida gapirishning o‘zi qiyin. Oddiy qulayliklar – binolar ichidagi hojatxona, ichimlik suvi, isitish va sovutish tizimi yo‘q va bo‘lmagan ham. Xonalar ichidagi sovuq va issiq suv haqida ham shu gapni takrorlash mumkin. Bemorlar shifoxona chetidagi ochiq maydonga qurilgan, umuman sanitariya talablariga mos kelmaydigan hojatxonaga borishadi.

Bir so‘z bilan aytganda, shifoxonada tibbiy muolaja va davolanish uchun hech qanday sharoitning o‘zi yo‘q.

«Nabiramni olib yotibman. Sharoitlarga esa mana o‘zlaring guvoh bo‘lib turibsizlar. O‘ta eski binolar. Issiq suv ham, sovuq suv ham yo‘q. Hojatxona tashqarida. Xonalarning suvoqlari ko‘chib ketgan. Tibbiyot avvalo tozalik degani emasmi axir? Biz ham o‘sha televizorlarda ko‘rsatiladigan shifoxonalarni orzu qilib qolaveramiz shekilli», deydi Gulnoraxon Haydarova.

Qorong‘i yo‘lakdan yurib, navbatdagi palatada yotgan otaxon bilan suhbatlashdik. Eski karavotga o‘tirayotganimda, bemor «ehtiyot bo‘ling, karavot eski, ag‘darilmasin deb oyog‘iga g‘isht qo‘yganmiz», deya ogohlantirdi.

«Odamning rahmi keladigan sharoitda davolanyapmiz. Men yotgan karavot ham yiqilay deb turibdi. Yoshim yetmishda, ikkinchi guruh nogironiman. Qishloqqa shifoxona kerak. Borligi yaxshi. Lekin, bu yerda sharoit umuman yo‘q. Ta'miri, eski jihozlarini gapirmay. Hojatxona juda uzoqda. Qariyalar ba'zi hollarda yetib bora olmay ham qolyapti. 1956 yilda shu posyolka bilan birga kasalxona ham qurilgan. Nemislar bunyod etgan binolar o‘shanday turibdi. Biror marta ta'mirlanmadi. O‘tgan asrda bu yerda uran va marmar qazib oluvchi shaxtalar ishlardi.

Bunday sharoitda yashash uchun xalqning nima aybi bor bolam... Yo‘lning 10 kilometrini ham xalq o‘zi qurdi. Qolgani achinarli va nosoz. Og‘irroq kasal Pop markaziga texnikada mana shu yo‘llardan borishini tasavvur qiling. Hech bo‘lmasa, xalq uchun kasalxonani epaqaga keltirishsa bo‘lar edi. O‘zi 13 ming kishiga birgina kasalxona kamlik qiladi. Borida ham sharoit yo‘q», deydi Ismatilla Asadov.

Otaning oldidan chiqib yana bir bemor onaning oldiga kirdik. 35 yil muallimalik qilgan Muhabbatxon Abdullayeva kasalxonadagi sharoitlarni gapira turib, yig‘lab yubordi.   

Ko‘p sonli aholiga bir dona «Tez yordam» mashinasi xizmat qilar ekan. Ichimlik suvini tibbiyot xodimlari tashib kelishadi. Suvsiz tozalik, davolash, tibbiyot bo‘ladimi?

Shifoxonani uch nafar vrach va 60 nafardan ziyod hamshira o‘z kuchlari bilan toza va pokiza ushlab turishga urinishmoqda.

Hamshiralardan biri Durmina Umarovani zo‘rg‘a intervyu berishga ko‘ndirdik.

«11 yildan beri shu yerda ishlayman. Bemorlarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun shifokorlar yetarli, ammo sharoitimiz yo‘q. Binolarni o‘zimiz qo‘ldan kelganicha suvab, buyoq surtib ta'mirlaymiz. Hojatxona uzoqda, issiq suv tugul oqib turadigan ichimlik suvining o‘zi yo‘q. Binolarimiz qishda sovuq, yozda issiq. Qishda kasal ko‘payib ketadi. Bemorlarni asrash uchun xonalarga pechka yoqib qishdan chiqamiz. Boshqa qishloq, shaharlarga borib, kasalxonalarni ko‘rganimizda havasimiz keladi. Qachonlardir bizda ham shunday yaxshi sharoitlar bo‘lar, deb orzu qilib ishlab yuribmiz», deydi tibbiyot xodimi.

Chorkesar shifoxonasida oddiy tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan sharoitlar yo‘q.

«Muassasaga biror marta viloyat, tuman hokimlari, sog‘liqni saqlash mutasaddilari kelganmikin?», degan savol tug‘ildi.

61 maktab va sihatgoh muammolari

Hududda ishlab chiqarish deyarli yo‘qligi sabab, yoshlar asosan Rossiyaga ishlagani borishadi. Bir vaqtlar konlari, chorvachilik va davolash maskani bilan dong chiqargan qishloqda ish o‘rinlari yaratilishi juda dolzarb masala.

Yaqinda qurib bitkazilgan 61-maktabga bordik. Quruvchilar maktabda ishlarni yuz foizga bajarishmagan. Bu yerda ham ichimlik suvi yo‘q. Suvni tashib kelishar ekan.

Tog‘ oldiga joylashgan Sog‘liqni saqlash vazirligi tasarrufidagi sihatgoh ham yaqin 30 yildan beri ta'mir ko‘rmabdi.

Suvoqlari ko‘chib, yarim xaroba holatidagi binolardan sobiq ittifoq davrining hidi ketmagan. Qanday qurilgan bo‘lsa shundayligicha turibdi.

Tibbiyot xodimlari yaqin yillarda sanatoriy kapital ta'mirlanishi mumkinligini aytishdi. Ishqilib, ularning aytgani rost chiqsin...

Mutasaddi: «Shifoxona muammosini hal etish uchun mablag‘ yo‘q!»

Pop tumani hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Rustamali Ergashevga yuqoridagi muammoli holatlar bo‘yicha savol berdik.

«Pop tumanining «Imom ota», «Madaniyat», «Chorkesar» va «Bunyodkor» MFYlari tog‘ oldidagi aholi tarqoq yashaydigan hudud hisoblanadi. Og‘ir hudud.  

Chorkesardagi shifoxonaning bugungi holati bilan tanishmiz. Haqiqatdan ahvol juda yomon. Lekin, shifoxona joriy yil va keyingi 2020 yilga ham Dastur bo‘yicha ta'mirlanishga tushmagan. 2020 yilda Pop tumani markazidagi Markaziy poliklinika ta'mirlanadi. Chorkesar bo‘limining ta'mirlanishi katta mablag‘ talab qiladi. Rejada bo‘lgan, lekin chiqarib tashlangan. Sababi, mablag‘ yo‘q.

Yo‘l masalasiga kelsak, Pop tumani markazidan Parda Tursungacha bo‘lgan yo‘lni Jahon Banki kreditlari asosida 2019 yilning to‘rtinchi kvartalida ta'mirlash rejalashtirilgan. Ayni paytda «s'yomka» ishlari ketyapti. Yo‘l bo‘ladi.

Ichimlik suvi masalasi ham katta mablag‘ talab qiladi. Aholi ichimlik suvini buloqlardan olib kelib ichyapti. Bu muammo haqiqatda bor», deydi mutasaddi.

Yakun

Kun.uz ijodiy guruhi bir kun davomida yo‘l, shifoxona, maktab va sanatoriydagi muammolarni o‘rgana olishga imkon topa oldi, xolos.

Holbuki, Parda Tursun qishlog‘i va uning atrofidagi mahallalarda yashovchi aholini qiynab kelayotgan kelayotgan kamchiliklar juda ko‘p edi.

Fuqarolarning yaxshi hayot kechirishlari uchun sharoitlar haminqadar. Ish o‘rni yaratish, ijtimoiy obektlar holati, ichimlik suvi bilan bog‘liq muammolar esa eng dolzarblaridir.

Eng asosiysi, mazkur hududning ichki turizm uchun salohiyati zo‘r!

Aholi vakillarining hisob-kitob qilishicha, bir yilda Parda Tursun qishlog‘iga 200 mingga yaqin kishi dam olish uchun kelishi mumkin. Ajoyib tabiati, xushmanzara joylari bo‘lgan bahavo hududga mahalliy va xorijiy turistlar uchun - yo‘l, dam olish joylari, mehmonxonalar, tibbiyot maskanlari, kommunikatsiya va boshqa qulayliklar qurilsa mablag‘ ham yuzlab ish o‘rinlari yaratilishi tayin. Buning uchun kompleks reja zarur.

Pop tumani mutasaddilarining do‘ppini bir chetga qo‘yib o‘ylanadigan payti allaqachon yetib kelgan...

Kun.uz muxbiri Elmurod Ermatov,
Tasvirchi, Ahrorbek Yoqubjonov

Ko‘proq yangiliklar: