Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida tadbirkor ko‘p miqdordagi tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani ma’lum bo‘ldi, deb xabar bermoqda «Hududgazta’minot».
«Hududgaz Jizzax» GTF komplayens nazorat tuzilmalari, «G‘allaoroltumangaz» GTB va huquq-tartibot organlari xodimlari ishtirokida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Samarqand ko‘chasida yashovchi fuqaro xonadonida rudadan rangli metallarni ajratish uchun tabiiy gaz tarmog‘iga hisoblagichdan tashqari rezina shlang orqali ulanib, «zangori yoqilg‘i»dan noqonuniy foydalanib kelgan.
Holat yuzasidan dalolatnoma tuzilib, sarflangan tabiiy gaz hajmlari qayta hisob-kitob qilindi va 1 milliard 354 million so‘mlik zarar aniqlandi.
Mazkur noqonuniy holat bo‘yicha barcha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirildi.