Qashqadaryoda «tez tibbiy yordam» haydovchilari o‘z rahbaridan norozi

Jamiyat 20:54 / 27.09.2019 17595

Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasiga qarashli maxsus va tez yordam avtoxo‘jaligi haydovchilarining xo‘jalik rahbaridan noroziligi internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘ldi.

Ma'lum bo‘lishicha, ushbu muammo yuzasidan Qashqadaryo viloyat hokimi o‘rinbosari Sirojiddin Azizov sog‘liqni saqlash boshqarmasi vakillari bilan birgalikda muloqot o‘tkazgan va unda 200 nafarga yaqin haydovchi qatnashgan. Bu haqida viloyat hokimi o‘rinbosari biz bilan suhbatda tasdiqladi va muammo yuzasidan ma'lumot berdi.

«Asosiy muammo — rahbardan norozilik. Haydovchilar o‘zlariga nisbatan nohaqlik qilinayotganidan shikoyat qilishgan. Masalaga yechim topish maqsadida maxsus va tez yordam avtoxo‘jaligi haydovchilari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdik. Shu kunlarda xo‘jalik rahbarining ishda qolish-qolmasligi masalasi tegishli tashkilotlar tomonidan ko‘rilmoqda. Tez orada muammo yechim topadi», – deydi Sirojiddin Azizov.

Shuningdek, xo‘jalik haydovchilari kadrlar masalasida ham nohaqliklar bo‘layotganligi, qo‘shimcha ishchilar olishi oqibatida oylik maoshlari kamayayotganligidan shikoyat qilishgan.

Foto: Daryo.uz

Masalaga oydinlik kiritish maqsadida maxsus va tez yordam avtoxo‘jaligi kadrlar bo‘limi boshlig‘i Zarina Xoliqovadan izoh so‘radik, u esa mutasaddi boshliq ruxsatisiz hech qanday savolga javob berolmasligini bildirdi.

«Rahbarimiz «kim kelsa ham mening ruxsatimsiz biror ma'lumot bermanglar, deb tayinlagan. Shuning uchun sizning savollaringizga javob berolmayman. Boshlig‘imiz ruxsat berishi kerak», — dedi Z.Xoliqova.

O‘rganish davomida avtoxo‘jalik rahbari Naim Xalilov bilan suhbatlashishning imkoni bo‘lmadi. Telefon orqali bog‘lanishlarimiz javobsiz qoldi.

Avtoxo‘jalik bosh muhandisi Hamza Qodirovning bizga ma'lum qilishicha, avtoxo‘jalik rahbari N.Xalilovning sog‘ligi yomonlashib, shifoxonaga yotgan.

Mazkur masala yuzasidan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati rahbari Nuriddin Egamov biz bilan suhbatda bu holat prokuratura organlari tomonidan o‘rganilayotgani, yakuni bo‘yicha xulosa qilinishini bildirib o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, «Daryo» nashri Qashqadaryodagi «tez tibbiy yordam» haydovchilari o‘z rahbarlari ishdan bo‘shatilishini talab qilishayotgani haqida yozib chiqqan edi.

Foto: Daryo.uz

32 yildan beri haydovchilik qilayotgan Bo‘ri Suyarovning aytishicha, rahbariyatning nohaqligi jonga teggan. «Yaqinda oyliklarimiz oshdi. Endi xursand bo‘lgan paytimiz avtoxo‘jalik rahbariyati bitta avtomobilni boshqarayotgan 4 nafar haydovchi yoniga beshinchi haydovchini ham ishga olmoqda. Natijada oshgan oyliklarimiz yana kamaydi», — degan u.

«Kun.uz» ham voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,

Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: