«Simyog‘ochni ushlasangiz tok uradi». Popdagi muammolarga «ko‘milgan» qishloq

Jamiyat 11:07 / 23.09.2019 16201

Namangan viloyatining Pop tumani Mirobod qishlog‘ida istiqomat qiluvchi insonlar tahririyatga murojaat bilan chiqishdi. Murojaatda hududda hayot kechirish uchun talab etiladigan eng birlamchi sharoitlar ham mavjud emasligi aytiladi.

Vodiy safari davomida ushbu qishloqda bo‘lib, murojaatchilar bilan uchrashdik.

«Xo‘jayinlarimiz topgan pulni suvga sarflayapmiz»

Mahbuba Qurbonova: «Suv tanqisligi tufayli ba'zida qo‘limizni yuvgani qizg‘anamiz. Biz ham yaxshi sharoitda yashashni xohlaymiz. Ota-onalarning biri farzandiga pul bera oladi, biri berolmaydi. Shunday bolalar majburlikdan ariqda oqayotgan iflos suvdan ichib qo‘ymoqda. Natijada ichketarlar, boshqa kasalliklar chiqadi. Hozir biz na shaharlikka o‘xshaymiz, na qishloqlikka. Sharoitimiz yaxshimas, kamiga hamma narsani sotib olamiz. Tomorqada ekin ekolmaymiz. Suvni sotib olamiz, soliqlarni to‘laymiz. Bizdan bir necha marta kamchiliklarimiz haqida so‘rashdi. Aholi soni ko‘p bo‘lgani bilan bitta xonadonda nechta-nechta odam ishsiz. Xo‘jayinlarimiz topgan pulni suvga sarflayapmiz».

Begzod Norbayev: – «Falakning gardishi bilan bizning tumanga prezident maslahatchisi Umar Ismoilov aholi bilan uchrashish uchun kelgandi. Murojaatimiz natijasida bu yerga ishchi guruh kelgan, bizning qishloq suv, yo‘l va boshqa kommunal muammolar sabab 2018 yilda «Obod qishloq» dasturiga tushgan. Ya'ni, o‘tgan yili qishlog‘imiz obodonlashtirilishi kerak edi.

Hozir esa bu hududdagi ishlar «bajarilgan» deb aytilmoqda. Ba'zi hududlar ta'mirlangandir, lekin bizning qishloqdagi holatni o‘zingiz ko‘rib turibsiz. Elektr simyog‘ochlar avariya holatida, ichimlik suvi yo‘q. Ichimlik suvini sotib olamiz. Oldinlari bu yerlarda ham suv bo‘lgan. Bizning qishloqda 300 xo‘jalik istiqomat qiladi. Hozirda suv masalasi dolzarb. Ekinlarimizni chorvaga yedirib yubordik. Fonddan pul ajratilgan, lekin amalda hech ish yo‘q. Biz bu masalada bir necha marta murojaat qildik. Lekin viloyat hokimi ham, tuman hokimi ham haligacha ishlarni bajarishmayapti. Prezident maslahatchisi bizning rahbarlarga vazifani bergan. Lekin ular shu kungacha aldab kelishyapti. Suv va elektr o‘tgan yil hisobidan hal bo‘lishi kerak edi».

Soliya To‘rayeva: «Mahallamizda umuman sharoit yo‘q. Ichish uchun suvni pulga sotib olamiz. Ro‘zg‘or uchun suv ba'zida bo‘ladi, ba'zida bo‘lmaydi. Tomorqa ekinlarimizga-ku umuman suv yo‘q. Shunga qaramay suvga to‘lov talab qilishadi. Ilojimiz yo‘q, to‘laymiz. Hovlimizda hamma joy qurib yotibdi. Ekinlarimiz suvsizlikdan o‘smay qoldi».

«Simyog‘ochni ushlasangiz tok uradi»

Abduqahhor Otaboyev: «Elektr masalasini ham hal qilib beramiz deyishgandi, lekin qolib ketdi. Har kim o‘zi xohlagancha simyog‘och o‘rnatmoqda. Har kim nimani topsa shuni qo‘yyapti. Bularning hammasi avariya holatida. Ertaga yog‘ingarchilik boshlansa, bularga yaqinlashib bo‘lmay qoladi. Qo‘lingiz tegib ketsa, tok uradi. Ba'zilari yog‘ochdan bo‘lgani uchun, namgarchilikda buralib uyga tegib qolgan joylari bor. Ta'mirlab beramiz deyishgan. 2019 yil mart oyigacha bo‘lishini aytishgandi. Necha marta bordik. Mana, aytilgan muddatdan 5 oy o‘tib ketdi. O‘zi 2018 yil fevralda bu gap aytilgandi. Ular esa hujjatlarda hammasi bo‘lgan deyishmoqda».

«Maktabda bolalarga xonalar yetishmaydi»

Fayziniso Shomirzayeva: – «Yonimizda maktab bor. Maktab bolalar soni bo‘yicha yetarli talabga javob bermaydi. Bu maktabga stadion, sportzal, qo‘shimcha bino qurishni dasturga kiritilgani haqida aytilgan edi. Bu yil qurilishi bo‘lishini aytishgandi. Lekin haligacha hech kim kelmadi. Bolalarga xonalar yetishmaydi. Farzandlarimiz tarbiyasi uchun eng kerakli maskan bog‘cha bilan maktabdir. Talabga javob bersa, prezident aytganidek bo‘lsa, hammamizga yaxshi bo‘lardi. Hozir bu talabga javob bermaydi. Necha martalab kerakli joylarga yozdik ham, «bo‘ladi, tuzatamiz, olib kelamiz» degan javoblar berishadi. Dasturga kiritishni aytishadi, lekin shu kungacha aytilgan va'dalarning xech biri bajarilmadi. O‘lchash ishlarini bajarishdi, lekin ularni qayta ko‘rmadik».

Hokimlikdagi berilgan izohlar

Murojaatchilar bilan suhbatlashib, qishloqdagi holatlarni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rgach, bu muammolarni hal qilish qachonga reja qilingani bilan qiziqib, tuman hokimligida bo‘ldik. Bu joyda bizga hokimlik mutasaddilari tegishli mas'ul idora rahbarlarini chaqirishib, biz bilan uchrashuvni tashkil qilib berishdi.

Ahadjon Mirzaahmedov, tuman elektr tarmoqlar korxonasi boshlig‘i: «2021 yilgacha dastur qilingan bo‘lib, tumanimizda 77ta mahalla bor. Hamma ham o‘z mahallasi obod bo‘lishini xohlaydi. Lekin moliyalashtirish degan narsa bor. Qo‘yilgan har bir simyog‘och biz uchun yutuq. Bugun bitta xonadonda svet yaxshi yonadi. Qish mavsumiga hozirdan yaxshilashimiz kerak. To‘raqo‘rg‘on IES ishga tushsa, elektr energiyasidan muammo bo‘lmaydi. Siz aytgan simyog‘ochlar 2020 yilgi dasturga qo‘shilgan. 2019 yilning dasturida Yangichek, Bog‘ mahalla fuqarolar yig‘ini bor. Men ulardan olib Yangiyerga berib qo‘ya olmayman. Ularda ham holat yomon. Dasturning ijrosi biz uchun haqiqiy yutuq».

Ahadjon Mirzaahmedov

Sodirjon Bozorov, tuman xalq ta'limi bo‘limi rahbari: – «52-sonli maktabimiz 180 o‘rinli bo‘lib, hozirgi kunda 301 nafar o‘quvchi o‘qiydi. Koeffitsiyenti 1,7 ni tashkil qiladi. Bu maktab 25-maktabdan ajralib chiqqan. 3 kilometr masaofada 25-maktab joylashgan bo‘lib, bu maktab 710 o‘rinli va 1089 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Buning koeffisenti 5 ni tashkil qiladi. 52-maktabni 2021 yilga rekonstruksiya va qo‘shimcha bino qurishga taklif berganmiz. Mana prezident qarori bilan kollejlar maktablarga berildi. Bizning tumanda ham 4ta kollej xalq ta'limiga o‘tkazildi. Lekin aytilgan maktab bo‘yicha muammo yo‘q. 2021 yilga rekonstruksiyaga kiritilgan».

Suv bo‘yicha mas'ullar esa yig‘ilishda ekan. Shu sababli ular bilan telefon orqali suhbatlashdik.

Kamoliddin Norboyev, Pop qishloq ichimlik suvi unitar korxonasi rahbari: – «Shu kunlarda o‘sha joyni o‘rgandik. Truba, nasoslarga buyurtma qilganmiz. Xudo xohlasa, 3 kunda ishni boshlaymiz. Bungacha o‘sha quduqni tozalab, iste'molga yaroqli holga keltirgandik. Nasoslar o‘rnatilgan. Faqat mahallaning ichki tarmoqlari qolgan. Ichki tarmoqlarga buyurtma berilgan, trubalar kelishiga tarmoqlar tortamiz. 20 yil ishlamay turgan quduqni tashkilotimiz tomonidan kompressor qilib, tozalab ichishga yaroqli holga keltirdik. Sentyabrning o‘rtalariga qadar bu masalani hal qilamiz. Muammo bo‘lmaydi».

Murojaatchilar tomonidan e'tirozlar og‘ir ijtimoiy masalalar bo‘yicha bo‘ldi. Ular qandaydir to‘kis hayot talab qilishayotgani yo‘q. Shunchaki hayot uchun zarur ichimlik suvi, elektr toki va simyog‘ochlari, yetarli o‘ringa ega maktablar so‘rashmoqda. Hammasi yosh avlod uchun, farzandlar uchun so‘ralmoqda. Axir, yosh avlod bizdan ko‘ra yaxshi sharoitlarda ulg‘ayishi, bizdan ko‘ra baxtli bo‘lishi kerak emasmi?!

Bahodir Ahmedov

Ko‘proq yangiliklar: