«Aks holda eski hammom, eski tosligicha qolaveradi». Tibbiyot sohasidagi uchta muhim strategik muammo ma'lum qilindi

Jamiyat 12:42 / 22.09.2019 22004

Senatning Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasida Sog‘liqni saqlash vazirligining aholi reproduktiv salomatligini mustahkamlash bo‘yicha qilinayotgan ishlar mavzusidagi axboroti tinglandi.

Majlisni kuzatgan Kun.uz muxbirining xabar berishicha, unda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Umrzoqov soha bo‘yicha qator takliflarini bildirib o‘tgan.

«Mening meditsina sohasiga 15 yil umrim ketgan. Shuning uchun bu gapirilayotgan gaplar men uchun ham juda muhim.

Kuyib-pishib gapiryapmiz. Kuyayapmiz, lekin hali pishayotganimiz yo‘q. Bu borada uchta muhim strategik muammoni hal qilmasak, mana shu narsa 10 yildan keyin ham qaytarilaveradi.

Birinchisi, biz O‘zbekistonda ilk bor – kelinglar, keyingi yili hukumatga shu topshiriq qilib berilsa – tibbiy yordam va tibbiy xizmatning alohida-alohida miqdorini aniqlaylik. Shunga taalluqli qaror ustida ish boshlaylik. Har bir muassasaning o‘z ish miqdori bor. Ming afsuski, biz har kuni ish bilan bo‘lib, umumiy – yillik, oylik va kvartallik ish miqdorlarini belgilamayapmiz. Chunki talab yo‘q. Maosh ketyapti, lekin u ish bajarilyaptimi-yo‘qmi, biz tahlil qila olmayapmiz. Bugun ham masalan, 3-4 yillik muammolar bo‘yicha qilinayotgan ishlarning konkret tahlilini, yaxshi bo‘lyaptimi-yomonmi, baholay olmayapmiz.

Taklifimga kelsam. Mana, tibbiy yordamga budjet [2017 yilga nisbatan] ikki barobar ko‘paydi, deyilyapti. Agar tibbiy yordamning aniq miqdori bo‘lsa, uni to‘rt-besh barobar ko‘paytirsangiz ham, aniq ko‘rinib turadi. Hozir aniqlik yo‘q. Shu jumladan, tibbiy xizmatni – xususiymi, davlat-xususiy sherikchiligimi – mana shularga ham biz aniqlab belgilab bersak, bularning to‘lovlari, maoshlari, barcha moliyaviy xizmatlari ham yuksak darajaga ko‘tarilishi mumkin.

Ikkinchisi, kadr tayyorlashni hamma gapirib o‘tdi. Boya to‘g‘ri savol berildi: qancha kadr kerak o‘zi? Qaysi soha bo‘yicha qachon qancha kadr kerakligini bilmaymiz. Xullas, hamma vazirliklar, 182ta sohani qayta ko‘rib chiqyapmiz – ish miqdorini, normalarini, vaqt miqdorini. Faqat sog‘liqni saqlashga kelganda sal oqsayapmiz. Chunki tashabbus yo‘q. Mana, xalq ta'limi yoki boshqa sohalarga qaytadan ko‘rib chiqdik.

Meditsinada milliy normalarni kiritish vaqti keldi. Akusher-ginekologlar ko‘p deymiz, shu bilan birga yetishmaydi deymiz. Ularning normalarini, kelinglar, kamaytiraylik ozgina. Ularga ham sal yengillik tegsin», – dedi Umrzoqov.

Mehnat vaziri o‘rinbosari uchinchi taklif sifatida hamshiralar sonini oshirish kerakligi haqida gapirib, qishloqlarda yosh shifokorlarga tekin uy-joy berish taklifini ham kiritdi.

«Mana shu narsalarni hukumat qarori bilan yaqin yillarda joriy qilmasak, eski hammom, eski tos hali kamaymaydi», – deb xulosa qildi u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sog‘liqni saqlash vazirligining axboroti Senatda tanqidlarga sabab bo‘lgani xabar qilingan edi.

Ko‘proq yangiliklar: