Qashqadaryo viloyat Ichki ishlar boshqarmasiga qarashli yangi tashkil etilgan bo‘lim va bo‘linmalar boshliqlariga 10 ta yangi avtotrasport vositalari topshirildi. Bu xayrli tashabbus IIV tomonidan amalga oshirildi, deb xabar bermoqda Kun.uz’ga Qashqadaryo viloyat IIB matbuot xizmati.
Bu borada «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi qonun va prezidentning «Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta'minlashda ularning mas'uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
Prezident farmonida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida o‘tgan qisqa davr mobaynida ichki ishlar organlarida ko‘plab samali ishlar amalga oshirildi. Xususan, ichki ishlar organlarining ma'muriy va yordamchi bino va inshootlari mukammal ta'mirdan chiqarildi, yangidan qurilib foydalanishga topshirildi.
Imtiyozli shartlar asosida turar joylar, profilaktika xizmati xodimlari uchun xizmat uylari qurildi. Shuningdek, imtiyozli kreditlar asosida shaxsiy avtotransport vositalari olish tartibi yo‘lga qo‘yildi. Ichki ishlar organlari zamonaviy axborot komunikatsiya texnologiyalari bilan bosqichma-bosqich ta'minlab kelinmoqda.
Qarshi shahridagi «Vatanparvarlar» bog‘ida o‘tkazilgan tantanali tadbir davomida ta'kidlanganidek, ichki ishlar organlari barcha darajadagi bo‘linmalarining vazifa va funksiyalarini aniq belgilash hamda taqsimlash, tashkiliy-shtat tuzilmasini maqbullashtirish, kuch va vositalardan oqilona foydalanish yo‘lida bugungi kunda mutlaqo yangicha tizim amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Ya'ni, ichki ishlar organlarining markazlashgan boshqaruv tizimidan voz kechilib, joylarda, tumanlar markazlaridan uzoqda joylashgan eng chekka aholi punktlarida ichki ishlar bo‘lim va bo‘linmalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ushbu bo‘lim va bo‘linmalar aholi manfaatlariga xizmat qilib, ichki ishlar organlari oldiga qo‘yilgan har qanday vazifalarni bajarishga qodir davlat organi sifatida shakllanmoqda.
— Ichki ishlar tizimini yanada rivojlantirish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlardan biz soha xodimlari juda mamnunmiz, — deydi Qarshi shahri bo‘yicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 1-son ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Oybek To‘rayev. — Ushbu yangi xizmat avtomashinalari uzoq vaqt davomida tezkor-tergov guruhlarini zudlik bilan voqea joyiga yetkazib olib borish va ichki ishlar organlari oldiga qo‘yilgan boshqa xizmat vazifalarining o‘z vaqtida bajarilishini ta'minlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.