Kun.uz tanqidiga munosabat: «Urganchdagi uylar bilan bog‘liq muammo tez bartaraf etiladi»

Jamiyat 21:21 / 20.09.2019 2697

19 sentabr kuni Kun.uz saytida «Urganch shahridagi uylarning tomi ta'mirlanmay qoldi – tashqarida esa yomg‘ir-qorli kunlar eshik qoqmoqda» sarlavha ostida maqola berilgan edi

Xorazm viloyati hokimligi bunga o‘z munosabatini bildirdi.

«Xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkatlari to‘g‘risida»gi Qonunning 28 va 34-moddalariga asosan, 2019 yilning 28 martida «Urganch Shohruxbek kommunal servis» xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati boshqaruv raisi O. Bo‘ronov va «Eko invest stroy» MChJ rahbari S.Yunusov o‘rtasida Urganch shahar Jayhun ko‘chasi 42 va 44-uylarning fasad qismini ta'mirlash ishlarini bajarish bo‘yicha 1-sonli pudrat shartnomasi tuzilgan.

Shuningdek, Urganch shahar Jayhun ko‘chasi 42-uyning tom qismini mukammal ta'mirlash ishlarini bajarish bo‘yicha «Urganch Shohruxbek kommunal servis» xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati va «Qadam ota Mardona» MChJ rahbari F.Qadamov o‘rtasida 2019 yil 19 aprelda 2-sonli shartnoma tuzilgan.

O‘rganish davomida «Eko invest stroy» MChJ tomonidan Jayhun ko‘chasi 42 va 44-uylar fasad qismi ta'mirlangani aniqlandi. Ammo «Qadam ota Mardona» MChJ tomonidan Jayhun ko‘chasi 42-uyning tom qismini ta'mirlash bo‘yicha ishlar boshlanib, tomga yog‘och karkas o‘rnatilgan, profnastil bilan yopish ishlari esa oxiriga yetkazilmagani ma'lum bo‘ldi.

Shuningdek, uylarga kommunal xizmat ko‘rsatuvchi «Urganch Shohruxbek kommunal servis» xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati raisi O.Bo‘ronov tomonidan Jayxun ko‘chasi 42 va 44-uylarni ta'mirlash bo‘yicha shartnoma tuzishda xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatining ichki imkoniyatlari (moliyaviy ahvoli) hisob-kitob qilinmagani ham ma'lum bo‘ldi. 

Yaqin orada uylar qishki mavsumga tayyorlanib, aholiga qulay sharoit yaratib beriladi», - deyiladi Xorazm viloyati hokimligi matbuot xizmati xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: