Dilorom Toshmuhammedova: «Yoshlarimiz uchun to‘y – eng katta dunyoviy xursandchilik. Bu qadriyatni o‘zgartirish kerak»

Jamiyat 22:14 / 20.09.2019 14832

Bugun, 20 sentabr kuni Oliy Majlis Senatida “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qo‘shma qaror ijrosini ta'minlash bo‘yicha tuzilgan komissiyaning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi rahbari, senator Dilorom Toshmuhammedova masala yuzasidan o‘z fikr va takliflarini bildirdi.

«130ta tuman-shaharlarda yoshlarni turmushga tayyorlash bo‘yicha maktablar faoliyat olib boradi. 6ta yo‘nalish bo‘yicha o‘qitish ishlarini olib boramiz. Ularning qatoriga oila an'analari va tadbirlari yo‘nalishini ham qo‘shdik.

Yoshlarga to‘yning maqsadi nimaligi haqida tushuncha berishni rejalashtirganmiz. Ularga bilim olish, o‘z mahoratini oshirish muhimroq ekanligini uqtirishimiz lozim. Ortiqcha mablag‘i bo‘lsa, uni to‘y-hashamga emas, boshqa foydali ishlarga sarflashi, jumladan, ichki turizmga hissa qo‘shishlari mumkinligini singdirish zarur.

Ular to‘yni eng katta dunyoviy xursandchilik, deb o‘ylashadi. Vaholanki, boshqa xursandchiliklar ham bor hayotda. Butun dunyo yoshlari qaysi oliygohda o‘qish, kasbini puxta egallash haqida o‘ylashsa, bizning yoshlarimiz to‘yni qayerda o‘tkazish haqida bosh qotirishyapti. Bu nuqtayi nazarni, qadriyatlarni sekin-astalik bilan o‘zgartirishimiz kerak», deb fikr bildirdi Dilorom Toshmuhammedova.

Senator odamlarning to‘y borasidagi fikrlarini to‘g‘ri tomonga yo‘naltirish uchun Yaponiya tajribasini qo‘llashni taklif qildi. Unga ko‘ra, yapon oilalarida nizolar ko‘payib ketganda, bu muammoni yengillashtirish maqsadida TV orqali shu bo‘yicha satirik ko‘rsatuvlar tez-tez berilib borilgan.

«Balki hazil-mutoyiba orqali real muammolar ko‘rsatilsa, odamlar o‘zlari uchun xulosa chiqarib olgan bo‘lardi», deydi Dilorom Toshmuhammedova.

Ko‘proq yangiliklar: