Samarqand viloyati Past Darg‘om tumani markazi Juma shahridan o‘tuvchi 4R-46 — «Samarqand-Juma-Kattaqo‘rg‘on» avtomobil yo‘li yoqasidagi «Sifat kafolat fayzi» MChJ direktori G‘iyos Sulaymonov va «Juma avtoboshbekati» MChJ direktori Nizom Pirnazarovdan Kun.uz tahririyatiga murojaat kelib tushdi.
Murojaatchilarga ko‘ra, Juma avtoboshbekati va Shabboda to‘yxonasigacha bo‘lgan 4R-46 yo‘lining 330 metr masofasida Past Darg‘om tuman hokimi Shunqor Xudoyberdiyevning 2019 yil 6 sentyabrdagi 4396-Q sonli qarori bilan tadbirkor Manzura Kalanovaga yengil yig‘ma konstruksiyadan yasalgan zamonaviy tipdagi go‘zallik saloni, savdo do‘konlari va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi qurish uchun 33 sotix maydon ajratilishi ko‘zda tutilgan. Mazkur masalada o‘tkazilgan komissiya yig‘ilishi bayonnomasida, ajratilayotgan hududda hech qanday imoratlar va daraxtlar yo‘qligi ham qayd etilgan.
Holbuki, «Juma Avtoboshbekati» MChJ rahbari N.Pirnazarov shu yilning 28 avgustida Samarqand viloyat qurilish boshqarmasiga mazkur hududda qurilish ishlari olib borishi mumkin-mumkin emasligiga qiziqib, yo‘llagan murojaatiga viloyat bosh arxitektori B.Elmurodov tomonidan rad javob berilgan.
Biroq tuman hokimning yuqorida aytib o‘tilgan qarorini ushlab olgan yangi tadbirkor hududdagi ekilgan archalarni kesish bilan ishni boshlagan. Hali loyiha tayyorlamasdan, arxitektura loyiha topshirig‘ini tasdiqlatmasdan va tegishli organlardan ruxsat olmasdan!
Masalan, «Shabboda» to‘yxonasi egasi G‘.Sulaymonov 4R-46 avtomobil yo‘lining himoya zonasida 5-6 yil burun ushbu archalarni o‘zi ekkani, parvarishlab kelganini ta'kidladi. U ekkan archalar, noma'lum kimsalar tomonidan hech qanday hujjat taqdim etmasdan kesilib, noma'lum joyga olib ketilmoqda.
Voqea joyiga borganimizda archalarni kesib yuklayotgan ishchilarga duch keldik. «Daraxtlarni nega kesdingiz, kesish uchun ruxsatnoma bormi?» desak, «hokim aytdi, biz hokimning topshirig‘ini bajaryapmiz», degan javob qaytarildi.
Axir daraxt kesish uchun ekologiya bo‘limining xulosasi, tuman hokimining ruxsatnomasi kerak bo‘lmaydimi? Noqonuniy daraxt kesish uchun katta jarimalar nazarda tutilmaganmidi?
Boz ustiga, «Juma Avtoboshbekati» MChJ balansida bo‘lgan yer zaxiraga olinmasdan, hech qanday hujjatlar taqdim etmasdan boshqa tadbirkorga berib yuborilayotganini tuman hokimi qanday izohlar ekan?
Mabodo yo‘l chetidan bu uzun qurilma quriladigan bo‘lsa, to‘yxonani mayli qo‘ya turaylik, lekin avtoboshbekat, qurilayotgan boshqa binolarning oldi to‘silib, ularga eltuvchi yo‘l ham yopiladi.
Mo‘ljallayotgan uzun do‘konlar rastasi oldidan yuqori kuchlanishli elektr liniyasi, ostidan esa gaz quvurlari o‘tgani-chi? Bunday joyda qurilish ishlari olib borish mavjud me'yorlarga qanchalik mos?
Bizga G‘.Sulaymonov o‘ziga tegishli to‘yxonaning mutasaddi organlar tomonidan tasdiqlangan loyiha hujjatlarini taqdim etdi. Unga ko‘ra, Samarqand-Kattaqo‘rg‘on avtomobil yo‘lining markazidan 40 metr muhofaza zonasi tashlanib, so‘ngra qizil chiziqdan tashqarida bino va inshootlar qurilishiga ruxsat berilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi hududidagi avtomobil yo‘llarida xavfsizlikni ta'minlash va tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2011 yil 26 dekabrdagi №342-sonli qarorida umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari uchun xavfsizlik mintaqasi (qizil chiziqqacha bo‘lgan masofa) yo‘llarning toifalari bo‘yicha qurilish uchun ajratilgan yer tasmasi chegarasidan bizning holatimizda 3-toifadagi avtomobil yo‘llarida — 20 metr qilib belgilangan.
Tuman hokimi kelgusida kengayishi muqarrar bo‘lgan «Samarqand-Kattaqo‘rg‘on» avtoyo‘lining muhofaza zonasiga turizmni rivojlantirish vaji bilan nega daxl qilmoqda? Bu holda shaharsozlik normalari va qoidalari buzilmayaptimi?
Boz ustiga tuman hokimi Sh.Xudoyberdiyev M.Kalanovaga mazkur yer uchastkasini vaqtinchalik ajratib berish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoniga tayanyapti.
Chindan ham mazkur farmonning 2-ilovasi — 2019–2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini rivojlantirish Konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha 2019 yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasining 10-bandida Zamonaviy turizm kompleksini yaratish, respublikaga tashrif buyuruvchilar va aholining turizm xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish uchun har bir hududda Turizm infratuzilma obektlarini joylashtirishning bosh chizmasini ishlab chiqish va tasdiqlashni 1 iyungacha bajarish va bunga mas'ul etib, Qurilish vazirligi, «Yergeodezkadastr» davlat qo‘mitasi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, manfaatdor vazirlik hamda idoralar belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 30 aprelda «Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini doimiy foydalanishga berish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 3677-sonli Qarorida 2018 yilning 1 iyulidan boshlab yuridik va jismoniy shaxslarga tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini doimiy foydalanishga berish «E-IJRO AUKSION» yagona elektron savdo maydonchasida elektron auksion orqali amalga oshirilishi belgilangan edi.
Savol ketidan savol tug‘ilaveradi: Nega ushbu holatda Prezident qarorida belgilangan yangi qoidaga amal qilinmadi? Xo‘p, shu yerda shu narsa qurilishi kerak ekan, chindan ham nega yer kimoshdi savdosiga chiqarilmadi? Manzura Kalanovaga qaysi xislati uchun yer tanlovsiz ajratib berilmoqda?
Biz shu kuni ushbu savollarga javob topish uchun borib, Past Darg‘om tuman hokimligida bo‘lib, masala yuzasidan savollarimizga javob bera oladigan mutasaddini topa olmadik.
Kun.uz ushbu mavzu bo‘yicha jurnalistik surishtiruv ishlarini davom ettiradi va bu boradagi keyingi chiqishlarda viloyat va tuman mutasaddilarining fikrlari bilan qiziqib ko‘radi.
Shuhrat ShOKIRJONOV, Kun.uz muxbiri
Faxriddin HOTAMOV, tasvirchi-operator.