O‘zbekiston Respublikasi IIV Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi Giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurashish boshqarmasidan olingan ma'lumotga ko‘ra, 2019 yilning 11 sentabr kuni Sirdaryo viloyati IIB tezkor xodimlari boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari bilan hamkorlikda viloyatning Boyovut tumanida tezkor tadbir o‘tkazgan.
O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabariga ko‘ra, uning natijasida 1969 yilda tug‘ilgan A.B. 2 kg. 201 gr. marixuana giyohvandlik vositasini o‘z uyining tomorqasida saqlab kelayotganligi aniqlandi va ushbu giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil sifatida olindi.
Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 276-moddasi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi kunda tergov harakatlari olib borilmoqda.