Qarshidagi mahalla muammolari yechim topmadi: o‘quvchilar bu yil ham loy kechib maktabga qatnaydi(mi?)

Jamiyat 17:00 / 16.09.2019 13178

Kun.uz tahiriyatiga Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahridagi «Otchopar» mahallasidan murojaat yo‘llandi.

«Obod mahalla» dasturiga kiritilgan mahallamizda obodlikdan asar ham yo‘q. Hamma ishlar chala va rasvo. Endi yomg‘ir yog‘sa yana farzandlarimiz shunday loy ko‘chalarda maktabga qatnaydimi? Bizga shu masalada yordam bering», — deyiladi murojaatda.

Ushbu murojaatni joyida o‘rganib, mavjud muammolarni ko‘zdan kechirdik.

Ta'kidlash joizki, bu mahalladagi holat shu yilning aprel oyida ham o‘rganilgan edi va Kun.uz saytida «Loy ko‘chalar va xavfli simyog‘ochlar. Qarshidagi mahallaning muammolariga yechim bormi?» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi.

«Mahallamizdagi Mustaqillik ko‘chasining 5–22 kvartallari orasidagi yo‘llar botqoqqa aylandi. Farzandlarimiz uzoqdagi maktabga borib kelishga qiynalishmoqda. Sababi, bu yerda maktab ham, bog‘cha ham yo‘q. 3–4 kilometr naridagi maktabga qatnashga majbur. O‘zimiz yurishga qiynalayotgan bunday botqoq yo‘lda farzandlarimiz qanday yursin? Yana bir muammomiz bu elektr energiyasidir. Simyog‘ochlar talabga javob bermaydi. Shu yerdagi aholi pul yig‘ib, qo‘lbola qilib o‘rnatganmiz», — deya o‘z e'tirozlarini aytgandi Bekzod Sattorov.

O‘rganishlar davomida yo‘llar holati haqiqatan ham achinarli ekaniga guvoh bo‘lgandik, suv va loyga aylangan yo‘llardan maktabga qatnaydigan bolalar ahvolini his qilgandik.

Shuningdek, simyog‘ochlar juda past joylashgani va aholi uchun xavf tug‘diradigan darajadaligi, bu simyog‘ochlarni aholi o‘z mablag‘lari hisobiga qo‘lbola qilib o‘rnatib olgani ma'lum bo‘lgan edi.

Qizig‘i, mahallaning ushbu qismidagi aholi xonadonlari va ko‘chalar ustidan yuqori kuchlanishli elektr energiyasi tarmog‘i o‘tgan. Bu umuman mumkin bo‘lmagan holat. Yuqori kuchlanishli elektr energiyasi tarmog‘i sababli aholi doimo xavfda yashashga majbur. Aholiga qanday tartibda, qanday holatda bunday tarzda uy qurishga ruxsat berilgani, yer ajratilgani tushunarsiz holat. Xavfsizlik talablari umuman hisobga olinmagan.

«Albatta, aholi bildirayotgan e'tirozlar o‘rinli. Yo‘llar abgorligini ko‘rib turibmiz. Ammo mazkur mahalla shu yilgi «Obod mahalla» dasturiga kiritilgan. Dasturda mahallaning 11 kilometr ichki yo‘li ikkinchi chorakkacha muddatda ta'mirlanishi belgilab qo‘yilgan. Ayni vaqtda yog‘ingarchilik tufayli yo‘llarda ta'mirlash ishlarini olib borishning imkoni yo‘q. Simyog‘ochlar va yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘i ostiga uy va yo‘llar qurilishi masalasiga kelsak, bu holat shaharning avvalgi mutasaddilari aybi bilan yuzaga kelgan. Mumkin bo‘lmagan muhofaza hududidan uy-joy uchun yer ajratib berishgan. Tegishli hujjatlar tayyorlab berilgan. Aholi shu asosida uy-joylar qurishgan. Bunday holatga yo‘l qo‘yganlar tegishli javobgarlikka tortilgan. Endi esa butun mahallani ko‘chirishning imkoni yo‘q», — deya ushbu holatlarga izoh bergandi Qarshi shahar hokimligi qurilish bo‘limi mutaxassisi.

Mahalladagi xavfli simyog‘ochlar va yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘i haqida Qarshi shahar «Elektr ta'minot» korxonasi mutasaddisi Shuhrat Xudoyberdiyev bilan ham suhbatlashgandik.

«Aholi o‘zlari o‘rnatib olgan simyog‘ochlar korxona balansiga olinmagan. Ammo bu muammodan xabarimiz bor. Bu borada tegishli ishlar amalga oshirilmoqda. Yuklamani kamaytirish uchun dastur asosida qo‘shimcha transformator o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Simyog‘ochlarni almashtirish choralari ham ko‘riladi. Yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘iga kelsak, tegishli tartibda muhofaza hududi yer ajratilishida hisobga olinishi kerak edi. Haqiqatan ham bu holat mumkin emas va xavfsizlik talablariga javob bermaydi», — deya izoh bergandi mutasaddi.

O‘rganish davomida Qarshi shahar hokimligi mutasaddilari mahalladagi mavjud muammolarning ijobiy yechimi bo‘yicha va'dalar berishgandi. Ayrim masalalar manzilli dasturlarga kiritilib, muddatlari belgilangani ma'lum qilingandi.

Afsuski, takroriy murojaat asosida o‘rganish olib borganimizda berilgan va'dalar va'daligicha qolganiga, mahalladagi mavjud muammolarni hal etish uchun biror amaliy harakatlar qilinmaganiga guvoh bo‘ldik.

O‘sha ta'miri chala qolgan ko‘chalar yog‘ingarchilik kunlari suv va botqoqqa aylanishi muqarrar. Elektr energiyasi va xavfli simyog‘ochlar hali ham o‘sha holatda.

«Obod mahalla» dasturiga kiritilgan mahallada aholining e'tirozlari, norozi kayfiyati, chang ko‘chalar-u talabga javob bermaydigan simyog‘ochlardan boshqasini ko‘rmaysiz. Obodlik shumi?

Ushbu masala yuzasidan Qarshi shahar hokimining qurilish masalalariga mas'ul o‘rinbosari Ulug‘bek Avazovdan ham izoh so‘radik. Mutasaddi muammolarni bartaraf etish yuzasidan ishlar olib borilayotganini ta'kidladi.

Shu o‘rinda ta'kidlash joizki, Qashqadaryo viloyatida «Obod qishloq» va «Obod mahhalla» dasturlarini amalga oshirishda yetarlicha muammolar borligi ko‘zga tashlanmoqda. Bu aynan shu masalalarda tahririyatga yo‘llanayotgan murojaatlardan ham ko‘rinib turibdi.

Kun.uz Qashqadaryo viloyati, shahar va tumanlar hokimliklari mutasaddilari dasturlar asosida amalga oshirilayotgan loyihalardagi bu kabi muammolarga jiddiy e'tibor qaratishiga ishonch bildiradi va lozim bo‘lsa bu mavzuga yana qaytadi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
«Kun.uz» muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: