«Mehr». Televideniyeda o‘zbekistonliklarni Suriyadan qaytarish operatsiyasi haqida hujjatli film namoyish etildi

Jamiyat 11:38 / 16.09.2019 28283

O‘zbekiston televideniyesida maxsus kuchlar tomonidan Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga asosan 2019 yil may oyida o‘tkazilgan «Mehr» operatsiyasi haqidagi maxsus ko‘rsatuv namoyish etildi.

Mazkur hujjatli filmda jarayon ortida kimlar turgani, Prezident ushbu operatsiyani ishlab chiqishga qachon buyruq bergani haqida hikoya qilingan, televideniyeda ilk bor «Al-Hol» maskanida olingan tezkor tasvirlar ko‘rsatilgan, operatsiyani o‘tkazgan maxsus guruh rahbarining intervyusi havola qilingan.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga binoan Ramazon oyida — 2019 yil 30 may kuni 156 nafar o‘zbekistonlik maxsus reys bilan Suriyadan Toshkentga olib kelingan edi; ularning 107 nafari bolalar, 48 nafari ayollar edi.

Keyinchalik 142 kishi, jumladan, 47 nafar onaga eng kam oylik ish haqining 10 barobari va 95 nafar bolaga 5 barobari miqdorida moddiy yordam ko‘rsatilgani, uch nafar yetim bola Mehribonlik uyiga, yana uch nafari esa «Kichkintoy» bolalar uyiga joylashtirilgani ma'lum bo‘ldi.

Suriyadan qaytganlar 12 iyun kuni yashash joylariga yuborilgan, ular tinch hayotga qaytib, jamiyatga moslashishlari, ta'lim va ijtimoiy dasturlarda ishtirok etishlari uchun zarur sharoit yaratilib, boshpana va ish bilan ta'minlanishi aytilgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: