Toshkent havosi ifloslanalayotgan omillar va uni qanday qilib yaxshilash bo‘yicha Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘rganishi universiteti va Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti o‘rganish o‘tkazgan. Natijalari haqida iqlimshunos Erkin Abdulahatov VatandoshTV klubi tadbirida taqdimot qildi. Maqoladagi ma’lumotlar Abdulahatov taqdimotidan yig‘ildi.
Shamol karidorlari to‘sib qo‘yilgan
Daryo mavjud bo‘lgan daralarda shamol yo‘li karidori hosil bo‘ladi. Bu o‘z-o‘zidan shamolni chaqiruvchi suv obektlari hisoblanadi. Toshkent shahrida shamolning asosiy yo‘nalishlari shimoliy sharqdan, janubi g‘arbga tomon bo‘lgan. Bu yo‘nalishdagi shamol daryo irrigatsiya tizimining tartibli joylashuvi tufayli poytaxtda yig‘ilgan iflos moddalarni tashqariga olib ketgan.
![](https://storage.kun.uz/source/11/jUM9AkU-TUlMshYwpF26mrj_SzSa4MN1.jpg)
So‘nggi yillarda kanal va daryo bo‘ylarida, ya’ni muhofaza-mintaqa zonalarida qurilish obektlarining haddan tashqari oshib ketishi, shu bilan birga, atmosfera havo aylanishi jarayonlari shamol tezligi va shamol yo‘nalishini o‘zgartirgan. Natijada shaharda yig‘ilgan zahar tashqariga chiqib ketolmayapti.
Shamol yo‘nalishi va tezligi ham o‘zgargan
1950-80 yillarda shamol asosan Qibray, Keles tomon yoki Qozog‘istondan kirib kelgan. Va uning tezligi ham sekundiga 2-3 metr bo‘lgan. Bu shaharning 2 metr balandligida yig‘ilgan zaharli havo tashqariga chiqib ketish imkonini bergan.
2020 yilda esa shamol guli o‘z yo‘nalishini sharqqa, ya’ni Angren, Olmaliq, Ohangaron sanoatlashgan shaharlar tomonga o‘zgartirgan. Shamolning g‘arb, ya’ni Qozog‘istondan esishi ham kuchaygan. Qo‘shni hududdagi Chordara suv ombori atrofidagi sug‘oriladigan yer maydonlari o‘zlashtirgani hisobiga yerdan chang massalari ko‘tarilib, Toshkentga kirib kelyapti.
![](https://storage.kun.uz/source/11/GGezk3fWW3x-jmiK6ynlL6IYizY2_iOv.jpg)
O‘tgan asrda o‘rtacha yillik shamol tezligi 1,7 metr sekund bo‘lsa, hozir 1,4 metr sekundga tushib qolgan. Yarim metr sekund shamol tezligining pasayishi poytaxtga turli tomonlardan ifloslantiruvchi moddalarning kirib kelishi va shamolsiz kunlarning ko‘payishiga zamin yaratdi.
Oxirgi 15 va 5 yillik shamol gullarining solishtirilishiga qaralsa, shamol guli umuman o‘zgarib ketganini ko‘rish mumkin. Aynan aniq tomonlardan esish tamoyili yo‘q. Oxirgi 15 yillikdan g‘arb va sharqdagi sanoatlashgan shaharlar, Qozog‘istondan chang massalari kirib kelgan bo‘lsa, so‘nggi 5 yillikda janubi g‘arb, ya’ni Sergelidan ham changlar kirib kelishi boshlangan. Tezlik ham yuqori – 4 metr sekundni tashkil qiladi.
Yillar davomida zaharli moddalar oshishi
2017 yildan 2022 yilgacha O‘zgidrometning 13 statsionar postida chang, oltingugurt, uglerod oksidi, azot oksidi va fenol o‘lchangan. Statistikaga qaralsa, unda nafaqat chang, balki boshqa zaharli zarrachalar ham oshib borgan. Eng yuqori ifloslanishlar Mirzo Ulug‘bek, Mirobod, Sergeli va Yashnobod tumanlariga to‘g‘ri keladi.
Shuni eslatib o‘tish kerakki, agentlik statsionar postlari 2022 yilgacha PM2,5 VA 10 zarrachalarini qayd etmagan.
Shaharda yilning barcha mavsumlarida ifloslanish yuqori bo‘lmaydi. Kuz-qish oylarida ifloslangan kunlar ko‘proq bo‘ladi. Eng kuchli ifloslanish ko‘p kunlar yanvarda 19 kun, dekabrda 5 kun, oktyabr va noyabrda 1 kun ekani ko‘ringan. Nosog‘lom kunlar esa 39 kunni tashkil qilib, noyabr va dekabr oylarida ko‘proq takrorlangan.
![](https://storage.kun.uz/source/11/8zHDa-8AipH-sqxbRna4PmIXc2sxNL8M.jpg)
Tadqiqotda PM2,5 ning 2023 va 2024 yillik xaritasi ham ishlab chiqilgan. Ko‘rinadiki, 2023 yilda Yunusobod tumanida, 2024 yilda esa Olmazor tumanida eng yuqori ifloslanish kuzatilgan.
Ifloslanish manbalari
Ifloslanishning 36 foizi Qozog‘iston va boshqa hududlardan kirib keladigan tabiiy, 6 foizi qurilish va sanoat korxonalaridan chiqayotgan chang, 16 foizi avtomobil sektoriga to‘g‘ri kelgan.
Shuningdek, ifloslanishning yana bir yirik manbasi – 28 foizi qishda issiqlik markazlari va issiqlik stansiyalariga to‘g‘ri kelgan. 13 foizi esa og‘ir sanoat va yengil sanoatdan chiqadigan changlar sanaladi.
Shaharda qurilishlar oxirgi 7 yilda 2 barobarga oshgan. Yashillik 2016 yildan 2020 yilgacha 13 foizgacha kamayib ketgan. Va bu sirt yuza, qurilishdan 6 foiz chang ko‘tarilishiga sabab bo‘lgan.
Poytaxtda transport vositalari sonining ortishi ham atmosferaga chiqarilayotgan zararli moddalar miqdorini oshirgan. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining 2024 yil yanvar oyida bergan bayonotiga ko‘ra, 2023 yilda Toshkent shahrida bir kunda o‘rtacha 730 mingta avtotransport vositasi harakatlangan bo‘lsa, qo‘shimcha ravishda hududlardan 160 mingdan 300 minggacha avtotransport vositasi kirib kelgan. 2021 yilda transport vositalaridan atmosferaga 212,4 ming tonna ifloslantiruvchi moddalar chiqarilgan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 403 ming tonnaga yetgan, ya’ni 47,3 foizga oshgan. O‘zbek tadqiqotchilari avtotransportning asfalt sirt yuzasi bilan ishqalanishi natijasida ham havoga og‘ir mayda dispers zarrachalari chiqishi mumkinligini isbotlashgan. Avtomobil yonilg‘isi yonishidan ajralib chiqqan gaz ko‘rinishidagi tashlamalar hatto alsgeymer kasalligini keltirib chiqarishi xitoylik olimlar tomonidan tasdiqlangan.
Issiqxonalar 16 foizni tashkil qilgan.
Tumanlar uchun alohida yechimlar
Taqdimotda shahar tumanlari holatidan, har bir tuman uchun hudud xususiyatidan kelib chiqib yechimlar tashkil qilindi.
Markaziy hududlar (Yunusobod, Mirobod, Shayxontohur) uchun:
Har bir markaziy tumanda yashil hududlarni kengaytirish: turg‘unlar soniga nisbatan kamida 20 foiz ko‘kalamzorlashgan hudud bo‘lishini ta’minlash.
•Piyoda va velosiped yo‘laklarini kengaytirish. Masalan, Yunusobod yo‘nalishidagi yo‘llarning 15 foizini piyodalar zonasiga ajratish.
•Avtomobil harakatini cheklash orqali elektromobil infratuzilmasini joriy qilish.
Sergeli va Olmazor tumanlari uchun:
•"Yoshil belbog‘lar" yaratish: Sergelida sanoat zonalari atrofida 500 gektar maydonda qo‘shimcha daraxt ekish.
•Yog‘in suvlarini yig‘ish uchun maxsus sun’iy suv havzalarini qurish, ulardan daraxtlarni sug‘orish uchun foydalanish.
• Jamoat transporti tarmog‘ini kengaytirish, Sergeliga elektrobuslar va yangi tramvay yo‘nalishlarini joriy qilish.
•Fontanlar va shahar ko‘chalarida vodovoz bilan sup sepish yoki suv purkash ishlarini amalga oshirish.
Bektemir va Yashnobod tumanlari uchun:
•Bektemirdagi suv havzalarini rekonstruksiya qilish va tabiiy suv oqimini qayta tiklash.
•Yashnobodda ekoturizm markazlarini rivojlantirish uchun suv va yashil zonalar atrofida "ekologik bog‘lar" tashkil qilish.
•Suv tejovchi texnologiyalardan foydalanish va suvni tozalash infratuzilmasini yangilash.
Chilonzor va Uchtepa tumanlari uchun:
Har bir mahalla uchun chiqindilarni qayta ishlash markazlarini tashkil etish.
•Yashil hududlarni tiklash uchun keng ko‘lamli daraxt ekish aksiyalarini o‘tkazish.
•Turg‘un zonalar atrofida havo ifloslanishini nazorat qilish va toza energiyaga o‘tishni tezlashtirish.
•Fontanlar va shahar ko‘chalarida vodovoz bilan sup sepish yoki suv purkash ishlarini amalga oshirish.
Bundan tashqari, umuman hamma joyda qo‘llash kerak bo‘lgan mexanizmlar ham taklif qilindi. Bular:
—"Yashil makon" loyihasini kuchaytirish: Har bir tumanda 1000 gektar maydonda yashil hududlar yaratish (2045 yilgacha rejadagi vazifalarga muvofiq);
xiyobonlarda rayhon, yalpiz, lavanda, rozamarin ekish ishlarini kengaytirish kerak.
keng bargli daraxtlardan yong‘oq, o‘rik, gingko baobla, ignabargli daraxtlardan listvennisa va metosekvoya mandjurskaya ekish, ko‘chalarga esa pavloniya yaxshi yechim.
—Jamoatchilik va xususiy sektorni jalb qilish: ko‘kalamzorlashtirish va qayta ishlash loyihalarida xususiy investorlarning ishtirokini ta’minlash;
—Texnologik innovatsiyalar: IoT va GIS texnologiyalari asosida havo, suv va chiqindi monitoringi tizimlarini joriy etish.
— Barcha suv obektlarida xlorella suv o‘tlarini ko‘paytirish.