Andijon viloyati hokimi kuniga 300 kilogramm paxta terishga va'da bergan ayolga «Spark» sovg‘a qildi

Jamiyat 19:50 / 16.09.2019 36272

Paxta yig‘im-terimi oldidan Andijon viloyatining barcha tumanlarida hosilni sifatli va tez kunlarda yig‘ib olish maqsadida yig‘ilishlar bo‘lib o‘tdi. Viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligida o‘tkazilgan mashvaratlarda paxta terimiga tashkil qilingan otryadlarning tayyorgarligi tahlil qilinib, mavsumni namunali o‘tkazish bo‘yicha topshiriqlar berilgan.

Paxtaobod tumani, Uyg‘ur qishlog‘idagi «Sarvinoz-Parvoz» fermer xo‘jaligida o‘tkazilgan ana shunday yig‘ilishda terimchi ayollardan biri Olmaxon Husanova viloyat hokimiga oila a'zolari bilan kuniga 300 kilogrammdan paxta terishga ahd qilishganini aytgan.

«Mavsumda bor kuchimiz bilan mehnat qilib, oilamiz uchun «Spark» avtomashinasi olmoqchimiz», degan terimchi ayol.

«Terimchi opamiz, ikki o‘g‘li Rossiyada ishlashga ketganini, agar ular ham shu yerda bo‘lganida paxta terimida avtomashina uchun mablag‘ yig‘ishda qiyinchilik bo‘lmasligini aytdi. Shundan so‘ng, viloyat hokimi terimchi ayolga, kuniga 300 kilogrammdan paxta terishga va'da bergani uchun «Spark» avtomobili sovg‘a qilishini aytdilar. Shu kuni tuman hokimi Mahmudjon Bozorov va sektor rahbarlari Olmaxon Husanovaga viloyat hokimi sovg‘asini topshirishdi. Onasining sovg‘a olganini ijtimoiy tarmoqlar orqali ko‘rgan chet eldagi ikki o‘g‘li ham hozir uyga qaytib paxta yig‘im-terimida ishtirok etmoqda», deydi Paxtaobod tumani hokim o‘rinbosari, tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Odinaxon Hayitaliyeva.

Bu yil paxta yig‘im-terimiga tayyorgarlik bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining «2019 yil paxta hosilini yig‘ib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, 2019 yil hosili uchun yetishtirilgan paxta xomashyosini terib olishda,

qo‘lda terilgan 1 kilogramm paxta uchun birinchi terimda 800 so‘mdan, ikkinchi terimda 1 200 so‘mdan mehnat haqi to‘lash belgilangan.

Ko‘proq yangiliklar: