Odinaxon Muhammad Sodiq: “Har bir musulmon boshqa musulmonni o‘zidan ustun qo‘yishi kerak”. Muslimaat.uz veb-saytining hisobot anjumani xususida

Jamiyat 20:54 / 15.09.2019 29389

15 sentabr kuni Hilol-nashr nashriyot uyida muslimaat.uz sayti hamda Bintu Sodiq axborot-ma'rifiy kanalining “Sarhisob ─ 1440” hisobot tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda ayollar uchun diniy-ma'rifiy ma'lumotlar berib borishni maqsad qilgan mazkur internet resurslarning hijriy 1440 (milodiy 2018 yil sentabr ─ 2019 yil sentabr) yilda amalga oshirgan ishlari xususida ma'lumotlar taqdim etildi.

www.muslimaat.uz haqida

Foto: muslimaat.uz

Virtual tarmoqda islomiy bilimlarni tarqatish maqsadida Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf boshchiligida 2004 yilda muqaddas Islom dini haqida o‘zbek tilidagi ilk elektron resurs ─ www.islom.uz veb-sayti ishga tushirilgan edi. Foydalanuvchilari soni ortib, qamrovi kengayib borgani sari mazkur veb-saytning har bir bo‘limi alohida sayt tarzida ishga tushirildi, quran.uz, fiqh.uz, siyrat.uz kabi saytlarni birlashtiruvchi portalga aylandi.

www.muslimaat.uz sayti ham dastlab www.islom.uz portalining ayol-qizlarga oid ma'lumotlar uchun mo‘ljallangan bo‘limi sifatida ish boshlagan. Maqolalar soni va qamrovi ortib borganligi bois 2007 yilda alohida sayt sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. Shundan buyon mazkur saytga marhum Shayx Muhammad Sodiqning farzandlari Odinaxon Muhammad Sodiq boshchilik qilib kelmoqda. Mazkur sayt ayol-qizlarning hayoti uchun kerakli bo‘lgan barcha sohalarni qamrab olgan ma'rifiy internet resurs hisoblanib, unda ayollar muammolarini mutaxassislar ishtirokida hal qilishga ko‘maklashish maqsadida psixolog maslahati, pedagog maslahati, shifokor maslahati, huquqshunos maslahati, balog‘at bekati kabi interaktiv xizmatlar yo‘lga qo‘yilgan. Ayollarning diniy-shar'iy mavzudagi savollariga “Dinda savolim bor” bo‘limi orqali shaxsan Odinaxon Muhammad Sodiq javob berib kelmoqda. Veb-saytning “Hazratim” bo‘limida Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf xotiralariga bag‘ishlangan marsiya va e'tiroflar, “Islom dini nima?” bo‘limida boshlang‘ich diniy saboqlar, “Ayollar fihqi” bo‘limida ayollarga oid huquqiy masalalar, “Ruhiy tarbiya” bo‘limida Atoulloh Sakandariyning hikmatlari va ularga sharhlar Odinaxon Muhammad Sodiq tarjimalarida berib boriladi.

Shuningdek, sayt qoshida muslimalar uchun forum (forum.muslimaat.uz) tashkil qilingan bo‘lib, unda ayol-qizlar diniy-sha'riy va ayollar hayoti uchun ahamiyatli bo‘lgan mavzularda fikr almashadilar.

Hozirgi kunda saytda 7ta bo‘lim va 34ta rukn bo‘lib, 4000dan ziyod maqolani o‘zida jamlagan. Sayt 2014 yilda UZ milliy domeni internet festivalida “Fan va ta'lim sohasidagi eng yaxshi sayt” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib deb topilgan.

Foto: muslimaat.uz

Bintu Sodiq kanali xususida

Ijtimoiy tarmoqlarda ham muslimalar uchun kerakli axborotlarni tarqatishni maqsad qilgan Bintu Sodiq kanali hozirgi kunda Telegram, Facebook, Instagram, “Odnoklassniki” platformalarida o‘z faoliyatini olib bormoqda. Bu tarmoqlar orqali “Oshiqlar”, “Qur'on nashidasi”, “Shayx Butiy hikmatlari”, “Hikmatli dunyo”, “Ruhiy tarbiya”, “Bolalar uchun qirq hadis”, “Kun hadisi” nomli turkum suhbatlar, qiroatlar, hadislar berib boriladi. “Bilimsizlikning shifosi ─ savol” rukni ostida foydalanuvchilarning savollariga diniy, ilmiy asoslangan mufassal javoblar berib boriladi.

1440 yil sarhisobi

Hisobot tadbirida ma'lum qilinishicha, o‘tgan hijriy 1440 yilda muslimaat.uz  saytida yangi “Islohot sari” loyihasi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, O‘zbekistonda ayollarni qiynayotgan og‘riqli masalalar va ularning yechimlari xususida so‘z yuritiladi.

Saytda “Qoriyalar gulshani” ko‘rsatuvi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, unda o‘zbek qoriya ayol-qizlarining ibratli hayot yo‘llari yoritib boriladi. Sayt orqali “Umar ibn Xattob” seriali muntazam ravishda berib borildi. “Din nasihatdir” ko‘rsatuvi ham sayt foydalanuvchilarining e'tiboriga havola etib borildi.

O‘tgan yilda O‘zbekistonda ilk marotaba tanlov asosida saralangan qizlardan tarkib topgan “Munshidat” nashidachi qizlar guruhi tashkil etildi. Xalqaro aloqalar ham kengaytirildi, xususan, Rossiyadagi “Vasatiya” ilmiy-ma'rifiy markazi, “Aisha” psixologik markazi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Muslimalarni qiziqtirgan turli mavzularda 200dan ortiq maqolalar saytda e'lon qilindi.

Odinaxon Muhammad Sodiq: “Musulmonlar hozir mehrga, rahmatga muhtoj”

Foto: muslimaat.uz

Hisobot tadbirida muslimaat.uz sayti, Bintu Sodiq kanali, “Omina” elektron jurnali rahbari Odinaxon Muhammad Sodiq ham ishtirok etdi.

“Butun musulmon olamida musulmonlar qiyin jarayonlarni boshdan kechirishyapti. Bizning yurtimizda tinchlik, totuvlik bor. Lekin biz hozir bir-birimizning ma'naviy qo‘llovimizga muhtojmiz. Musulmonlar rahmatga, mehrga muhtoj. Biz hamma yordamni moddiylik bilan tushunmasligimiz kerak. Undan ham muhim bo‘lgan narsa ma'naviy madaddir. Ma'naviy jihatdan bir-birimizni qo‘llab-quvvatlaylik. Yangi hijriy yilda shunga e'tibor qaratishimizni istab qolardim. Islom dastlab kelganida johiliyat davrida quvvatsiz holda bo‘lgan bo‘lsa, sahobalarning bir-birlarini qo‘llab-quvvatlashlari orqali eng saodatli damlarga yetishildi. Biz ham har qanday tushkunlikdan chiqmoqchi bo‘lsak, avvalo shunga e'tibor qaratishimiz, o‘zimizdan ko‘ra boshqa musulmonlarni ustun qo‘ymog‘imiz kerak, shunda saodatli holga erishamiz. Islom avvalo insoniylik dini. Avvalo inoqlik, ittifoqlikni vujudga keltirib olishimiz lozim. Qilinayotgan yaxshilik, berilayotgan mehr hech bir vaqt samarasiz qolmaydi”, ─ deydi Odinaxon Muhammad Sodiq.

Shayx Muhammad Sodiq asarlarida ayollar mavzusi

Hisobot anjumani doirasida ayollar mavzusiga bag‘ishlangan yangi “Nozik hilqat” kitobining taqdimoti o‘tkazildi. Mazkur kitob Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning barcha asarlari, maqolalari, nutqlarida berilgan ayollar haqida ma'lumotlarning yaxlit bir jamlanmasi hisoblanadi. Zebunniso Qutbiddin tomonidan tuzilgan mazkur saylanmada ayolning Islomdagi huquqlari, oiladagi va jamiyatdagi o‘rni, ayol ruhiyati va jismiyatining o‘ziga xosligi hamda roviya ayollar haqidagi ma'lumotlar jamlangan.

Foto: muslimaat.uz

muslimaat.uz yangi tanlovlar e'lon qiladi

Anjumanda muslimaat.uz tomonidan muslima ayollar uchun 1441 yilda o‘tkaziladigan yangi tanlovlar e'lon qilindi. Tanlov to‘rt yo‘nalishda olib boriladi.

Birinchi yo‘nalish ─ “Har qadamda Allohning mo‘jizasi” nomli eng yaxshi fotosurat tanlovi. Bunda kundalik hayotda uchraydigan oddiy, lekin Allohning mo‘jizasiga ishora qiluvchi holatlarning fotosuratlari saralab olinadi.

Ikkinchi yo‘nalishi ─ “Ilm-ma'rifatda peshqadam ayol”. Ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan ayollar o‘zlari, ilmiy ishlari, kitoblari, shahodatnomalari  haqidagi ma'lumotlarni yuborishlari mumkin.

Uchinchi yo‘nalish ─ “Mohir ayol ─ oila baxti”. O‘z mohirligi bilan oilada, jamiyatda e'zoz topgan ayollar o‘z ijod namunalari, hayot yo‘llari xususida ma'lumotlarni yuborishlari mumkin.

To‘rtinchi yo‘nalish ─ “Malakali tarjimon, muharrir ─ muslimaat.uz xodimasi”. Bunda ayollar sayt ma'muriyati tomonidan taqdim etiladigan matnlarni tarjima, tahrir qilish, berilgan mavzularda maqola yozish orqali o‘z mahoratlarini namoyish etishlari, g‘oliblar yil yakunida muslimaat.uz ijodiy jamoasiga ishga qabul qilinishlari mumkin bo‘ladi. Tanlov shartlari haqidagi batafsil ma'lumotlar www.muslimaat.uz saytida e'lon qilinadi.

Ko‘proq yangiliklar: