14 sentabr kuni «Hilol-nashr» nashriyotida fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning navbatdagi kitobi taqdimoti o‘tkazildi. U kishining qalamiga mansub ushbu kitob «Olam va odam, din va ilm» deb nomlangan.
Taqdimot tadbiri an'anaga muvofiq Qur'oni karim tilovati va duoi xayrlar qilish bilan boshlandi. So‘ngra so‘zga chiqqanlar mazkur kitobning yozilish tarixi, unda ko‘tarilgan masalalar, jamiyat va inson hayotidagi ahamiyati haqida fikr-mulohazalarini bildirdilar.
«Olam va odam, din va ilm» muallifning vafotidan keyingi nashr qilingan to‘rtinchi kitobi.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning o‘g‘li Ismoil Muhammad Sodiq muallif hayotligida ta'lif va tarjima qilgan va vafotidan keyin nashr etilayotgan kitoblar haqida ma'lumot berdi.
«Ushbu kitob hazrat o‘zlari ta'lif qilgan, vafotidan keyin nashr qilingan to‘rtinchi kitob hisoblanadi.
Shuningdek, 2 ta tarjima kitoblari ham nashr qilingan. Bundan tashqari hali nashr qilinmagan 2 ta ta'lif va 13 ta tarjima — jami 15 ta kitoblari bor. «Islomda uch balo: Islom giyohvandlik, aroqxo‘rlik va kashandalikka qarshi» nomli kitobni o‘zlari ta'lif qilgan. Shuningdek, umrlari oxirida qazo va qadar nomli kitob ham yozgan. Tarjima kitoblardan aksari ulamolarning asarlaridan qismlarni masjid imomlari, madrasa mudarrislariga o‘tilgan darslar asosida tuzilgan. Xususan, ulardan biri Hakim Termiziyning «Nodir asarlar» va «Yangi hayot» deb tarjima qilingan «Muridlar odobi» kitoblaridir. Shuningdek, zamonamiz ulamolaridan bo‘lgan shayx Taqiy Usmoniyning «Zamonaviy fiqhiy muomalalar bahslari» deb nomlangan kitoblari ham hazrat tomonidan tarjima qilingan.
Hazrat bu kitobni 2014 yil 4 iyul juma kuni yozib tugatgan. Mana oradan besh yildan ziyod vaqt o‘tib ushbu kitob nashr qilindi».
Ustozimiz aytardiki, «Mening har kuni kitob yozishdan virdim bor».
Taqdimotda so‘zga chiqqan Hasanxon qori Yahyo Abdulmajid Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf suhbatlarida bo‘lgan ayrim xotiralari bilan bo‘lishdi.
«Ustozimiz aytardiki, qo‘lidan ish keladigan odam uyda tasbeh o‘girib o‘tirib qolmaydi. Zikrini qiladi-da, boshqa virdlarga o‘tadi. Masalan, boy odamning virdi sadaqa qilish; tolibi ilm bo‘lsa, uning virdi kitob o‘qish; olimning virdi esa kitob yozishdir.
Ba'zida kishilar biznikiga ham tashrif qiling deganda, agar uyda bo‘lsam bir kunda o‘n varaq kitob yozaman, der ekan.
Yana aytardilar, kishi bir vazifaga o‘rgansa, o‘sha ishi bitmasa uyqu kelmaydigan bo‘lib qoladi».
Ma'lumot uchun, vird deganda taqvodor musulmonning o‘ziga kunlik bajarishni belgilab olgan vazifasi tushuniladi. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning «Ruhiy tarbiya» kitobida vird haqida shunday deyilgan: «Kundalik virdlar va ularning tartibi deganda bugungi kunning ta'biri bilan aytganda, muridning kun tartibi ko‘zda tutiladi. Albatta, bunda muridning yoshi, ilmi, kasbi, shaxsi va boshqa barcha omillar hisobga olinadi».
Olam odam bilan obod, odam din bilan mukammal, din esa ilm bilan rivojlanadi.
Zokirjon domla ushbu kitob ahamiyati haqidagi o‘z fikrlarini shunday bildirdi:
«Olam odam bilan obod, odam din bilan mukammal, din esa ilm bilan rivojlanadi. Bu kitobning ahamiyati shundaki, matematikami, fizikami yo boshqa — ilmga kirib kelayotgan yoshlarni pul va mansabga qarab o‘tirmay, ilmiy ixtirolar qilishga «o‘qlab qo‘yadi».
«Har bitta iqtibosni o‘qiganda manbalarni qidirib topging keladi» — yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammad.
«Bu kitob muallifning uzoq yillik ilm o‘rganish, hayotiy tajriba va xulosalari samarasidir. Kitobni ma'lum tayyorgarliksiz o‘qib bo‘lmaydi. U nihoyatda ma'lumotu axborotga, mulohaza va iqtiboslarga boy kitob. Har bitta iqtibosni o‘qiganda manbalarni qidirib topgingiz keladi.
Ilmiy kitobning tabiati kitobxonni o‘qishga, fikrlashga, mushohadaga undaydi. Mazkur kitob ham xuddi shunday. Dunyo nimaga yaralgan? Din nimaga kerak va zururati nima? — Hammasi ilm, usiz hech narsa yo‘q. Ushbu kitobdagi oddiy bitta savolga berilgan javobning o‘zida qancha ilm bor», deya o‘z munosabatini bildirdi taniqli yozuvchi.