Honda S2000 modelining yubileyiga bag‘ishlangan maxsus tadbirda ushbu rodsterning tarixdagi ehtimol eng antiqa modifkatsiyasi taqdim qilindi. Gap shundaki, u to‘liq shaffof kuzovga ega. Ko‘rgazma ushbu ommabop modelning 20 yilligiga bag‘ishlangan va Yaponiyadagi Twin Ring Motegi trassasida o‘tgan. Shu yerga rodsterni yaratishda ishtirok etganlar ham kelgan.
Honda muhandislari shaffof S2000’ni ushbu tadbir uchun atayin yig‘ishgan. Kuzov orqali mashinadagi eng kichik detallarni ham ko‘rish mumkin. Bu sportkarning texnologik jihozlanishi darajasini namoyish qilishga imkon bergan.
Qayd etish joiz, avtomobil to‘liq ishchi holatda bo‘lib, seriyali modeldan faqat shaffof kuzovi bilangina farq qiladi. Biroq kompaniya vakillari mashinani iloji boricha kamroq ishga tushirishga harakat qilishlarini, chunki uni muzey uchun asrab qolishni istashlarini aytishgan. Bundan tashqari, bunday mashinani oddiy mashinaga qaraganda changdan tozalash ancha qiyinroqdir.
S2000 sportkari bozorda 10 yilcha sotilgan. 2009 yilda kompaniya rahbariyati uni ishlab chiqarishdan olishga qaror qilgan. Keyinroq modelning bir nechta maxsus versiyasi chiqarilgan.