2019 yilda Toshkent birinchi marta har yili 16-22 sentabr kunlari bo‘lib o‘tadigan va dunyoning 50ga yaqin mamlakat ishtirok etadigan Yevropa harakatlanish haftasining rasmiy ishtirokchisiga aylandi.
«O‘zbekiston temir yo‘llari» xabariga ko‘ra, Yevropa ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi ko‘magida Toshkent shahri hokimligi Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Yevropa harakatlanish haftasi doirasidagi tadbirlarning tashabbuskori hisoblanadi.
16-22 sentabr kunlari poytaxtda turli xil harakat usullarini targ‘ib qilish va ommalashtirish orqali aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan tadbirlar rejalashtirilgan. Tashkilotchilar poytaxt aholisi va mehmonlarini ikkita kampaniyada ishtirok etishga taklif qilmoqdalar:
Bepul metro kuni
2019 yil 19 sentabr, Toshkent metrosining barcha stansiyalari
Metrodan foydalanishni ommalashtirish uchun 19 sentabr kuni metroda sayohat bepul bo‘ladi. Shu kuni stansiyalardagi o‘tishlar musiqachilar, aktyorlar va boshqa ko‘ngilochar dasturlarning sahnasiga aylanadi. Aksiya tashkilotchilari poytaxt aholisi shu kuni o‘z mashinalarini qoldirib, ishxonalariga metroda borishga qaror qilib ushbu transport turining tejamkorligi va tezligini yuqori baholashadi, deb umid qilishmoqda.
Avtomobilsiz kun
22 sentabr, Toshkent shahri, Lutfiy ko‘chasi
22 sentabr kuni poytaxt aholisi va mehmonlari o‘zlarining mashinalarini tashlab, poytaxtning Uchtepa tumani, Lutfiy ko‘chasi bo‘ylab piyoda sayr qilishga taklif etiladi. Ishtirokchilar bayramona muhitdan zavqlanib, turli ko‘ngilochar va ma'rifiy tadbirlarda qatnashishlari uchun ko‘cha kun bo‘yi avtomobillar uchun yopiq bo‘ladi. Shu kuni shaharda harakatlanish, xavfsizlik, piyodalar, velosipedchilar va haydovchilar o‘rtasidagi o‘zaro hurmatning muhimligi mavzusida master-klasslar va mini-musobaqalar bo‘lib o‘tadi. Avtomobilsiz kun «Seul» bog‘idagi bayram konserti bilan yakunlanadi. Ushbu kun tadbirlari «Birga yuramiz!» shiori ostida o‘tkaziladi.