Qarshida quruvchi buziladigan uylar uchun kompensatsiya to‘lamasdan kelmoqda: bir necha oila arosatda qolgan

Jamiyat 14:44 / 14.09.2019 12549

Qashqadaryo viloyat markazi — Qarshi shahridan tahririyatimizga kelib tushgan murojaatni o‘rganish uchun shaharning «Qarshi» mahallasiga yo‘l oldik.

Bu yerda o‘tgan, aeroportga eltuvchi Maxtumquli ko‘chasi bo‘yida zamonaviy ko‘p qavatli turar joylar barpo etilgan. Turarjoylar barpo etilish asnosida aholining bir qavatli turar joylari «snos» qilingan va ularga Shoyxo‘ja massividan yer uchastkalari ajratilgan va kompensatsiya to‘lovlari to‘langan.

Biroq ishlar oxirigacha yetmay qolgan. Bizga hikoya qilib berishlaricha, ikkita uy «snos»ga tushgani bilan ular haligacha buzilmasdan, baholangan kompensatsiya pullarini ololmasdan turishibdi. Xonadonda yashovchilarga mikrofon tutganimizda ular o‘z dardlarini shunday bayon qilishdi:

«Uch yildan buyon bizning Qarshi shahri Ipak yo‘li ko‘chasida joylashgan «snos»ga tushgan uyimiz uchun kompensatsiya pulimizni berishmaydi. Qurilish va ta'mirlashga ixtisoslashgan «Qurbonov Vahob G‘aniyevich» xususiy korxonasi bu joyda ko‘p qavatli turar uy-joylar qurgan. Bizlarning xonadonlarimiz o‘rnida bolalar maydonchasi tushishi kerak. Biroq bizning uylarimiz buzilmasdan qolib ketdi. Holbuki Qarshi shahar hokimligi buziladigan uylarimiz o‘rniga Shoyxo‘ja massividan yer maydonlari ajratib berishgan. Uch yildan buyon na yangi uy qura olamiz, na bu eskisini ta'mirlay olamiz», — dedi Muqaddas Rayimova.

«Uylarimiz atrofida qurilish ishlari amalga oshirilgani bois uylar chuqurlikda qolib ketdi. Gaz, svet, suvdan uzilgan. Yomg‘irli kunlarda hovlilarimiz, uylarimiz ichi suvga to‘lib ketdi. Bu uyda uchta ovsin oilamiz bilan istiqomat qilamiz. Sovuq kunlarda juda-juda qiynalyapmiz. Quruvchi garchi sudda bizga to‘rt marta yutqazgani bilan, hanuzgacha kompensatsiya pulimizni bermasdan, turar joy uchun bolalar maydonchasi qurmasdan hammani sarson qilib yuribdi. Chopa-chop qilganimizdan so‘ng 60 milliondan ziyod pul plastik kartochkaga tushirib berildi. Yana 100 milliondan ortiq mablag‘imiz turibdi. Lekin bu uyimizning uch yil oldingi narxlarda baholangan narxi. Bugungi kunda bu pullarga hech narsa qilib bo‘lmaydi», — dedi Shohista Shomamatova.

Darhaqiqat, Qarshi tuman hokimligi fuqarolar tomonidan da'vogar bo‘lib sudga to‘rt marta murojaat qilib yutgan, biroq uch yildan buyon turarjoyni qurgan quruvchi Vahob Qurbonov tomonidan kompensatsiya to‘lovlari hanuzgacha to‘liq to‘lanmasdan kelmoqda.

Ko‘rganingizdek, ayni paytda ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirilgan. Bu yerda aholi istiqomat qilmoqda. Quruvchining eshagi loydan o‘tib bo‘lgan. Endi sud qarori bo‘lsa-da quruvchi uy egalariga kompensatsiya to‘lashni paysalga solib kelmoqda. Uylar uch yil avval baholatilgan. Narxlar esa yildan yilga oshib bormoqda. Quruvchi kompensatsiyani qachon to‘lamoqchi. Kompensatsiya puliga bitta xo‘rozqand olish mumkin bo‘lgandami?

«Qarshi» mahallasi turg‘unlarining aytishicha, Qarshi shahar Majburiy ijro byurosi ham sud qaroriga ko‘ra kompensatsiya to‘lovlarini undirib berishni paysalga solmoqda. Fuqarolar respublikagacha chiqib rahbarlarga o‘z dardini aytib bo‘lishgan. Biroq mutasaddi tashkilotlar va davlat xizmatchilari bu muammoni hal qilishdan ojiz qolishmoqda.

Uy egalariga kompensatsiya pullari to‘lanadimi-yo‘qmi? Ular tokaygacha bu ahvolda yashashadi? Qarshi shahar MIB sud qarorini nega ijro etmayapti? Kun.uz bu savollarga javob kutib qoladi.

Shuhrat ShOKIRJONOV, Kun.uz muxbiri.
Faxriddin HOTAMOV, tasvirchi.

Ko‘proq yangiliklar: