Past Darg‘omdagi «Metan zapravka»da qing‘irlik aniqlandi

Jamiyat 15:55 / 13.09.2019 11038

Samarqand viloyati Past Darg‘om tumanidagi Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasi Majburiy ijro byurosi tomonidan tekshirilganda katta miqdorda zarar yetkazilgani aniqlangan.

Past Darg‘om tumani Majburiy ijro byurosi bo‘limi tomonidan tegishli soha mutaxassislari bilan hamkorlikda “Juma” gaz taqsimlash stansiyasida joylashgan avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasida o‘rnatilgan elektron gaz hisoblagich xotirasidagi ma'lumotlar o‘rganilgan.

Tekshirishlarda elektron gaz hisoblagich parametrlariga tashqi ta'sir ko‘rsatilganligi natijasida 2019 yilning 1 aprelidan 2019 yilning 10 aprel kuniga qadar bosimlar farqi bo‘yicha kam ko‘rsatayotganligi aniqlangan.

Shuningdek, bu holat bo‘yicha elektron gaz hisoblagich xotirasidagi ma'lumotlar elektron arxiv ma'lumotlarining o‘zgartirishlarni qayd etish jurnalidagi ma'lumotlarda ham tashqi ta'sir ko‘rsatilganligi tasdiqlangan.

Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasida o‘rnatilgan elektron gaz hisoblagich uskunasi ishlashiga ruxsatsiz tashqi aralashuv bo‘lganligi isbotini topdi. Buning oqibatida esa gaz hajmi noto‘g‘ri hisob-kitob qilinib 156 ming 839 metr/kub hajmdagi tabiiy gaz ishlatilgan. Natijada davlat manfaatlariga 88 mln. 401 ming so‘mlik zarar yetkazilgan. Qilmishini anglab yetgan mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbarlari yetkazilgan zararni to‘liq to‘lab berishdi, deyiladi MIB axborot xizmati ma'lumotnomasida.

Ko‘proq yangiliklar: