Kun.uz saytida «Buxoro ixtisoslashtirilgan madaniyat maktab-internatida nimalar bo‘lmoqda?» sarlahali maqola e'lon qilingan edi.
Unda Buxoro shahridagi ixtisoslashtirilgan madaniyat maktab-internatidagi rahbar va pedagogik jamoa o‘rtasidagi ziddiyatlar, ta'lim maskanidagi nosog‘lom muhit jurnalistik surishtiruv asosida tanqid ostiga olingan edi.
Ayni vaqtda tanqidiy maqoladan so‘ng madaniyat maktab-internatida vaziyatni yaxshilash bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda. Bu haqida viloyat hokimligining buxoro.uz saytida ma'lum qilindi va munosabat bildirildi.
«Kun.uz saytida e'lon qilingan «Buxoro ixtisoslashtirilgan madaniyat maktab-internatida nimalar bo‘lmoqda?» sarlavhali material ijtimoiy tarmoqda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Gap shundaki, ushbu ta'lim dargohining bir guruh o‘qituvchi va xodimlari tomonidan mutasaddi idoralarga murojaat yo‘llangandi. Unda ta'lim maskanida nosog‘lom muhit yuzaga kelgani, maktab internati rahbari tomonidan turli qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yilayotgani, jamoaga tazyiq o‘tkazilayotgani va qo‘pol muomalada bo‘linayotgani bayon etilgan.
Ushbu tanqidiy maqolaga nisbatan viloyat madaniyat boshqarmasi quyidagicha munosabat bildirdi:
«Holat yuzasidan viloyat madaniyat boshqarmasi tomonidan mutaxassislardan iborat ishchi guruhi tuzilib, ushbu murojaat atroflicha o‘rganib chiqildi.
Buxoro ixtisoslashtirilgan madaniyat maktab-internati rahbarligini vaqtincha bajarish vakolati respublika Madaniyat vazirligi buyrug‘i asosida shu paytgacha ushbu dargohda o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari vazifasida ishlab kelgan Nodira Rajabovaga yuklatilgan.
Dastlab u malakali kadr-rahbar sifatida o‘ziga yuklatilgan vazifani sidqidildan bajarib kelgan. Jumladan, dargohda yangi Xalq cholg‘ularidan iborat bo‘lgan milliy cholg‘u ansambli va orkestri, maqom ijrochiligiga asoslangan «Meros» ansambli, «Chorzarb» folklor-etnografik ansambli tashkil qilingan. Maktab-internatning viloyat miqyosida o‘tkaziladigan madaniy-ma'rifiy tadbirlardagi ishtiroki kengaydi. Shunga qaramasdan, maktab-internatida ichki nosog‘lom muhit shakllangan. Bu yerda yoshlarga saboq beradigan o‘qituvchi mutaxassislar ikki guruhga bo‘linib qolgani oqibatida kelishmovchilik yuzaga kelgani o‘z isbotini topdi.
Ta'lim maskaniga 2017 yildan buyon rahbarlik qilib kelayotgan Nodira Rajabova joriy yil may oyida lavozimidan ozod etilgan edi. Buxoro viloyat madaniyat boshqarmasi rahbari Yo‘ldosh Genjayev tomonidan yangi tayinlangan direktor jamoaga tanishtirildi. Ammo oradan bir kun o‘tib «ba'zi sabablar»ga ko‘ra, yangi rahbar ishlashdan bosh tortdi va Nodira Rajabova yana direktor vazifasini vaqtincha bajaruvchi sifatida ishini davom ettirmoqda.
E'tiborli jihati, maktab-internatidagi ahvol ijtimoiy tarmoqda muhokamalarga sabab bo‘lishidan ancha oldin viloyat madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Yo‘ldosh Genjayev bevosita mazkur maktab-internatida bir necha marta bo‘lib, o‘qituvchilar bilan uchrashib, nosog‘lom muhitga barham berish borasida qator tushuntirish ishlarini olib bordi. Ammo natija bo‘lmadi. Ishchi guruhi tomonidan o‘rganish natijalariga muvofiq, Nodira Rajabova ish faoliyati davomida nazoratni susaytirib yuborib, vakolat doirasida ishlarni tashkil etmagani, o‘quv jarayonlari nazoratsiz qoldirilgani oydinlashdi.
Kun.uz saytidagi maqoladan so‘ng maktab-internatiga respublika Madaniyat vazirligidan mutaxassis-vakil, ya'ni Ta'lim muassasalari va tarmoqlarini metodik ta'minlash boshqarmasi boshlig‘i jalb qilinib, ahvol mutasaddilar ishtirokida joyida muhokama etildi.
Shundan so‘ng viloyat madaniyat boshqarmasi tomonidan respublika madaniyat vazirligiga Buxoro ixtisoslashtirilgan madaniyat maktab-internati rahbari va uning o‘rinbosarlari lavozimiga nomzodlar taqdim etildi.
Bundan ko‘rinadiki, tez kunda ushbu ta'lim muassasasidagi muhit mutlaqo o‘zgaradi, unga yangi mutasaddilar tayinlanishi ta'lim sifatini yuqori bosqichga ko‘taradi. Demak, tez kunda Buxoro ixtisoslashtirilgan madaniyat maktab-internatidagi muhit mutlaqo o‘zgaradi», – deyiladi ushbu munosabatda.