Televideniyeda «Mehr» operatsiyasi tafsilotlari haqida hujjatli film efirga beriladi

Jamiyat 22:20 / 11.09.2019 14209

13 sentabr kuni soat 20:20da «O‘zbekiston 24» telekanalida O‘zbekiston tarixida ilk bor o‘tkazilgan «Mehr» nomli tashqi insonparvarlik operatsiyasi tafsilotlariga bag‘ishlangan hujjatli film efirga beriladi.

Unda «mutlaqo maxfiy» muhri bilan olib borilgan operatsiya jarayoni bilan tanishib, Suriyadagi «Alhol» lageridan lavhalarni tomosha qilish, bu operatsiyani o‘tkazgan maxsus guruh rahbarining ma'lumotlari va unda ishtirok etganlarning hikoyalarini tinglash mumkin. 

Joriy yil Ramazon oyida O‘zbekistonning 156 nafar fuqarosi Suriyadan qaytarilgandi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga binoan «Mehr» insonparvarlik operatsiyasi doirasida 30 may kuni maxsus reys bilan Toshkentga olib kelingan 156 kishidan 107 nafari bolalar, 48 nafari ayollar edi. Ular dastlab Toshkent viloyatidagi barcha sharoitlarga ega sanatoriyga joylashtirilgan, bu yerda aldov oqibatida o‘zga yurtga borib qolib, og‘ir hayotiy davrni boshidan o‘tkazgan bu insonlarning  shaxsiy hujjatlarini tiklash, ijtimoiy nafaqalar to‘lash choralari ko‘rilgandi. 

142 kishi, jumladan, 47 nafar onaga eng kam oylik ish haqining 10 barobari va 95 nafar bolaga 5 barobari miqdorida moddiy yordam ko‘rsatildi. 3 nafar yetim bola «Mehribonlik» uyiga, 3 nafari «Kichkintoy» bolalar uyiga joylashtirildi. 2 nafar bola o‘zining qarindoshlariga vasiylik tariqasida rasmiylashtirilib berildi. Rossiya fuqarosi bo‘lgan bir ayol va uning 4 nafar bolasi vataniga qaytarilgungacha reabilitatsiya qilish markaziga joylashtirildi. Bir kishi shifoxonada davolanmoqda.

Suriyadan qaytganlar 12 iyun kuni tongda viloyatlardan kelgan hokim o‘rinbosarlari kuzatuvida yashash joylariga yuborildi va kunning ikkinchi yarmida yashash manzillariga yetib bordi. Ularning tinch hayotga qaytib, jamiyatga moslashishlari, ta'lim va ijtimoiy dasturlarda ishtirok etishlari uchun zarur sharoit yaratilib, boshpana va ish bilan ta'minlandi.

Ko‘proq yangiliklar: