«Go‘sht narxi yana qimmatlashadi» - Vodiyning uch viloyatidagi go‘sht narxi haqida

Jamiyat 20:39 / 08.09.2019 202457

So‘nggi vaqtlarda «Go‘sht yana qimmatlabdimi?», degan savol ko‘p yangramoqda. Mutaxassislarning fikricha, go‘sht organizm va oziq-ovqat ratsioni uchun eng kerakli mahsulotlardan biri hisoblanadi. Yoshi, jinsi, bajaradigan ish faoliyatiga qarab bir odam kuniga kamida 100 grammdan go‘sht iste'mol qilib turishi kerak. 100 gramm miqdoridagi go‘sht bilan inson organizmiga kerakli darmondori, oqsil, uglevod va mineral moddalar kirib turadi.

Bolalar taomnomasiga ularning yoshiga qarab kuniga 60-70 gramm go‘sht mahsuloti kiritilishi kerak. Go‘sht va go‘shtdan tayyorlangan mahsulotlarda (go‘shtli taomlar) imkon qadar yog‘i kamroq va aminokislotali tarkibi sifatliroq go‘shtlardan foydalanish lozim. Inson organizmining go‘sht mahsulotlari, oqsilga bo‘lgan talabi katta. Oqsil moddasi kamligi esa kattalar va bolalarda turli kasalliklarga sabab bo‘ladi.

Bir so‘z bilan aytganda, inson organizmi uchun kunlik ratsionda albatta go‘sht bo‘lishi kerak. Go‘sht qimmat bo‘lsa, aholi uchun ma'lum qiyinchiliklar yuzaga keladi va uni xarid qilishga imkoniyat pasayadi.

Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarini aylanib, aholi har kuni iste'mol qiladigan go‘sht mahsulotlari narxi bilan qiziqdik. Shuni aytib o‘tish lozimki, vodiyda go‘sht asosan mahalla guzarlaridagi qassobxonalar, dehqon bozorlardagi go‘sht pavilonlari va savdo do‘konlarida sotiladi. Lahm va suyak aralash kilolab sotiladi. Suyaksiz go‘shtning narxi alohida.

Narxlar

Namangan viloyati hududida ro‘zg‘orbop, kundalik olinadigan lahm va suyak aralashgan go‘shtning narxi 48-50 ming so‘m. Bozorlarda 45 ming so‘m. Bayram munosabati bilan tashkil qilingan yarmarkalarida 38 ming so‘mdan sotilmoqda.

Farg‘ona viloyati tuman va shaharlarida narx 50 ming so‘m, bayram yarmarkalarida 38 ming so‘m. Qo‘qon shahrida esa 50-55 ming so‘mga chiqqan.

Andijon viloyati tuman va shaharlarida 48-50 ming so‘m. Dehqon bozorlarida narxni mo‘'tadil ushlashga harakat qilishyapti. Pavilonlarda 40 ming so‘m atrofidagi narx yorliqlarini ko‘rasiz. Yarmarkalarda esa 35-38 ming so‘m.

Shu o‘rinda so‘qim (boqilgan mol) va sigir go‘shtining narxi 10 ming so‘m atrofida farq qilishini ham aytib o‘tish lozim.

O‘tgan yili xuddi shu paytda go‘shtning narxi bugungiga nisbatan ancha arzon edi.

Chorvachilik mahsulotlari qimmatlashishi tabiiy holat

Hokimliklar go‘sht narxini pasaytirish uchun go‘sht sotuvchilardan narxlarni tushirishni talab qilishadi. Lekin ular bu harakatlari bilan narxlar yanada ko‘tarilishiga sabab bo‘lishadi, xolos. Hokimliklar aslida go‘sht narxini pasaytirish uchun emas, balki o‘z holida ushlab turishi uchun ham eng qiyin sohaga e'tiborni qaratishlari lozim.

Vodiyning eng usta chorvador fermer xo‘jaliklari rahbarlari bilan gaplashib bir xil javob oldik: «Nega qimmatlashmasin? Energiya resurslari, yem-xashak, ozuqa, yoqilg‘i, deyarli barcha narsaning narxi oshdi. Bu holatda narx ko‘tarilishi tabiiy holat. Narx hali yana oshadi».

Xo‘sh, bozorda narx qachon tushishi mumkin? Qachonki, o‘sha mahsulot bozorda ko‘p bo‘lganida. Ma'lumki, bozor iqtisodiyotida narxni bozor belgilaydi. Davlat narxni tushirish uchun bozorda go‘sht qimmatlashgan payt chorvachilik fermer xo‘jaliklaridagi bo‘rdoqilarni so‘yib bozorga olib chiqib yoki tovuq va baliq mahsulotlari hajmini ko‘paytirib natijaga erishishi mumkin. Bugungi kunlarda esa chorvachilik mahsulotlari narxini ushlab turish uchun esa yem-ozuqa bazasini ko‘paytirib uning narxini tushirishni o‘ylash kerak.

Veterinariya va chorvachilik davlat qo‘mitasidan olingan ma'lumotlarga ko‘ra, hozirda Andijon viloyatida 230ta, Namangan viloyatida 235ta chorvachilik fermer xo‘jaliklari mavjud ekan. Farg‘ona viloyati bo‘yicha statistik ma'lumotlarni aniqlashning imkoni bo‘lmadi. Nima bo‘lganda ham aholi zich yashaydigan hudud uchun bu raqamlar juda ozlik qilishi aniq.

Afsuski, mazkur xo‘jaliklarda boqilayotgan chorva soni qanchaligi haqida aniq ma'lumot yo‘q...

Chorvadorlar bilan suhbatlashsangiz yem-xashak uchun yer maydonlari yetishmasligi va sohaga e'tibor zarurligi haqidagi bir xil hasratni eshitasiz: «Chorvaga yem-xashak yetishtirish uchun eng past bonitetli yer maydoni beriladi. Yaxshi yerlar paxta va g‘allaga ajratilgan. Qiziq, axir paxta-g‘alla yaxshi hosil bermagan nobop joyda ozuqabop ekinlar, makkajo‘xori, yo‘ng‘ichqa va boshqa o‘simlik ham bo‘lmaydiku?».

Aholi dasturxoni uchun kerakli mahsulotlar yetkazib beruvchi sohaga nahotki e'tibor shu bo‘lsa?

Chorvachilik dehqonchilikdan ko‘ra murakkab soha

Aslida, ikki sohani solishtirish noto‘g‘ri. Har birining o‘ziga xos mashaqqati bor. Biroq xalqimizda «Deqonchilik bir yilda, chorvachilik qirq yilda bo‘ladi», degan naql bor. Dehqon yerga ekadi va bir yil hosil oladi. Chorvachilikda esa boshqacharoq. Bitta buzoqni boqib, undan nasl olib, chorva qilib, mahsulot olish uchun yillar kerak bo‘ladi.

Sohaga ko‘p yillik aniq rejalar va imtiyozlar zarur. Imtiyozli kreditlar va subsidiyalarsiz esa samaraga erishish qiyin.

2018 yilning yozida vodiyda kunjara narxi 3200 so‘m, chigit po‘stlog‘i narxi 2500 so‘m, presslangan somon 10 ming so‘mga ko‘tarilgandi. Fermer xo‘jaliklari va xonadonda bo‘rdoqi yetishtirgan chorvadorlar qiynalishdi va foyda ko‘rishmadi. Tabiyki, foyda ko‘rmagan aholining qoramol yetishtirishga qiziqishi kamaydi.

Ayni paytda kunjaraning narxi 2500 so‘m, chigit po‘stlog‘i narxi esa 2300 so‘m. Biroq go‘sht narxi ko‘tarilgan. Bunga sabab, chorvadorlar o‘tgan yilgi qiyinchiliklar oqibatida mol boqishni kamaytirishgan. O‘tgan yilgi qiyinchiliklar bu yilgi narxga ta'sir qilgan.

Vodiy chorvadorlarining ozuqaga yer maydoni ajratilmayotgani haqidagi murojaatini o‘rgangani chiqqanimizda tuman hokimlari bu sohaga «o‘gay» munosabatda bo‘layotganiga guvoh bo‘lamiz.

Qaror ijrosi bilan... 

2019 yilning 18 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Chorvachilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ 4243-sonli Qarori qabul qilindi.

Qaror chorvachilik tarmog‘ini jadal rivojlantirish, xalqimizni arzon va sifatli go‘sht va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlash, ayniqsa qishloq joylarida istiqomat qilayotgan fuqarolarning bandligini oshirish va daromadlarini ko‘paytirishda muhim o‘rin tutadi.

Mazkur qarorning 5-bandida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariga ozuqabop ekinlar yetishtiruvchilar tomonidan lalmi va yaylov yerlar o‘zlashtirilgan taqdirda, ularga chorva mollarini saqlash (fermalar), shu jumladan energiya manbalari uskunalarini o‘rnatish va ularni kelgusida ekspluatatsiya qilish hamda boshqa turdagi infratuzilma obektlarini qurish uchun yer uchastkalarini istisno tariqasida, to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuman hokimlarining qarorlari asosida ajratib berilishini ta'minlash, shuningdek, uning 6-bandida chorvachilik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan fuqarolarga ozuqabop ekinlar yetishtirish uchun har bir shartli bosh chorva mol uchun 0,5 gektardan tuman hokimliklari zaxirasidagi bo‘sh, lalmi va yaylov yer uchastkalarini 2 yil muddatda haqiqiy daromad manbaiga aylantirish sharti bilan doimiy yoki uzoq muddatli ijaraga berish vazifasi topshirilgan.

Umuman olganda mazkur hujjatning har bir bandi amalga oshiriladigan bo‘lsa, soha rivojida katta o‘sish bo‘ladi.

Buyog‘i joylardagi mutasaddilarning qarorning mazmun-mohiyatini tushunib, sidqidildan ijro etishlariga bog‘liq...

Kun.uz muxbiri, Elmurod Ermatov

Ko‘proq yangiliklar: