Oqdaryo tumanida davlat xizmatchilari ish joyida pichoqlab ketildi

Jamiyat 22:37 / 07.09.2019 153733

6 sentabr kuni Samarqand viloyati Oqdaryo tuman hokimligining qishloq xo‘jaligi bo‘limiga noma'lum shaxs kelib uch nafar xodimni kuppa-kunduz kuni ishlab turgan joyida pichoqlagan. Bu haqda Kun.uz tahririyatiga 7 sentabr kuni xabar kelib tushdi.

Voqeaga aniqlik kiritish maqsadida Kun.uz xodimlari Oqdaryo tumanida bo‘ldi. Tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli shoshilinch tez yordam bo‘limi boshlig‘i D.Qurbonov 6 sentabr kuni jarohat olib shifoxonaga keltirilgan bemorlar haqida ma'lumot berdi.

Ma'lum bo‘lishicha, jabrlanuvchilardan biri — Oqdaryo tuman qishloq xo‘jalik bo‘limi iqtisodchisi, 1963 yilda tug‘ilgan J.R. haqiqatan ham 6 sentabr kuni soat 19:20da sanchilgan jarohat va bo‘yin sohasi yuzaki kesilgan jarohat bilan yotqizilgan. O‘sha kuni bemorning ahvoli og‘ir bo‘lgan. 7 sentabr kuni bemor jonlantirish bo‘limidan palataga o‘tkazilgan.

Shuningdek, shu kuni soat 18:55da chap yelka sohasi kesilgan jarohat bilan N.Sh, soat 20:15da qorin oldingi qismi kesilgan jarohat bilan U.X. shifoxonaga qabul qilingan. Ularning ahvoli og‘ir bo‘lmagani sababli ayni vaqtda ularga javob berilgan. Surishtiruv davomida mazkur bemorlar ham Oqdaryo tuman hokimligi qishloq xo‘jalik bo‘limida joylashgan binoda bank xizmati ko‘rsatib kelayotgan «Agrobank» tuman filiali xodimlari ekani aniqlandi.

Oqdaryo tuman ichki ishlar bo‘limi vakillari mazkur voqea bo‘lganini tasdiqlab, ayni vaqtda hodisa yuzasidan tergov ishlari davom etayotgani, tergov tugagach hodisaning yangi tafsilotlari taqdim etilishini ma'lum qildi.

Hodisaga guvoh bo‘lgan, tuman qishloq xo‘jalik bo‘limi boshqa xodimlari voqea tafsilotlarini so‘zlab berishdi.

Guvohlarning aytishicha, uch nafar davlat xizmatchisiga hujum qilgan shaxs Oqdaryo tumani qishloq xo‘jalik bo‘limiga oyoqda turolmaydigan darajada mast holatda kirib kelgan va bundan barcha sarosimaga tushib qolgan. Qo‘lida yig‘ilib ochiladigan pichog‘i bo‘lgan bu shaxs avval ikki nafar bank xodimiga hujum qilgan, keyin tuman qishloq xo‘jalik bo‘limi iqtisodchisini ko‘rib qolib, unga ham tashlangan, avval kuraklari orasiga, iqtisodchi koridorga qochib chiqqach, uning qorin qismiga ham pichoq urgan. Guvohlar yaqin o‘rtadagi IIB xodimini chaqirishgan va hujum qiluvchi shaxs qo‘lga olingan.

Jinoyat sodir etilgan joy, bank xizmati xonasi tashqarisi va qishloq xo‘jaligi bo‘limi iqtisodchisi J.R.ning xizmat xonasida qon dog‘larini ko‘rish mumkin.

Voqea guvohlari bu ishni shu tumanda yashovchi fermer B.A. mast holatda sodir etganini ma'lum qilishmoqda. Shuningdek, guvohlar va jabrlanuvchilarning yaqinlari voqeaga sabab bo‘lgan turli omillar haqida o‘z taxminlarini bildirishmoqda. Ammo tahririyat tergov harakatlariga ta'sir qilishi, taxminlar ishni chalg‘itishi mumkinligini hisobga olib, ularni hozircha oshkor qilmaydi.

Oqdaryo tuman hokimligi axborot xizmati mazkur voqea yuzasidan munosabat bildirib, bo‘lib o‘tgan hodisani hokimlikka yoxud unga bo‘ysunuvchi tashkilotga qarshilik emas, balki bir mast kishining aroq ta'sirida qilgan ishi, deb baholanishini ma'lum qildi.

Anvar MUSTAFOQULOV, O‘tkir JALOLXONOV ,

Kun.uz muxbirlari.

Ko‘proq yangiliklar: