«Oila a'zolari otaning ko‘z o‘ngida o‘ldirilgandi» - Ishtixondagi mudhish qotillik bo‘yicha sud majlisidan lavha

Jamiyat 14:11 / 07.09.2019 166831

Ishtixondagi mudhish qotillik, bir oilaning besh nafar a'zosi o‘ldirib ketilgan jinoyat ishi yuzasidan bo‘lib o‘tgan sud majlisida bayon etilgan voqealar tafsiloti sud majlisida o‘tirgan ishtirokchilarni titratib yuborgani rost.

6 sentabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudida Oliy sud sudyasi Ikrom Muslimov rahbarligida o‘tgan sud majlisida hukm o‘qib berildi.

Aniqlanishicha, Ishtixon tumani Qumqo‘rg‘on qishlog‘ida yashovchi G‘.Tashanov qo‘shnisi A.Xolboyevning uzum yetishtirib, mayiz tayyorlab sotish bilan shug‘ullanishidan xabardor bo‘lgani holda bu xonadonda yashovchi barcha oila a'zolarini qasddan o‘ldirib, pul mablag‘larini qo‘lga kiritishni rejalashtirilgan.

2019 yil 14 may kuni G‘.Tashanovning xonadonida uning hamtovoqlari jami to‘rt kishi yig‘ilgan. Jinoyat izlarini yashirish maqsadida ustlaridan qo‘shimcha kiyimlar va voqea joyida barmoq izlarini qoldirmaslik uchun qo‘llariga qo‘lqoplar kiyib olishgan. Jinoyat quroli sifatida 35 santimetrdan 85 santimetrgacha uzunlikdagi bir nechta temir buyumlarni olishgan.

Soat 22:30 lar atrofida Xolboyevning uyi oldiga borib atrofni kuzatishgan. Xolboyev va uning oila a'zolari uxlashganiga ishonch hosil qilgach, 14 maydan 15 may kuniga o‘tar kechasi soat 00:30larda jinoiy guruh a'zolari oyna o‘rnatilmagan deraza orqali hovliga kirib, hovlidagi bir kishilik karavotda uxlab yotgan, 2002 yilda tug‘ilgan Xolboyevning o‘g‘li I.A., hovlidagi so‘rida uxlab yotgan, 1974 yilda tug‘ilgan (Xolboyevning turmush o‘rtog‘i) X.Z. va oilaning yana bir o‘g‘li – 2014 yilda tug‘ilgan, voyaga yetmagan I.O.ni oldindan kelishib olinganidek, uyg‘onib qarshilik ko‘rsatmasligi uchun bir vaqtning o‘zida barchasini o‘ldirish maqsadida ularning yuz va bosh qismlariga temir bilan qayta qayta urishadi.

Bu qotillik shovqin-surondan uyg‘onib, hovliga chiqqan xonadon egasi Xolboyevning ko‘z o‘ngida, o‘ta shafqatsizlik bilan amalga oshiriladi. Xolboyev o‘ziga hujum qilmoqchi bo‘lgan bosqinchilardan birining ko‘kragiga tepgan, biroq uning ikki nafar sherigi yetib kelib temir bilan Xolboyevning ham yuz va bosh qismiga urib o‘ldirishgan.

Jinoyatchilar er-xotin va ularning ikki nafar o‘g‘li vafot etganiga ishonch hosil qilishgach, pul va boshqa qimmatbaho mulklarni izlashga kirishgan va xonalardan biridagi sandiqdan 22 million so‘m va 100 AQSh dollari topishgan.

Uyushgan guruh a'zolari pullarni izlash uchun yotoqxonaga kirishganida uxlab yotgan, 1998 yilda tug‘ilgan J.I. ni ko‘rib qolishgan va uni ham uxlab yotgan joyida yuz va boshiga qo‘llaridagi temir bilan bir necha marta urib, o‘ldirishgan. Jasadlarni ko‘rpalarga o‘rab, marhumga tegishli «Damas» avtomashinasiga yuklab, qo‘shni Qo‘shrabot tumanidagi adirga tashlab ketishgan.

Mazkur voqea sodir etilgan kundan boshlab ko‘pchilikni bir savol qiynab keladi: Bu darajada vahshiylikka sabab bo‘lgan narsa nima? Qanday qilib to‘rt nafar yigit shu darajaga yetib keldi? Bu masala Samarqand viloyati hokimi ishtirokida ham muhokama qilingandi.

«Bu o‘ta mudhish voqelik barchamiz uchun sharmandali holat. To‘rt nafar yosh yigitlarning pul ilinjida besh kishining qotiliga aylanishi tasavvur qilish qiyin bo‘lgan holat. Ming afsuski, ana shu tasavvur qilib bo‘lmaydigan fojia siz-u bizning ko‘z o‘ngimizda ro‘y berdi. Odam bolasining shunchalik vahshiylikka borishini xayolga keltirishning o‘zi dahshat. Buning ildizi, avvalo, odamlarning bir-biriga befarqligi, atrofda bo‘layotgan voqea-hodisalarga e'tiborsizligiga borib taqalmoqda. «Sen menga tegma, men senga tegmayman», degan qarash mana, nima oqibatga olib keldi. Axir Chimqo‘rg‘onda ham mahalla bor, oqsoqollar bor. Profilaktika inspektori, uning yordamchisi faoliyat ko‘rsatadi. Nahotki, mahallada hech kim odamlarning bir-biriga bunday munosabati shakllanganini sezmagan?..», — degandi viloyat hokimi Erkinjon Turdimov.

Joriy yil 24 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi alohida muhim ishlar bo‘yicha katta tergovchisi Erkin Xayrullayev jinoyatchilar qanday tutilgani haqida Kun.uz’ga ma'lumot bergan edi. Mahalla oqsoqoli, faollarning fikrlari o‘rganilib tahlil qilindi. Aksariyat faollar yoshlarning bu darajaga borganini ilmsizlik, ma'naviyatsizlikning ayanchli oqibati bilan ravishda bog‘lagandi.

Mazkur jinoyat ishini ko‘rib chiqqan sud tarkibi a'zosi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi Erkin Ergashev ham jinoyatni keltirib chiqargan ayrim omillarni sanab o‘tdi: «Ishni ko‘rish jarayonida jinoyat sodir etilishiga sabab bo‘lgan, turtki bo‘lgan shart-sharoitlar atroflicha ko‘rib chiqildi. Sudlanuvchilar asosan nafs balosi, oson pul topish istagi bilan harakat qilganliklari ma'lum bo‘ldi. Qolaversa, Tashanov va qo‘shnisi Xolboyev bilan o‘rtalarida bir necha yildan buyon davom etib kelayotgan suv taqsimlash hamda yerlar o‘zboshimchalik bilan egallab olinishi holatlari yuzasidan paydo bo‘lgan adovat zamirida o‘ch olish istagida ushbu jinoyatni sodir etganliklari o‘z isbotini topdi», — dedi E.Ergashev Kun.uz muxbiriga.

Ko‘proq yangiliklar: