Murod Muhammad Do‘st: «Matbuot – hukumatning yuziga tutilgan oyna»

Jamiyat 22:07 / 07.09.2019 8686

Jamiyat, adabiyot, xususan, o‘zbek adabiyoti, uning tahlillari yuzasidan qator suhbatlar uyushtirib, o‘quvchilar e'tiboriga havola etib kelayotgan Kun.uz’ning navbatdagi suhbatdoshi o‘zbek adabiyotining taniqli vakillaridan biri, adib Murod Muhammad Do‘st bo‘ldi.

Suhbat davomida sayt muxbiri tomonidan  1991 yilda Prezident qarori bilan O‘zbekiston Milliy Axborot agentligi faoliyati yo‘lga qo‘yilgani, o‘sha paytda O‘zbekistonda OAV erkin bo‘lgani, so‘z erkinligiga taqiq yo‘q edi, degan fikrlar hozir ham ko‘p aytilishi va keyinchalik o‘zbek OAVlarida so‘z erkinligi qanday jarayon va maqsadlar bilan cheklangan edi, axir, OAV erkinligi davlat rivojiga hissa qo‘shishi kunday ravshan-ku. Bu nimadan boshlangan edi, mazmunida savol berilgan.

- «U zamonda eyforiya bor edi. Yodimda bor, radioda “Oqshom to‘lqinlarida” degan eshittiruv bo‘lardi, shuni odamlar intiqlik bilan kutardi. Ular hamma muammolarni ochiq gapirardi. Televideniyeda ham dadil ko‘rsatuvlar bo‘lardi. Bugun “muallif ko‘rsatuvi” deb maqtaladigan janr bizda o‘sha paytlarda ham mavjud edi. Gazetalar bir-biri bilan bahslashib, juda ochiq faoliyat yuritardi. Bu taxminan 1994 yilgacha davom etdi.

Keyin bir muddat valuta konvertatsiyasi boshlandi, iqtisod sekin-sekin izga tusha boshladi. Lekin bor pulimiz tashqariga chiqib ketadi, quruq yerda qolamiz, degan vahimali gaplar bilan iqtisodiy erkinliklarga chek qo‘yildi. “Ana keldi”, “mana keldi” degan qo‘rquv rahbariyat va jamiyat ongiga singdirildi. Mahdudlik paydo bo‘ldi. Matbuotning uni o‘chdi.

Oqibatda 100ga yaqin oila (klan) boyib oldi, konvertatsiya imkoniyatlari, binobarin, eksport va import degan narsalar faqat o‘shalarning manfaatiga xizmat qildi. Tabiiyki, iqtisodiy cheklash mafkuraviy biqiqlikka olib keldi. Davlat kafolati berilgan yirik investitsiyalardan tashqari, mamlakatga kapital kiritish imkoni yo‘qoldi.

Oqibatda adabiyot eskicha “zarbulmasal” uslubiga o‘tdi, matbuot esa... soxta xabarlarga ruju qo‘ydi. Xalq orasida “Axborot” ko‘rsatuvini “Jannatdan xabarlar” deya nom olganini eslang... Bu ahvol davlat televideniyesida haliga qadar davom etyapti. Ularga erkinlik berildi, lekin erkinlikdan foydalanadigan odam topilmayapti. Blogosferada, xususiy matbuotda, internet nashrlarida rosmana so‘z erkinligi bor. Men shundan xursandman.

Bugun odam o‘zining dardini emin-erkin ayta oladi. Birovga yoqish-yoqmasligi mumkin, unga ham e'tiroz bildirishlari mumkin, lekin ochiq fikr aytish imkoniyati bor. Bu katta gap. Bugun birorta ham voqea nazardan chetda qolmaydi. Hukumat ham ko‘p narsalardan internet, blogosfera orqali boxabar bo‘ladi. Afsuski, jamiyatni boshqarishda analitik tadqiqotlar kam. Yaqinda “buzdi-buzdi” tufayli Xorazmdagi noxush ahvol oshkor bo‘ldi. Bosh vazir o‘zi borib tinchitdi. Buzilgan uylar uchun 700-800 milliard atrofida “tovon” to‘landi. Xullas, muammo ijobiy hal etildi. Lekin, bari bir, ko‘ngilda “quyqa” qoldi. Norozilikning oldini olsa bo‘lardi-ku, nega yetilib kelayotgan ijtimoiy muammolar vaqtida o‘rganilmaydi, degan savollar havoda muallaq qoldi.

Matbuot – hukumatning yuziga tutilgan oyna. Yuzga oyna tutilishi kimgadir yoqmasligi mumkin, lekin shu bahonada ko‘pchilik qosh-ko‘zini tuzatib olishi tayin.

Yana jamiyatda liberallashtiruv mavzusiga qaytdik. Siyosiy, iqtisodiy, huquqiy erkinliklar barobar ta'minlanmasa bo‘lmaydi. Biz bu haqda hozircha fol ochishimiz mumkin. Lekin, o‘ylaymanki, mamlakat rahbariyati o‘zida kengroq va izchiliroq liberalizatsiyaga munosib iroda topa oladi» degan Murod Muhammad Do‘st.

Suhbatni to‘liq ko‘rish:

Ko‘proq yangiliklar: