G‘afur G‘ulom nomidagi bog‘ga kirish bepul qoladi, daraxtlar kesilmaydi. Hokimlik bog‘da qanday o‘zgarishlar kutilayotganini ochiqladi

Jamiyat 12:02 / 07.09.2019 16000

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ini rekonstruksiya qilish mavzusi keng muhokama etilmoqda. Shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev aholi bilan uchrashib, ularga bog‘da qanday o‘zgarishlar bo‘lishi mumkinligi haqida atroflicha ma’lumot berdi. Bu haqda poytaxt hokimligi xabar tarqatdi.

Ma’lum qilinishicha, qayta qurish jarayonida ham ushbu bog‘ eshiklari aholi uchun yopilmaydi, shuningdek, shu paytgacha bo‘lgani singari keyinchalik ham unga kirish bepulligicha qoladi. 

Shuningdek, rekonstruksiya sabab tadbirkorlar hech qanday zarar ko‘rmaydi, o‘z faoliyatini avvalgi tartibda davom ettiradi. 

Ushbu bog‘ soya-salqinligi va o‘simliklar dunyosiga boyligi bilan ajralib turadi. Qayta qurish jarayonida bu yashillik dunyosiga umuman zarar yetkazilmaydi, hech bir daraxt kesilmaydi. 

Aholiga yanada yaxshi xizmat ko‘rsatish, ularning ko‘ngilli hordiq chiqarishlari uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish maqsadida yaroqlilik muddatini o‘tab bo‘lgan attraksionlar yangi, zamonaviylariga almashtiriladi. 

Shuningdek, bog‘ ichidagi ta’mirtalab yo‘llar sozlanadi. Veloyo‘laklar ham tashkil etilishi mumkin. 

«Xullas, qayta qurish ishlari natijasida bog‘ yanada chiroy ochadi, xizmat ko‘lami kengayadi. Shubhasiz, bu ma’lumotlar, uchrashuvga kelgan aholidagi xavotirlarni aritib, ularni mamnun qildi», - deyiladi Toshkent shahar hokimligi xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: