«Toshshahartransxizmat» qoidabuzar haydovchilarga nisbatan qanday choralar ko‘rilayotganini ochiqladi

Jamiyat 09:21 / 06.09.2019 4942

“Toshshahartransxizmat” tomonidan jamiyat tasarrufidagi yo‘nalishlarda qatnovchi avtobuslar doimiy monitoring qilib borilayotgani haqida xabar berdi

Qayd etilishicha, shu asosda aniqlangan kamchilik va muammolar o‘z vaqtida bartaraf etilib, ana shunday holatlarga yo‘l qo‘ygan mutasaddi va haydovchilarga nisbatan choralar ko‘riladi.

2019 yilning avgust oyi davomida o‘tkazilgan monitoringlarda belgilangan me'yorlarni chetlab o‘tish bilan bog‘liq 200 dan oshiq holat aniqlangan. Ulardan asosiysi haydovchilarning o‘zboshimchalik bilan yo‘nalish chizmasini hamda harakat jadvali sonini o‘zgartirgan holda harakatlanish, so‘nggi bekatlarga kirmaslik, oraliq intervallarni uzaytirib yuborish bilan bog‘liq holatlardir.

Xususan, 1-avtobus saroyiga qarashli 12-yo‘nalishda qatnovchi avtobus haydovchilari J.U., G‘.A., T.R. o‘zboshimchalik bilan harakat jadvaliga o‘zgartirish kiritgan bo‘lsa, 93-yo‘nalish haydovchilari qatnov vaqtini sun'iy ravishda uzaytirayotganlari aniqlangan.

8-avtobus saroyi haydovchilari – 42-yo‘nalishda A.Sh., M.A, 43-yo‘nalishda, 109-yo‘nalishda F.H., Q.H. R.M., 111-yo‘nalishda, o‘zboshimchalik bilan yo‘nalishlarni o‘zgartirganligi, intervallarni uzaytirganligi kabi qator holatlar ma'lum bo‘lgan.

12-avtobus saroyiga qarashli 74-yo‘nalish haydovchilari O.H., B.H., X.F., B.S. ham belgilangan yo‘nalishda yurmay, o‘z hollaricha harakatlanganlar.

Avtobus saroylari rahbariyati tomonidan qoidabuzar haydovchilarga nisbatan oylik maoshlaridan 20 foizgacha jarimalar qo‘llanilishi belgilandi. 

Bunday jarima jazosi kelgusida haydovchilarni qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirishga ham salbiy ta'sir ko‘rsatishini eslatib o‘tilgan.

“Yuqorida tilga olingan ayrim haydovchilar turli tashkilot va muassasalarga murojaat qilib, maosh va moddiy rag‘batlantirishda jarimalar qo‘llanilayotganidan arz qilmoqdalar. Shu o‘rinda yana bir bor ta'kidlash joiz, tizimda tartib-intizom to‘la amal qilishiga erishilmagunicha bunday qat'iy choralar davom ettiriladi. Qayd etish kerak, ana shunday intizomiy choralar sabab GPS tizimiga qasddan shikast yetkazish yoki uni o‘chirish holatlari keskin kamaydi”, - deyiladi “Toshshahartransxizmat” ma'lumotida. 

Ko‘proq yangiliklar: