O‘zbekistonlik shifokorlar xalqaro assotsiatsiyaning maxsus grantini qo‘lga kiritishdi

Jamiyat 15:34 / 06.09.2019 3022

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotiga ko‘ra, yer yuzi aholisining bir foizi vitiligodan aziyat chekmoqda. Terida uchraydigan shu va boshqa kasallik hamda nuqsonlarning oldini olish, barvaqt tashxis qo‘yish va samarali davolash jahon tibbiyotining dolzarb muammosi hisoblanadi.

Bugun, 6 sentabr kuni Toshkentdagi «International hotel Tashkent» mehmonxonasida ish boshlagan dermatovenerologiya va estetik tibbiyotning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman ishtirokchilari jahon tibbiyotining ana shunday dolzarb muammolariga yechim topish maqsadida jamlandi. Tadbirda o‘zbekistonlik olimlar va shifokorlar bilan bir qatorda, AQSh, Fransiya, Rossiya, Buyuk Britaniya, Italiya, Polsha, Ruminiya, Turkiya, Hindiston, Ukraina, Belarus, Gruziya va Qozog‘istondan kelgan yetakchi olimlar va mutaxassislar ishtirok etmoqda.

«Aytish kerakki, mamlakatimizda tibbiyotning turli yo‘nalishlari kabi aholiga dermatovenerologiya sohasida ham malakali tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha zamonaviy tizim yaratilgan. Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi olimlari jahon tibbiyotining dolzarb masalalari bo‘yicha fundamental, amaliy, innovatsion loyihalar asosida ilmiy izlanishlar ham olib bormoqda. Natijada tibbiyot amaliyotiga diagnostika va davolashning bir qator yangi uslublari joriy etildi.

Bundan tashqari, bugungi kunda markaz olimlari sohadagi turli kasalliklar bilan bir qatorda vitiligoni davolash bo‘yicha jahon tibbiyotining noyob texnologiyasi – melanotsitar transplantatsiyadan tibbiyotda samarali foydalanilyapti. Endilikda teridagi turli kasallik va nuqsonlarni davolash uchun xorijga chiqishga hojat qolmadi.

Mazkur xalqaro anjuman tibbiyot sohasida xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi. Tadbirning ochilish marosimida dermatovenerologiya sohasida faoliyat yuritayotgani bir guruh xorijlik taniqli olimlar O‘zbekiston dermatovenerologlar assotsiatsiyasiga a'zo bo‘ldi. Endi ular mamlakatimiz olimlari bilan birgalikda hududlardagi shifoxonalarda jahon tibbiyotining ilg‘or usullari bo‘yicha tashkil etiladigan mahorat darslari va seminarlarda ishtirok etishadi.

Yana bir yangilik – Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi jamoasi Jahon dermatovenerologlar assotsiatsiyasining maxsus grantini yutib olganidir. Ushbu grant doirasida shifokorlar va yosh tadqiqotchilarimiz xorijda malaka oshiradilar, dermatovenerologiya sohasida dunyoning taraqqiy etgan tibbiy-ilmiy markazlari bilan o‘zaro hamkorlik kengayadi.

Qisqa qilib aytganda, ikki kunlik ilmiy-amaliy anjumanda dermatovenerologiyaning turli yo‘nalishlarida yaratilayotgan yangicha uslublar, sohadagi dolzarb muammolarga oid ilmiy izlanishlar keng muhokama etilayapti. Kosmetologiya sohasidagi yangiliklar namoyish etilmoqda. Shu bilan birga, dermatovenerologiya va kosmetologiya bo‘yicha mahorat darslari va ko‘rgazmali seminarlar bo‘lib o‘tayapti», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limining telegramdagi kanali xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: