Adliya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan tanlovda g‘oliblar taqdirlandi

Jamiyat 16:11 / 06.09.2019 3094

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan fuqarolarning huquqiy va ijtimoiy faolligini yanada yuksaltirish, huquqiy savodxonligini oshirish, aholi orasida keng ko‘lamli targ‘ibot ishlarini amalga oshirayotgan huquq targ‘ibotchilarini aniqlash va ularni munosib ravishda rag‘batlantirish maqsadida turli tadbirlar yo‘lga qo‘yilgan. «Eng yaxshi huquq targ‘ibotchisi» tanlovi ana shunday xayrli tashabbuslardan biri hisoblanadi.

Bugun, 6 sentabr kuni vazirlik binosida mazkur tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. O‘nta nominatsiya bo‘yicha o‘tkazilgan ushbu tanlov bir oy davom etib, e'lon qilingan nominatsiyalar bo‘yicha 50 nafarga yaqin ishtirokchidan 400dan ortiq material kelib tushdi. Hakamlar hay'ati ushbu materiallarni tanlov nizomiga muvofiq o‘rganib chiqib baholadi.

Shunga ko‘ra, o‘nta nominatsiyadan 9tasi bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi. «Huquqiy targ‘ibotdagi eng yaxshi innovatsion loyiha» nominatsiyasi bo‘yicha esa taqdim etilgan materiallar mazkur yo‘nalish talablariga to‘liq mos kelmagani uchun hakamlar hay'ati tomonidan ushbu yo‘nalishda g‘olib aniqlanmadi.

Tadbirda g‘oliblar vazirlik tomonidan diplom, statuetka va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

«Eng yaxshi huquq targ‘ibotchisi» tanlovi g‘oliblari:

1. «Huquqiy targ‘ibotdagi fidoyiligi uchun» nominatsiyasi bo‘yicha:

Boboqul Toshev – Yuristlar malakasini oshirish markazi professori. Fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirishda jonkuyarligi, yetuk huquqshunos kadrlarni tayyorlashdagi beqiyos xizmatlari uchun.

2. «Huquqiy madaniyatni targ‘ib qiluvchi eng yaxshi mutaxassis» nominatsiyasi bo‘yicha:

Chernikov Maksim Vasilevich – Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari bo‘yicha mutaxassis, uy boshqaruvchisi. O‘z sohasida fuqarolarga huquqiy tushuntirishlar olib borishdagi faolligi, bu borada ijtimoiy tarmoq, saytlarda tahliliy chiqishlari uchun (50ga yaqin).

3. «Huquqiy madaniyatni targ‘ib qiluvchi eng yaxshi jurnalist» nominatsiyasi bo‘yicha:

Nazirov Dilshodbek Boxadirovich – «O‘zbekiston 24» telekanali Xronikal-hujjatli filmlar va jurnalistik surishtiruvlar studiyasi bosh muharriri. Yurtimizda turli sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning huquqiy asoslari, samarasi yuzasidan televizion tahliliy dasturlar – «Islohotlar samarasi» hamda «Qarama-qarshi» tok-shoulari uchun.

4. «Huquqiy madaniyatni targ‘ib qiluvchi eng yaxshi OAV» nominatsiyasi bo‘yicha:

«Advokat» jurnali – Advokatlar palatasi jurnali. Jamiyatda inson huquqlari, advokatura sohasidagi eng so‘nggi yangiliklar, sohada kechayotgan dolzarb masalalarni doimiy ravishda tahliliy-tanqidiy yoritib kelayotgani uchun.

5. «Huquqiy madaniyatni targ‘ib qiluvchi eng yaxshi bloger» nominatsiyasi uchun.

Qobil Xidirov – davletov.uz telegram kanali admini. Qonun hujjatlari mohiyatini keng aholi qatlamiga sodda, tushunarli tilda yetkazib berishdagi faolligi uchun (davletov.uz telegram kanali a'zolari soni 35 mingga yaqin).

6. «Huquqiy madaniyatni targ‘ib qiluvchi eng yaxshi sayt» nominatsiyasi uchun.

Kun.uz sayti – onlayn nashr. Fuqarolarning huquqiy ong va madaniyatini oshirishga qaratilgan dolzarb mavzularga tahliliy, tanqidiy yondashuvdagi materiallari uchun (200dan ziyod).

7. «Mahallada huquqiy madaniyatni yuksaltirishdagi faolligi uchun» nominatsiyasi uchun.

«Mahalla» telekanali – MTRK tizimidagi markaziy telekanal. Mahallada inson huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini takomillashtirish, xalqimizning davlat hokimiyatiga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlash borasidagi ishlarni keng va tahliliy yoritib kelayotgani uchun.

8. «Huquqiy targ‘ibotdagi eng yaqin hamkor» nominatsiyasi uchun.

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi – nodavlat notijorat tashkilot. Qonun hujjatlarining mohiyati hamda ahamiyatini aholiga yetkazish bo‘yicha ishlar samaradorligini oshirish, bunda yangi yondashuvlarni joriy etishdagi ko‘magi va qo‘llab-quvvatlovi uchun.

9. «Eng yosh huquq targ‘ibotchisi» nominatsiyasi bo‘yicha.

Sultanova Niyozjon Ergashboy qizi – Xorazm viloyati yuridik kolleji o‘qituvchisi. Xotin-qizlarning jamiyatda faolligini oshirishga qaratilgan, shuningdek tashkilotlar va ta'lim muassasalarida huquqiy ong va huquqiy madaniyatni rivojlantirish bo‘yicha targ‘ibot tadbirlarini keng yo‘lga qo‘ygani uchun.

Shundan so‘ng, g‘oliblar va mehmonlar vazirlikning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xodimlari tomonidan vazirlikdagi boshqarmalar va ularning xodimlari qay tarzda o‘z faoliyatini olib borayotgani va ularning ishlash jarayoni qanday kechishi bilan yaqindan tanishishdi.

Qayd etish kerakki, Adliya vazirligi davlatning oshkoralik, shaffoflik siyosatini olib borayotgan, uni jamoatchilikka keng yoyishda xizmat qilayotgan va ommaviy axborot vositalari bilan ishlashda boshqa davlat tashkilotlariga namuna bo‘layotgan davlat tashkiloti hisoblanadi.

Ko‘proq yangiliklar: