Yevropada yozning asosiy transferlari. Kimga qanday baho?

Sport 17:40 / 05.09.2019 11001

Yevropaning «kuchli beshlik» chempionatlarida ishtirok etuvchi jamoalar 2019 yilda transferlar uchun besh milliard funtga teng mablag‘ sarflashdi. 

Angliya premer-ligasi klublari 1,41 milliard funt, Ispaniya La ligasi klublari — 1,24 milliard funt sarflashgan. Shuningdek, bundesliga (670 million), A Seriya (1,06 milliard) va Liga 1 (605 million) ishtirokchilari ham yangi transfer rekordlarini o‘rnatishgan. Barcha chempionatlarda rekordlar yangilangan.

Quyida yozning asosiy transferlari va ular qay darajada ishonchni oqlagani va ulardan nimalar kutilayotgani haqida keltiriladi.

Ispaniyadagi top transferlar

Yozning eng yirik transferlari albatta Ispaniya chempionatiga to‘g‘ri keldi. Xaridlar uchun eng ko‘p pul sarflagan klublar ham shu chempionatning uch grandi - «Real», «Barselona» va «Atletiko» bo‘ldi. Quyida ushbu chempionatdagi asosiy transferlarga baho beriladi.

JOAU FeLISh (Benfika – Atletiko) – 126 million yevro

Albatta, Grizmann darajasiga hali bor, lekin bu transfer aynan fransiyalik hujumchi o‘rnini bosish uchun amalga oshirildi. Felish «Benfika»da xuddi shu uslubda harakat qilgan – to‘psiz juda yaxshi harakatlanadi, kreativlik va samaradorlik muvozanati ham joyida.

Shunday bo‘lsa-da, madridliklar biroz ko‘proq to‘lab yuborishdi. Felish yosh, unda faqat bir yil yuqori saviyadagi tajriba bor, xolos. Himoyalanishda kuchli emas, buni Simeonening o‘zi ham ta'kidladi. Boshqa tarafdan, vaziyat oson emasdi, futbolchiga top-xaridorlar ko‘p edi. «Benfika» esa «Atletiko»da yetarlicha pul borligini bilgani uchun maksimum summani qo‘lga kiritishga urindi. Bu vunderkind mavsumoldi yig‘inlarida ham o‘zini ko‘rsatdi, chempionat o‘yinlarida ham barqaror o‘yin ko‘rsatib, uch o‘yinda 1 gol urib, bir golga pas berdi.

KIRAN TRIPPeR (Tottenhem – Atletiko) – 22 million yevro

Bir tomondan juda mantiqli va boshqa tomondan kutilmagan transfer. Kutilmagan tarafi, asosan Lotin Amerikasi vakillariga e'tibor qaratib kelgan Simeonening «Atletiko»sida angliyalik futbolchi. O‘yin tomonidan esa, hammasi to‘g‘ri – o‘ng qanot himoyasi muammo edi. O‘tgan mavsumda bu pozitsiyada Aryas va Xuanfran to‘p surishgandi. Tripper himoyalanishda u qadar zo‘r emas, lekin hujumlarga qo‘shilish, to‘p uzatish bobida yuqoridagi nomlardan bir bosh ustun.

Londonliklarning 22 million yevro evaziga ingliz pasportiga ega bo‘lgan asosiy tarkib o‘yinchisini berib yuborishi ham biroz tushunarsiz qaror. Bu yerda ko‘proq Kiranning boshqa jamoada o‘zini sinab ko‘rish istagi rol o‘ynagan bo‘lishi ehtimoli katta. U yangi chempionatda qanotdan golli paslar berishni boshlab yubordi.

ANTUAN GRIZMANN (Atletiko – Barselona) – 120 million yevro 

Bu transfer ko‘proq Neymarning zarariga bo‘ldi – fransiyalik futbolchiga sarflangan pullar yozning so‘nggi kunida «Barselona»ni pulsiz qoldirdi va Neymar Parijda qoldi. Ammo aytish mumkinki, Valverdening vertikal futboli uchun Grizmann mukammal tarzda mos keladi.

Antuan to‘pni o‘zida ko‘p ushlab turmaydi, chiziqlar orasida to‘pni qabul qilish, himoyani yorib o‘tuvchi kombinatsiyalarda juda foydali futbolchi. U «Betis»ga qarshi o‘yinda jamoaga yirik hisobda g‘alaba keltirgan bo‘lsada, «Atletik» va «Osasuna»ga qarshi o‘yinlarda yo‘qolib qoldi. Albatta, u o‘zini «Atletiko»dagi kabi erkin his qilmasligi tayin, ammo biz uni hali haqiqiy «Barselona» bilan, ya'ni Messi tarkibda bo‘lganida ko‘rmadik. 

FReNKI De YONG (Ayaks – Barselona) – 75 million yevro

De Yong, balki o‘z davrining eng iqtidorli futbolchilaridan biri va anchadan beri «Barselona»da o‘ynashni orzu qilgandi. To‘pni hujumga qadar yetkazib berishda u hozir ham Yevropada tengsiz, uning bu xususiyati esa Messini ko‘p ortga qaytishdan ozod qiladi. Umuman olganda, juda o‘rinli transfer.

Lekin aynan bugungi kundagi samarasi borasida hali erta. De Yong «Ayaks»da 4-2-3-1 sxemasida Lassa Shone bilan sherik edi. «Ayaks» bosh murabbiyi Erik ten Haag Frenki uchun aynan shunday sherik kerakligini, u haqiqiy «oltilik» sifatida o‘ynashga mos emasligini aytgandi. «Barselona»da esa uni Busketsga uzoq yillik o‘rinbosar sifatida ko‘rishmoqda. Shuning uchun de Yong hali ko‘p o‘rganishi kerak.

Shu tomondan va yana, Rakitichning jamoada qolganidan kelib chiqsak, bugungi kunda de Yong uchun eng mos pozitsiya hali yo‘q. Hatto Frenki bugungi tarkibdagi o‘rnini Rakitichga yutqazib qo‘yishi ham hech gap emas. Hammasi Valverdening tanloviga bog‘liq – uzoq muddatli poydevormi yoki bugungi natijami? Bu tanlov o‘yindan o‘yinga o‘zgarib turishi tabiiy. 

EDeN AZAR (Chelsi – Real) – 100 million yevro

Ronalduning ketishi «Real»ni so‘nggi o‘n yillikdagi o‘ziga xos uslubidan va yetakchisidan ayirgandi. Negadir klubda Ronaldu ketmagandek yoki uning ketishi o‘yinga umuman ta'sir etmaydigandek tutishdi va oqibati o‘tgan mavsumda nima bo‘lganini ko‘rdik.

Eden Azar aynan shu maqsadda, asosiy kuch sifatida olib kelindi. Bu yerda transfer qiymati, bu o‘tish Azar uchun nima berishi haqidagi har qanday gaplar ortiqcha. Aytish mumkinki, ahamiyat jihatidan Yevropaning eng katta transferi aynan shu bo‘ldi. Ammo u mavsum boshlanmasdan jarohat olib, jarohatlar sindromi tufayli qiyin ahvolda bo‘lgan jamoasini yana qiyin ahvolda qoldirdi.

LUKA YOVICh (Ayntraxt – Real) – 60 million yevro.

«Madrid» jarima maydoni ichida juda yaxshi harakat qiladigan va vaziyatlardan foydalanishda benazir bo‘lgan hujumchini qo‘lga kiritdi. «Real» aynan shu jabhada muammolarga ega edi, Yovich esa o‘zining ajoyi realizatsiya bilan Yevropaning e'tiborini qozondi.

Xuddi de Yong bilan «Barselona»da bo‘lgani singari, murabbiyga birdaniga Yovichdan foydalanishda muammolar yuzaga keladi. Birinchi variant, Benzemaning o‘rniga tushirish, lekin Zidan fransiyalik hujumchini juda yuqori baholaydi. Ikkinchi variant, ikki hujumchi sxemasida harakat qilish, ammo bu Eden Azarni sevimli pozitsiyasidan mahrum qiladi yoki yarim himoyani kuchsizlantiradi.   

FeRLAN MeNDI (Lion – Real) – 48 million yevro 

O‘tgan mavsumda chap qanot himoyasi «Real» uchun eng og‘riqli nuqta edi. Marselo ko‘p jarohat oldi va nuqul Solari bilan janjallashdi, natijada Regilonga raqobatni boy berdi. To‘g‘ri, Zidanning kelishi Marselo yana sport formasiga qaytishiga sabab bo‘ldi, lekin tushunish mumkinki, endi ishonch so‘ngan. «Real»da bu pozitsiyada yagona nomzod sifatida Marselo qolishini istashmayapti. 

Raqobat yo Marseloni eng yaxshi saviyaga qaytishiga yordam beradi yoki asosiy tarkibda uning o‘rniga yosh, uzoq muddatli o‘rinbosar paydo bo‘ladi. Mendi top-klubda o‘ynay oladigan salohiyatga ega, faqat bu qachon amalga oshishi Marseloga bog‘liq.

NABIL FeKIR (Lion – Betis) – 19.75 million yevro

«Betis»da Fekir transferini o‘sha biz bilgan Denilsondan keyingi buyuk kelishuv sifatida baholashmoqda. Futbolchining va klubning maqomidan kelib chiqsak, yozning eng hayratlanarli transferlaridan biri bo‘ldi deyish mumkin.

Narx nuqtai nazaridan tushunarli, futbolchining shartnomasi tugashiga bir yil qolganidan kelib chiqib, «Lion» 30 million yevro so‘ragandi va turli bonuslar bilan shu summani qo‘lga kiritishi mumkin. «Betis» ham Yevropa o‘lchovlaridagi taniqli nom uchun katta pul sarflamadi. 

Fekir uchun esa, noma'lum, o‘z ligasida yetakchilardan biri bo‘lgan va hujumkor jamoadan oddiy o‘rtamiyonaga o‘tmoqda. O‘zini ko‘rsatib, top darajadagi klubga bo‘lgan yo‘l nuqtai nazaridan, «Lion» istiqbolliroq edi, «Betis» bu narsani bermasligi mumkin. To‘g‘ri, futbolchining qaytalanishi mumkin bo‘lgan jarohati haqida hamma gapirdi, bu juda muhim faktor, lekin nima bo‘lgandayam, Fekir uchun bu transfer pasayish sifatida baholansa kerak.


Angliyadagi top transferlar

Angliyada ham har safargidek yozgi transferlar qizg‘in kechdi. «MYu», «Arsenal», «Siti» va «Tottenhem» eng ko‘p pul sarflagan jamoalar bo‘lishdi.

HARRI MAGUAYR (Lester – Manchester Yunayted) – 87 million yevro.

«Chelsi»ga qarshi o‘yindagi ajoyib debyut himoyachi uchun juda yaxshi istiqbolni namoyish qilgandi, ammo baribir, biroz xavotir bor. Avvalo, barcha top-klublar kabi, yuqori chiziqda himoyalanishda Maguayrda muammolar paydo bo‘lishi mumkin. Buning ustiga jamoa yosh ekani va o‘zaro tushunishlar darajasi maromiga yetmagani uchun sarflangan summa birdaniga oqlanishiga ishonish qiyin. Shu nuqtai nazardan, Virjiyl van Deykning xaridi yanada aniqroq bo‘lgandi – u ancha tayyor jamoaga yetishmayotgan qism sifatida sotib olingandi. Manchesterda esa, barcha chiziqlarda jamoa endi shakllanmoqda.

Bu kelishuvda ko‘proq «Lester» yutdi, deyish mumkin. Klub eng boshida qo‘yilgan narxda qat'iy turdi va yakunda o‘sha pulni oldi. Transfer qiymatini tushirish niyatida vaqtni imkon qadar kechiktirgan «Manchester Yunayted» esa, baribir barcha shartlarga ko‘ngan holda, futbolchini Karringtondagi mavsumoldi yig‘inlarisiz qoldirdi.

NIKOLYa PePe (Lill – Arsenal) – 80 million yevro

Uzoq vaqt Uilfrid Zaaga «oshiq bo‘lgan» «Arsenal» birdaniga e'tiborini Nikolya Pepega burdi va biroz qimmatroqqa, lekin ancha kuchliroq, universalroq futbolchini qo‘lga kiritdi. Londonliklar tomonidan aytish mumkinki, yaxshigina pulni Pepega sarflagan klub, natijada himoyani kuchaytira olmadi. Albatta, bu holatda Pepening aybi yo‘q va hujumchi ko‘p jihatdan Emeri jamoasiga mos keladi.

Pepe uchun xavotirli jihat shundaki, u unchalik hujumkor bo‘lmagan murabbiy qo‘l ostiga keldi va shuningdek, bu jamoada Obameyang va Lyakazett bor. Himoyaga putur yetkazmasdan turib, har uch futbolchini tarkibga joylashtirish ancha dadillik talab qiladi. Pepe mavsumni juda yaxshi boshlagan bo‘lsa-da, umuman, jamoa uchun eng kerakli murvat ekaniga ishonch hosil qilish uchun yana ter to‘kishga to‘g‘ri keladi.

JOAU KANSeLU (Yuventus – Manchester Siti) – 30 million yevro + Danilo

Kanselu Gvardiola uchun muhim taktik quroldir. Endi «Siti»da har ikki qanot himoyachilari hujumkor bo‘la oladigan rejim ham bor. Uokerni hujumkor deya olmaymiz va ko‘pincha, u hujumga uchinchi markaziy himoyachi sifatida qo‘shilardi. Kanselu hatto vinger sifatida ham yaxshigina tajribaga ega va xuddi Benjamen Mendi kabi butun qanot bo‘ylab o‘ynay oladi.

«Yuventus» uchun ham bu transfer juda o‘rinli. Maurisio Sarrida asosan o‘ng qanot himoyachilari chapdan ko‘ra himoyaviyroq bo‘lishadi. Xyusay yoki Aspilikuetani misol keltirish mumkin. Balki shuning uchun Sarri boshidan Kanseluni sotishni o‘ylagan. Himoyaviyroq o‘ng qanot tizimiga hatto Mattia de Shilo ko‘proq mos keladi. Klub ham pul oldi va bu talab uchun mosroq bo‘lgan Daniloni ham qo‘lga kiritdi.

JOVANNI LO CheLSO (Betis – Tottenhem) – 15 million yevro ijara + keyinchalik 40 million yevroga sotib olish opsiyasi

Levi juda yaxshi kelishuvni amalga oshirdi – Lo Chelso uchun to‘lanadigan transfer summasi kelasi yilga qoldirildi, ya'ni bir yil futbolchi ijara asosida to‘p suradi. Agar hammasi o‘xshab qolsa, klub u qadar katta bo‘lmagan pulga Kristian Eriksenga o‘rinbosar topgan bo‘ladi.

«Betis» uchun ham bu yaxshi pul, ammo Lo Chelso uchun adaptatsiya kutilganidan qiyinroq bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, Eriksen tarkibda qolgani bu jarayonni yanada sekinlashtiradi – Jovanni maydonda ko‘proq vaqt bo‘lishi uchun ancha ter to‘kishi lozim. Ilk kunlarda, hozircha Pochettino uning sport formasidan ko‘ngli to‘lmayotganini aytmoqda. Albatta, Lo Chelso Pochettino qo‘l ostida o‘ynab ketadi, ammo buning uchun vaqt kerak.

RODRI (Atletiko – Manchester Siti) – 70 million yevro

Rodri – ilk yillardanoq Gvardiola orzu qilgan tipdagi tayanch yarimhimoyachisi. Fernandino maydonda o‘z vazifalarini yaxshi bajarmoqda, hatto o‘ttizdan oshgan bo‘lsa-da, o‘sishga erishdi. Lekin aynan Rodri sistemaning muhim kaliti bo‘lishi mumkin – uni yangi Buskets deb atashmoqda. 

Ayniqsa, Fernandinoning jarohatidan so‘ng, aynan shu pozitsiyani to‘ldirish juda muhim sanalayotgandi. Yosh futbolchining jalb etilishi jamoadagi har tomonlama muvozanatni ta'minladi, deyish mumkin. «Atletiko» futbolchi uchun yaxshi pul olgan bo‘lsa-da, o‘tgan mavsumdagi eng barqaror va muhim figurasini yo‘qotdi.

TANGI NDOMBeLe (Lion – Tottenhem) – 60 million yevro 

Musa Dembelening ketishi «Tottenhem»da chiziqlarni bog‘lash va sifatli pressing uyushtirishda muammolar keltirib chiqardi. Bunga javoban Maurisio o‘yin uslubini biroz o‘zgartirgan va yanada vertikal o‘ynashga harakat qildi. Ammo maydon markaziga doimiy ravishda javob bera oladigan nom yo‘q edi.

Ndombele ko‘p jihatdan Dembelega o‘xshab ketadi. Ayniqsa, raqib bosimida o‘zini yaxshi his qiladi, ko‘pchilikni o‘ziga tortgan holda, to‘pni yo‘qotmaydi va sheriklariga bo‘sh zonalarni ochib beradi. Aytish mumkinki, Ndombelening kelishi «Tottenhem» o‘yinini yanada kuchaytiradi va Pochettino yana eski, hujumkor uslubiga qaytadi. 

AARON VAN-BISSAKA (Kristal Pelas – Manchester Yunayted) 

So‘nggi oylarda ko‘pchilik Aaron Van-Bissakaning o‘ziga xos portretini chizishdi: himoyada o‘tib bo‘lmas qo‘rg‘on, lekin hujumlarga ko‘p qo‘shilmaydi. Bu ta'rifning aksi bo‘lgan Lyuk Shou bilan bilan sheriklikda futbolchi Sulsher uchun ayni muddaodek ko‘ringandi.

Ammo aslida bu haqiqatdan uzoqroq, Van-Bissaka hujumkor o‘ynay oladi, hatto u yoshlar jamoalarida vinger sifatida harakat qilgan, shunchaki, «Kristal Pelas»da bu rol Van Anholtga berilgani uchun Aaron ko‘proq himoyaga javobgar edi. Manchesterdagi ilk o‘yinlar ham buni isbotladi, Aaron yetarlicha hujumlar tashkil qilishda qatnashmoqda. Ammo bu ba'zi vaziyatlarda pozitsiyani yo‘qotib qo‘yishga ham olib kelyapti. Yaxshi tezlikka va jismoniy ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan himoyachiga nisbatan e'tiroz yo‘q.

Umuman, natija nuqtai nazaridan «Manchester Yunayted» hamon muammolar girdobida bo‘lsa-da, Maguayr va Van-Bissakaning kelishi himoyadagi o‘yinni ancha tartibga solindi deyish mumkin. Masalan, to‘rt turdan so‘ng, APLda o‘z darvozasiga eng kam vaziyat yaratishga qo‘yib bergan jamoa «Yunayted» bo‘lib turibdi.


Italiyadagi top transferlar

A Seriyaga ham yozgi transferlarda bir qator yulduzlar kelib qo‘shildi. «Inter» va «Yuventus» hammadan faol.

ROMeLU LUKAKU (Manchester Yunayted – Inter) – 65 million yevro

Konte «Chelsi»da ishlaganida ham Lukakuni jamoaga qaytarishga jiddiy harakat qilgandi, demak murabbiy sistemasi uchun juda mos futbolchi olib kelindi. Murabbiy transfer narxi qoniqarli bo‘lganini aytmoqda, Lukaku esa, unga javoban ortiqcha vaznni yo‘qotdi, gol urishni boshladi va muhitni o‘zgartirish zarur bo‘lganini aytmoqda.

«MYu» ikki yil oldin «Everton»ga to‘laganidan kamroq pulga ega bo‘ldi. Sulsher yakunda markaziy himoyachi ampluasida tajribaga ega bo‘lmagan Reshford va Marsiyal bilan qolayotgan bo‘lsa-da, bu transferga qarshi bo‘lmadi. Inglizlar uchun bu ishonch qanday yakun topishi hozircha noma'lum. Belgiyalik futbolchi esa Italiyada ishonchni oqlashni boshladi – 2 o‘yin va 2 gol.

ALeKSIS SANCheS (Manchester Yunayted – Inter) – ijara

Aleksis Sanches ko‘p yillar o‘tib yana Italiyaga qaytdi. Aytish mumkinki, u Angliyaga kirishib keta olmadi, hatto «Arsenal»da ham Sanches ko‘p vaziyatlarni individual mahorati evaziga hal qilgan, jamoa o‘yiniga kirishib ketishda muammolar bo‘lib, jamoa muhitiga salbiy ta'sir ko‘rsatgan. «MYu»da undan yomonroq, maydonda ham muammolarga duch keldi.

Chili tarkibidagi o‘yinlar ko‘rsatmoqdaki, agar qulay shartlar bo‘lsa, Aleksis hali ham yomon emas. Bu tomondan Italiyada unda muammo kam bo‘ladi. Konte bunday o‘yinchilarga maydonga joy topib berishga usta. Esingizda bo‘lsa, juda tartibli va himoyaviy «Chelsi»da ham u Azarga erkinlik bera olgandi. Sanches ham xuddi shunday qurol bo‘lishi mumkin.

Sanchesning maoshining qariyb yarmi manchesterliklar tomonidan to‘lanadi. Inglizlarning bunga rozi bo‘lishganiga yagona sabab – «Inter»da sotib olish opsiyasi mavjud emas. Demak, agar Sanches Italiyada o‘ynab ketsa, «MYu» transferdan yutishi mumkin. Manchesterda turib, uning narxi oshmasligini hamma bilib turgandi.

MATTeYS De LIGT (Ayaks – Yuventus) – 85,5 million yevro

De Ligt – Yevropaning eng umidli va universal himoyachilaridan biri. U yakkakurashlarda ham, pozitsion hujumlarda ham foydali futbolchi. De Ligsiz ham «Yuventus»da juda yaxshi markaziy himoyachilar bor edi, shunchaki, turinliklar bu transfer orqali, klubning transfer bozorida raqobatbardosh ekanini ham ko‘rsatib qo‘yishdi. Axir futbolchi uchun deyarli barcha top-klublar kurashayotgandi.

Ronalduning transferida bunday omil bo‘lmagan, aynan de Ligtning katta raqobat ostida qo‘lga kiritilishi «Yuventus»ning buyuklik ramzi bo‘lib qoladi.

AARON REMZI (Arsenal – Yuventus) – erkin agent. 

Frenk Lempard usulida yarim himoyadan jarima maydoniga kirishda tengsiz futbolchilardan biri. Bu esa, Ronalduga qo‘shimcha qulaylik tug‘diradi, himoyachilar endi hujumchini ko‘zdan qochirishlari mumkin. Remzi yaxshigina maosh evaziga o‘tgan bo‘lsa-da, «Yuventus»ga kerakli futbolchi edi.

«Arsenal» uchun bu xato. Remzi boshida Emerining rejalariga kirmadi va Turin klubi bilan kelishib qo‘ydi. Bahorga borib, u jamoaning juda muhim futbolchilaridan biriga aylanganda esa, poyezd ketib bo‘lgandi.

ADRIYeN RABO (PSJ – Yuventus) – erkin agent

Raboning o‘tishi biroz tushunarsiz. Bu xuddi «Yuventus» saviyali erkin agentlarni yig‘ib olish odatidan voz kechmaganini ko‘rsatayotgandek. Tabiiyki, Rabo ham jamoa uchun juda foydali bo‘lishi mumkin, ammo aynan hozir u uchun jamoada aniq rolni ko‘rish qiyinchilik tug‘diradi. «PSJ» esa, eng muammoli futbolchidan qutuldi. Ha, uning oldida hatto Neymarning qiliqlari ham hech narsa emasdi.

Transfer qiymati bo‘lmagani tufayli, Raboning shartnomasi ancha baland – futbolchi maosh bo‘yicha Ligada uchinchi o‘rinni band etgan.

DIYeGO GODIN (Atletiko – Inter) – erkin agent 

«Atletiko» Diyego Simeone davridagi eng yaxshi himoyachisini yo‘qotdi. Hatto shu yoshda ham Godin asosiy tarkibda foydali bo‘lishi mumkin edi. Simeonening uslubi Godinning eng yaxshi xislatlarini (yakkakurashlar, jarima maydonidagi o‘yin, vaziyatni baholash) yuzaga chiqargan bo‘lsa, kamchiliklarini (yuqori himoyalanish, birinchi pas) yashirar edi.

Godinni Kontening «Inter»ida kuzatish qiziq, ammo ba'zi hadiklar bor. Birinchidan, endi uning kamchiliklari oldingidek yashirilmasligi shubhasiz. Ikkinchidan, «Inter» uch himoyachili sxemada o‘ynamoqchi, Godin esa, bunga o‘rganmagan. 33 yoshli futbolchi moslasha olarmikin?

KOSTAS MANOLAS (Roma – Napoli) – 36 million yevro 

Manolas qaysidir ma'noda Albiolga o‘rinbosar bo‘ladi. U Anchelotti uslubiga ko‘proq mos keladi, hatto. Umuman, bu transfer «Napoli»ning Sarri uslubidan Anchelottiga o‘tishini ajoyib tarzda ifodalaydi. Albiol o‘rniga Manolas kelmoqda, shuningdek, Sarri davrida yaxshi o‘yin ko‘rsatib, Karloga to‘g‘ri kelmagan Amadu Diavara «Roma»ga o‘tib ketyapti.

Bu kelishuvda «Roma» ham yutyapti. Yaxshigina pul bilan bir qatorda, yangi murabbiy – Paulo Fonseka uslubiga mos bo‘lmagan himoyachi o‘rniga, boshqa, mosroq futbolchi kelmoqda.


Germaniyadagi top transferlar

Bundesligada asosan ichki transferlar ro‘y berdi. Lekin bu safar asosiy xaridor «Bavariya» emas, «Borussiya» bo‘ldi. Myunxenliklar esa asosiy transferlarni xorijdan amalga oshirdi. Quyida Germaniyadagi yozgi transferlarning asosiylari haqida.

FILIPPe KOUTINO (Barselona – Bavariya) – 8,5 million yevro ijara haqi

«Bavariya» Koutinoni sotib olishga majbur emas, «Barselona» ham futbolchi uchun maosh to‘lab yurmaydi. Hamma xursand.

Koutino o‘zi kabi futbolchiga muhtoj bo‘lgan top klubda navbatdagi imkoniyatga ega bo‘ladi. O‘tgan yili bu funksiyani Xames Rodriges bajarishi kerak bo‘lgandi. Koutinoda buning uchun yaxshi imkoniyat bor, ammo Xames darajasida yordam bera oladimi, bu masala hali ochiq qolmoqda. Chunki braziliyalik futbolchi ko‘proq individual mahorat sohibi, uning ketishi «Liverpul»da aynan jamoaviy futbolni kuchaytirgandi. 

LYuKA ERNANDeS (Atletiko – Bavariya) – 80 million yevro

Jarohati bor futbolchi uchun rekord darajada pul to‘lagan «Bavariya» yaxshigina risk qilyapti. Ernandes juda katta salohiyatga ega, markaziy himoyada ham, chap qanotda ham o‘ynay oladi, ammo uning faoliyatida hali biror to‘liq mavsum yo‘q. Raqobat va jarohatlar tufayli.

Lyukaning hujumlarga qo‘shilishi ham o‘ta yuqori emas. 80 million yevro esa, rang-barang qobiliyatlarga ega bo‘lgan futbolchilarga to‘lanadi. To‘g‘ri, «Atletiko» kelajakda juda foydali bo‘lishi mumkin bo‘lgan futbolchidan ayrildi, ammo «Bavariya» to‘lagan narx ham keragidan ortiq.


BeNJAMeN PAVAR (Shtutgart – Bavariya) – 35 million yevro

Ko‘p jihatdan Ernandesga o‘xshab ketadi. U ham markaziy himoyani, ham o‘ng qanotni yopa oladi. U ham jahon chempionatida Fransiya tarkibida harakat qilgan, shuningdek, xuddi Ernandes kabi, asosan himoyada foydali, hujumga kam qo‘shiladi.

Farq shundaki, Pavar allaqachon Germaniyada uch yil tajriba to‘plab ulgurgan va transfer qiymati ham ancha past. «Shtutgart» uchun ham foydali narx – ingliz klublarining Bundesliga bozoriga kirib kelishi «Bavariya»ning ishini ancha qiyinlashtirdi, endi myunxenliklar liga yulduzlarini osonlik bilan qo‘lga kirita olishmayapti.

MATS HUMMeLS (Bavariya – Borussiya D) – 30,5 million yevro 

«Bavariya» o‘zining asosiy raqobatchisiga asosiy himoyachisini berishga majbur bo‘ldi. Hummels har tomonlama bugungi dortmundlik himoyachilardan ancha kuchli, buning ustiga yetakchilik xususiyatiga ega. Hummelsning Dortmund klubi bilan yaxshi tanish ekani ham qo‘shimcha bonus sifatida xizmat qiladi.

TORGAN AZAR ( Borussiya M – Borussiya D) – 25,5 million yevro

Azar so‘nggi mavsumlarda Bundesliganing eng yaxshi va barqaror hujumkor yarim himoyachilaridan biridir. Ba'zi xislatlari bilan akasi Eden Azarni yodga solsa-da, u masalan, chap qanotga bog‘lanmagan, o‘ng qanotda ham foydali bo‘la oladi. Dortmundda u aynan chap qanotdagi pozitsiya uchun raqobat qilsa kerak, chunki o‘ng qanot Jyeydon Sancho tomonidan band qilingan.

Torgan allaqachon o‘sishga tayyor bo‘lgan, ammo Lyusen Favrning biroz pragmatik uslubidan jabr chekishi ham mumkin. «Borussiya» hozir Klopp yoki Tuxel davridagidek, o‘yinlarda ustunlik namoyish qilmayapti. Dortmundda hozir juda ko‘p hujumkor futbolchilar – Gyotse, Roys, Sancho, Brandt, Azarlar uch pozitsiya uchun kurash olib borishadi. Ularga bir vaqtda maydonga joy topib berish uchun Gvardiola bo‘lish kerak, Favr emas. Aynan shu sabab bilan Kristian Pulishich tarkibdan chetda qolgandi. Eng yaxshi variantda Azar jamoaning muhim bo‘lagi bo‘lib qoladi, bu amalga oshmagan taqdirda ham, bu transfer Dortmund tarkibini kuchaytirdi, shubhasiz.

YuLIAN BRANDT (Bayyer – Borussiya D) – 25 million yevro

«Bayyer»ga Peter Bos kelgach, Brandt yarim himoya markazidan joy oldi va ikkinchi davrada eng yaxshilardan biri bo‘ldi. «Borussiya» futbolchining shartnomasida ko‘rsatilgan mablag‘ni to‘ladi va uni qo‘lga kiritdi. Chempionlar Ligasi oldidan «Bayyer» uchun katta yo‘qotish.

Brandt Torgan Azarga nisbatan kuchliroq va universalroq, shuning uchun Favrning har qanday sxemasidan joy topa olsa kerak. Dortmundliklar uchun ajoyib transfer. 

Ko‘proq yangiliklar: