Namangan davlat universitetida «Talabalikka ilk qadam» tadbirlari o‘tkazildi

Jamiyat 13:16 / 05.09.2019 2424

Kecha, 4 sentabr kuni Namangan davlat universitetida yangi o‘quv mavsumining boshlanishi munosabati bilan, «Talabalikka ilk qadam» mavzusida bir qator ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar o‘tkazildi.

Universitetga kirish imtixonlarini topshirgan 37 399 nafar abituriyentlar ichida yuqori ball to‘plab, talabalikka qabul qilingan 3 300 nafar yoshlarni tabriklash, universitet bilan yaqindan tanishtirish maqsadida tashkil qilingan mazkur bayramona tadbirda professor o‘qituvchilar va ota-onalar ishtirok etdi, deb xabar bermoqda universitet matbuot xizmati.

«Avvalo, farzandi Namangan davlat universitetiga talabalikka qabul qilingan barcha ota-onalarni shuningdek, talabalarni mazkur yutuq bilan tabriklayman.

Universitetimizda yoshlar o‘zlari tanlagan yo‘nalish bo‘yicha to‘laqonli bilim olishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Shuni aytishim kerakki, joriy yilgi birinchi bosqich talabalarimiz orasida bir nafar «Mard o‘g‘lon», bir nafar « Zulfiya» davlat mukofoti sohibi, to‘rt nafar «Temurbeklar maktabi», bir nafar Ibrat maktabi bitiruvchisi, yigirma sakkiz nafar turli musobaqalar g‘oliblari, ikki nafar fan olimpiadasi va olti nafar xalqaro tanlovlar g‘oliblari bor. Bu barchamizni xursand qiladi.

Men  barcha ota-onalardan chuqur bilim va ma'naviyatga ega kadrlarni tayyorlashda biz bilan yaqindan hamkorlik qilishlarini so‘ragan bo‘lardim», dedi universitet rektori Muzaffar Esonov.

«Talabalikka ilk qadam» mavzusidagi tadbirlar kunning ikkinchi yarmida talabalar turar joylarida ham davom ettirildi. Unda universitet talabalar turar joyida yashab, ta'lim oluvchi talabalar va ularning ota-onalari yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi.

Ota-onalar shuningdek, prezident tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusni universitetda keng joriy qilish ishlari doirasida yangidan jihozlangan binolar ularga ma'qul kelganini ta'kidlashdi.

 

Ko‘proq yangiliklar: