Hadis ilmi maktabida ilk o‘quv yili boshlandi. Maktab ochilishi o‘tkazildi

Jamiyat 21:37 / 05.09.2019 6158

2019 yil 5 sentabr kuni Hadis ilmi maktabi ochilish tadbiri va Mustaqillik darslari bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi direktori Sh.Minavvarov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi mas'ul xodimi M.Jalilov, shuningdek, qator davlat va jamoat arboblari, universitetlar rahbar xodimlari, samarqandlik ziyolilar ishtirok etishdi.

Tadbir avvalida an'anaga ko‘ra Qur'on tilovat qilinib, duoi xayrlar qilindi.

Hadis ilmi maktabi rektori O.Yusupov tadbirni ochib berdi. U o‘z nutqida kirish imtihonlari jarayonlari, maktab mutaxassislik o‘quv rejasini takomillashtirish yuzasidan dunyodagi nufuzli islom ta'lim muassasalari va markazlari taqdim qilgan xulosalari, axborot-resurs markazini mutaxassislikka oid adabiyotlar bilan boyitish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida gapirib o‘tdi.

Shundan so‘ng, tabrik uchun so‘zga chiqqanlar boshlanayotgan yangi o‘quv yilida institut jamoasiga omad va zafarlar tiladi. Diniy soha vakillariga hamda diniy tashkilotlarga, qolaversa yoshlarga berilayotgan imkoniyatlardan to‘laligicha foydalanish va sof islomdan og‘ishmasdan qat'iyat bilan ilm olish kerakligini ta'kidladilar. Talabalarga ilm olishda harakatchan bo‘lishni, bu yerdagi ustozlardan ilm olishda va odob-axloq saboqlarini o‘rganishda tirishqoq bo‘lishlari kerakligini eslatdilar. Shuningdek, sof islomni nafaqat yurtimizda balki, dunyo ommasiga yetkaza oladigan salohiyatga ega bo‘lish uchun o‘z tavsiyalarini berdilar.

Shuningdek, fazilatli shayx, zamonamizning muhaddis olimi Istambuldagi Ibn Xaldun universiteti katta ustozi Muhammad Avvoma hazratlarining va Tatariston respublikasidagi Bulg‘or islom akademiyasi rektori Abdraxmanov Daniyar Mavliyarovichning video tabrik murojaatlari tadbir ishtirokchilariga eshittirildi.

Ta'kidlash joizki, Hadis ilmi maktabi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 apreldagi PF-5416 Farmoniga asosan islom dini va hadis ilmi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning boy merosini chuqur o‘rganish, ular tomonidan asos solgan hadis maktablari faoliyatini qayta tiklash va rivojlantirish, ular qoldirgan boy ilmiy merosni o‘rganish, tadqiq qilish orqali xalqimiz va keng jamoatchilikka yetkazish va targ‘ib qilish, xususan hadis va unga doir ilmlarni chuqur o‘zlashtirgan yetuk mutaxassislarni tayyorlash maqsadida tashkil etilgan edi.

Hadis ilmi maktabida o‘qish muddati 5 yil bo‘lib, “Hadis ilmlari, diniy fanlar mutaxassisi va arab tili o‘qituvchisi” mutaxassisligi bo‘yicha oliy ma'lumotli kadrlar tayyorlaydi.

Maktabda mataxassislik fanlarini o‘qitish ustoz-shogird an'anasi asosida respublikamiz hamda xorijiy malakali pedagog o‘qituvchilar tomonidan amalga oshiriladi. 

Hadis ilmi maktabi Samarqand viloyatidagi Imom Buxoriy majmuasi yoni barpo etilgan bo‘lib, oliy dargohda umumta'lim, xorijiy va mutaxassislik fanlarini chuqur o‘rganish uchun sharoitlar yaratilgan. Xususan, talabalar uchun zamonaviy texnikalar bilan jihozlangan o‘quv auditoriyalari, Axborot-resurs markazi, yopiq sport zal va suv havzasi, talabalar turar joyi va shinam oshxona mavjud.

Ko‘proq yangiliklar: