Yevropada transferlar darchasi yopildi. So‘nggi kunning 10ta asosiy transferi

Sport 10:00 / 03.09.2019 49839

Toshkent vaqti bilan 3 sentabr kuni soat 3:00da Yevropa chempionatlarida yozgi transferlar darichasi yopildi. Dastlab, 2 sentabr kuni soat 21:00da  Bundesligada transferlarni amalga oshirish to‘xtadi, Italiyada yangi transferlarni rasmiylashtirish 3 sentyabrga o‘tar kechasi soat 1:00gacha davom etdi, Rossiyada soat 2:00da, Ispaniya va Fransiyada esa soat 3:00da transferlar oynasi yopildi. Quyida so‘nggi kunda amalga oshirilgan asosiy transferlarni keltirib o‘tamiz.

Xaver Ernandes, «Vest Hem» — «Sevilya»

«Vest Hem»da ikki yil o‘tkazgan Chicharito kutilmaganda nisbatan kuchliroq jamoa a'zosiga aylandi. Meksikalik hujumchi «Sevilya» bilan shartnoma imzoladi. Goal.com nashri ma'lumotiga ko‘ra, ispanlar forvard uchun 8 million yevro to‘lashgan. O‘tgan mavsumda Ernandes APLning 25 o‘yinida maydonga tushib, atigi 7 gol urgandi, shu tufayli u «Sevilya»ga nega kerak bo‘lib qolgani tushunarsiz. Katta ehtimol bilan, 31 yoshli futbolchidan ispanlar klubi rotatsiyalarda foydalanishadi. Ernandes ko‘p marta zaxiradan tushib, o‘zining qanday xavfli futbolchi ekanini ko‘rsatgan.

Genrix Mxitaryan, «Arsenal» — «Roma»

Image

«Arsenal»da zaxira futbolchisiga aylanib qolgan armanistonlik yarimhimoyachi faoliyatini qayta tiklash imkoniyatiga ega bo‘ldi. «Roma» Genrix Mxitaryanni 3 million yevro evaziga keyinchalik 15 million yevroga sotib olish huquqi bilan bir mavsum uchun ijaraga oldi. Shuningdek, agar futbolchi Rimda o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsata olsa, «to‘pchilar» 100 ming yevro miqdorida bonus olishi mumkin. Italiyaga ko‘chib o‘tish Genrixning foydasiga ishlashi aniq. «Roma»da u yetarli o‘yin amaliyotiga ega bo‘ladi, Yevropaning eng yaxshi chempionatlaridan birida to‘p suradi.

Yevgeniy Konoplyanka, «Shalke» — «Shaxtyor»

Image


Xorijda 4 yil sargardon bo‘lgan 29 yoshli ukrainalik vinger vatanga qaytdi. Konoplyanka Donetskning «Shaxtyor» klubi bilan uch yillik shartnoma tuzdi. 

«Shaxtyor» boshqa klublarga qaraganda jiddiyroq qiziqdi. Bu men uchun yoqimli, men ishonchni oqlashga harakat qilaman. Bu jamoa oilasida bo‘lishdan baxtiyorman. Men Ukrainaga qaytganimdan xursandman. Bu mening uyim», — deya qayd etdi Yevgeniy yangi klub safiga o‘tgach. 

Futbolchi Ispaniya va Germaniyada ochilib ketolmadi. U «Sevilya»da ham, «Shalke»da ham asosiy tarkibdan muqim joy ololmagandi.

Keylor Navas, «Real» — «PSJ»

Image
Tibo Kurtua «Real»ga kelgach, Keylor Navas zaxira o‘rindig‘iga mixlandi. Kostarikalik tajribali darvozabon bir yil davomida o‘rinbosar rolida bo‘ldi va o‘z imkoniyatini kutdi, ammo yozda uning sabri to‘ldi. Darvozabon o‘zini transferga qo‘yishlarini so‘radi, endi u «PSJ» bilan 4 yillik shartnomaga ega. Nihoyat Keylor yana aql bovar qilmas seyvlari bilan muxlislarni xursand qila boshlaydi. Areola ijara asosida Madridga ko‘chib o‘tishi munosabati bilan u parijliklar klubida birinchi raqamli posbonga aylanadi.

Alfons Areola, «PSJ» — «Real»

Image
Parijga ketgan Navasning «Real»dagi bo‘sh qolgan o‘rnini 26 yoshli Alfons Areola egalladi. «PSJ» darvozaboni bilan «qaymoqranglilr» bir yil muddatga ijara shartnomasi tuzishdi. Ushbu darvozabon o‘tgan mavsumda Fransiya chempionatida 21 o‘yinda maydonga tushgan, yana 17 o‘yinda darvozani Janluidji Buffon qo‘riqlagan. Fransuz posbonga Ispaniyada qancha o‘yinda imkoniyat berilishi – noma'lum. «Qirollik klubi» uni asosiy darvozabon sifatida taklif etmagani aniq.

Radamel Falkao, «Monako» — «Galatasaroy»

Image
Shu yil yozida «Monako» forvardi monegaskliklar klubi unga yangi shartnoma taklif qilmagani, shuning uchun u faoliyatini davom ettirish uchun variantlar qidirayotganini ma'lum qilgandi. Falkaoga eng ko‘p e'tibor «Galatasaroy» tomonidan qaratildi, kolumbiyalik futbolchi Turkiyada futbolga alohida e'tibor qaratilishiga amin bo‘ldi - Radamel Istanbulga qo‘nganida, uni turkiyalik 25 ming fanat kutib oldi. Bir kun o‘tib u «Galatasaroy» bilan 3 yillik shartnoma tuzdi, uning bu klubdagi yillik maoshi 5 million yevroga teng.

Ante Rebich, «Ayntraxt» — «Milan»


Rossiyadagi jahon chempionatida porlagan xorvatiyalik yarimhimoyachi «Milan» futbolchisiga aylandi. Italyanlar klubi Rebichni «Ayntraxt»dan 5 million yevro evaziga ijaraga olishdi. Kelishuv ikki yil muddatga tuzilgan. O‘tgan mavsum Germaniyada futbolchi ajoyib mavsum o‘tkazgandi, u Bundesliga o‘yinlarida 9 gol urib, 4 golga uzatma bergan. «Ayntraxt» ushbu xorvatni 2018 yil iyunida 2 million yevro evaziga «Fiorentina»dan transfer qilgandi, Transfermarkt ma'lumotiga ko‘ra, uning transfer qiymati hozirda 40 million yevro atrofida. Shunday ekan, agar Italiyada Rebich yanada yaxshiroq o‘ynasa, nemislar uning transferidan yaxshigina pul ishlab olishlari mumkin.

Mauro Ikardi, «Inter» — «PSJ»

Image
Mauro Ikardining qiyinchiliklari ma'lum muddatga to‘xtab turadi. «Inter»da haqiqiy qochqinga aylangan futbolchi bir yil muddatga «PSJ»ga ijaraga berildi. Mauroning baxtiga qarshi, kelishuvda parijliklar uni keyingi yil yozida transfer qilish huquqiga egaligi ko‘rsatilmagan. Shunday ekan, mavsum yakunida Ikardi yana qaytadi va uning «Inter» bilan mojarolari davom etadi.

Andre Silva, «Milan» — «Ayntraxt»


«Sevilya»dagi bir yillik ijaradan keyin «Milan»ga qaytgan hujumchi yana o‘ziga jamoa qidirishiga to‘g‘ri keldi. Yozda Silva «Monako»ga o‘tishi mumkin edi, ammo kelishuv futbolchining moliyaviy talabi tufayli amalga oshmadi – 23 yoshli futbolchi katta maosh so‘radi. Portugaliyalik futbolchi hatto Monakoga, klub bazasiga kelgan va tibbiy ko‘rikdan ham o‘tgandi. Lekin Andreni qoniqtiradigan taklif o‘zini ko‘p kuttirmadi va u Rebich o‘rniga ijara asosida «Ayntraxt»ga boradigan bo‘ldi.

Nikola Kalinich, «Atletiko» — «Roma»

Xorvatiyalik futbolchi «Atletiko»da yomon o‘tgan mavsumdan keyin yana faoliyatida burilish yasamoqchi. La Ligada u «matraschilar» safida atigi 641 daqiqani maydonda o‘tkazib, 2 gol urdi. Shunday ekan, u yozda «Roma»ga bir yil muddatga ijaraga berib yuborilishi hayron qolarli holat emas. Kalinichning ijarasi uchun rimliklar 2 million yevro to‘lashdi. Mavsum yakunida ular futbolchini 9 million yevroga xarid qilishlari mumkin. Agar xorvatiyalik futbolchi Italiyada qolishni istasa, u qattiq mehnat qilishi kerak.

Ko‘proq yangiliklar: