Sport | 16:46 / 12.12.2024
9225
2 daqiqa o‘qiladi

Fayzullayevning transfer bahosi yana 2 million yevroga oshdi

Transfermarkt portali Rossiya Premer-ligasida faoliyat yuritayotgan futbolchilarning transfer bahosini yangiladi.

Foto: Tribuna.uz

Unga ko‘ra, TsSKA klubi yarimhimoyachisi Abbosbek Fayzullayevning transfer bahosi 2 million yevroga oshib, 6 mln yevrodan 8 mln yevroga ko‘tarilgan. O‘zbekiston milliy jamoasining 21 yoshli yarimhimoyachisi Rossiya Premer-ligasida transfer narxi eng ko‘p ko‘tarilgan futbolchilar uchligidan joy oldi. «Spartak» hujumchisi Manfred Ugaldening (15 mln yevro) bahosi 6 mln yevroga ko‘tarilgan bo‘lsa, «Lokomotiv» yarimhimoyachisi Aleksey Batrakovning (8 mln yevro) transfer narxi 3 mln yevroga, Abbosbek Fayzullayevning (8 mln yevro) 2 mln yevroga oshgan.

Shu tariqa, Abbosbek 8 mln yevro transfer narxi bilan TsSKAning eng qimmatbaho o‘yinchilari orasida Ivan Oblyakovdan (9 mln yevro) keyingi 2-o‘rinda bormoqda. Tarkibdagi yana bir futbolchi – Igor Diveyevning ham transfer bahosi 8 mln yevroni tashkil qilmoqda.

Fayzullayevning transfer bahosi 2 mln yevro oshgan bo‘lsa-da, u O‘zbekistonning eng qimmatbaho o‘yinchisi nomini Abduqodir Husanovdan qaytarib ololmadi. Kuni kecha Transfermarkt «Lans» himoyachisining bahosini 12 mln yevroga ko‘targandi. TsSKA futbolchisi bu borada milliy jamoaning eng qimmat 2-o‘yinchisi bo‘lib turibdi, 5 mln yevro narxga ega Eldor Shomurodov esa uchlikda qolgan.

Mavzuga oid