Samsung Electronics Co kompaniyasi ikkinchi buklama ekranli smartfonini ishlab chiqarish ustida ish boshladi. Yangi qurilma displey tomoni bilan ichkariga kvadrat shaklida buklanadigan bo‘ladi, deb yozadi Bloomberg.
Agentlik manbalarining so‘zlariga ko‘ra, yangi smartfon 2020 yilning birinchi yarmida taqdim etilishi rejalashtirilgan. Kompaniya bu qurilmasida zamonaviy texnologiyalar va buklama smartfonlar dizaynini uyg‘unlashtirmoqchi.
Smartfonning ekrani diagonali 6,7 dyuym bo‘ladi. Bloomberg suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, yangi qurilma 2019 yilda taqdim etilgan Galaxy Fold smartfoniga nisbatan yupqaroq va arzonroq bo‘ladi.
Qurilma shuningdek, bitta old kamera va ikkita asosiy kamera bilan jihozlanadi. Kompaniyaning o‘zi bu xabar borasida hozircha izoh bermagan.