2019 yil 27 avgust kuni soat 07:40larda Toshkent viloyati Zangiota tumanida yashovchi 30 yoshli A.J. o‘zining boshqaruvidagi “Matiz” rusumli avtomashinasini Toshkent shahrining Chilonzor tumani “TXAY-Guliston” ko‘chalari chorrahasida haydab ketayotib, svetoforning qizil chirog‘iga amal qilmasdan chorrahaga kirib kelgan.
O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi xabariga ko‘ra, shu vaqtda u yo‘lning chap tomonidan harakatlanib kelayotgan, Toshkent viloyati Chirchiq shahrida yashovchi 36 yoshli R.F. boshqaruvidagi “524-sonli “Chirchiq-Otchopar” yo‘nalishi bo‘yicha qatnovchi, salonida 10 nafar yo‘lovchisi bo‘lgan “GAZ-322132” rusumli avtomashinasi bilan to‘qnashuv sodir etgan.
Natijada “GAZ-322132” avtomashinasi haydovchisi R.F. hamda yo‘lovchilari 40 yoshli D.A. ismli ayol va uning 3 yashar o‘g‘li jarohat olib kasalxonaga yotqizilganlar.
Holat yuzasidan dastlabki tergovoldi harakatlari olib borilmoqda.