Sog‘liqni saqlash vazirligi: Har bir homilador ayol skrining ko‘rigi bilan qamrab olinmoqda

Jamiyat 10:16 / 02.09.2019 2215

Ona va bola salomatligini asrash tibbiy-ijtimoiy islohotlarning muhim yo‘nalishi bo‘lib, bu boradagi tizimli chora-tadbirlar samarasida fertil yoshdagi ayollar, bolalar, o‘smirlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati yil sayin yaxshilanmoqda. Xususan, bugungi kunda birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarining barchasida «Ayollar maslahatxonasi», Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda «Prenatal skrining xonalari», Viloyat ko‘p tarmoqli bolalar markazlarida «Qizlar salomatlik markazi» faoliyat yurityapti. 

«Joriy yilda davlat budjeti hisobidan 200ta eng zamonaviy ultratovush tekshiruvi apparatlari xarid qilinib, tuman va shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarning prenatal tashxis xonalari ushbu yuqori texnologik imkoniyatga ega apparatlar bilan jihozlandi. Natijada, ilgari homilador ayollar poytaxtimiz yoki viloyat markazlariga borishgan bo‘lsa, hozirgi kunda o‘z yashash joyidan tekshiruvdan o‘tish imkoniyati yaratildi. Bundan tashqari, avvallari homilador ayollarimiz ultratovush tekshiruvi bilan 40-50 foiz qamrab olingan bo‘lsa, ayni paytda yurtimizdagi barcha homilador ayollar yuz foiz skrining tekshiruvi bilan qamrab olinmoqda.

Birlamchi tibbiyot tizimiga bunday zamonaviy tibbiy xizmat joriy etilishi prenatal tekshiruvni aholiga yaqinlashtirishda muhim qadam bo‘ldi. Endilikda homilador ayollarning UTT tekshiruviga jalb etish uch bosqichda tashkil etilyapti. Shuni aytish joizki, mamlakatimizda bunday zamonaviy tibbiy tekshiruvlar onalar va bolalar uchun bepul o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, tibbiy-genetika xizmatini yanada rivojlantirish, skrining markazlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, tug‘ma va irsiy kasalliklarning birlamchi profilaktikasini kuchaytirish maqsadida Buxoro, Samarqand, Farg‘ona viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi hududiy skrining markazlarida tsitogenetik laboratoriya tashkil etildi. Bu laboratoriya irsiy kasallik hisoblangan xromasom sindromlarni barvaqt aniqlashda yuqori samaradorlikka ega. 

Bunday muhim chora-tadbirlar tufayli onalar va bolalar salomatlik ko‘rsatkichini yanada yaxshilash va aholi tibbiy-ijtimoiy muhofazasini kuchaytirishga erishilmoqda», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limining telegramdagi kanalida.

Ko‘proq yangiliklar: