O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi (Rossiya) Bosh konsulxonasi bergan ma'lumotga ko‘ra, 2019 yilning 30 avgust kuni Omsk oblastining Moskalenki tumanidagi avtomobil yo‘lida yo‘l-transport hodisasi ro‘y bergan.
TIV xabariga ko‘ra, YTH oqibatida uch kishi, xususan O‘zbekiston fuqarolari A.S. va N.M. halok bo‘ldi, O‘zbekiston fuqarolari G.S. va M.A. turli darajadagi ko‘p sonli og‘ir jarohatlar olib, Moskalenki tuman kasalxonasiga yotqizildi. Ularga tegishli yordam ko‘rsatilmoqda hamda Omsk shahridan mutaxassislar ham chaqirtirildi.
Bosh konsulxona vaziyatni nazoratga oldi, Omsk oblasti huquqni muhofaza qiluvchi organlari va davolovchi shifokorlar bilan aloqa o‘rnatgan. Hozirda hamyurtlarimizning jasadlarini vatanga yuborish va jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq konsullik-huquqiy va tashkiliy masalalar hal qilinmoqda.
Omsk oblasti Yo‘l harakati xavfsizligi davlat inspeksiyasi xabariga ko‘ra, mazkur hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.
Konsullik-huquqiy departamenti marhumlarning oila a'zolari va yaqinlariga hamdardlik izhor etgan hamda Rossiyaning Sibir federal okrugi (Oltoy Respublikasi, Oltoy o‘lkasi, Buryatiya Respublikasi, Irkutsk oblasti, Baykal orti o‘lkasi, Kemerovo oblasti, Krasnoyarsk o‘lkasi, Novosibirsk oblasti, Novosibirsk shahri, Omsk oblasti, Tomsk oblasti, Tuva Respublikasi, Xakasiya Respublikasi) hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga ular zarurat tug‘ilgan holatlarda mamlakatning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tgan: +7-383-246-04-85, +7-383-246-04-84, +7-383-246-04-63, +7-383-246-04-64.