Xorazm viloyatining Qo‘shko‘pir tumanida Mustaqillik bayrami arafasida kam daromadli oilalar farzandlarining sunnat va nikoh to‘ylari o‘tkazildi, shuningdek 32ta oilaga yangi uy-joylar topshirildi, deb xabar beradi Kun.Uz muxbiri.
31 avgust kungi tadbirlar Az-Zamaxshariy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida boshlandi. Unda 35 metr balandlikdagi O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘ining ochilish marosimi o‘tkazildi. Tantanali tadbirda Qo‘shko‘pir tumani hokimi Jo‘rabek Rahimov, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, mehnat faxriylari, tuman faollari, yoshlar va o‘quvchilar ishtirok etishdi.
Shundan so‘ng, tuman faollari «Adolat» va «Xosiyon» mahallalarida yangi uylarni egalariga topshirish marosimiga yo‘l olishdi. Bayramona ruhda o‘tgan tadbirda har bir mahalladan 16ta kam daromadli, ehtiyojmand oilalarga uylarning kalitlari, sertifikati va sovg‘alari tantanali tarzda topshirildi. Ular Istiqlol ayyomini yangi uy-joylarda, shod-u hurramlik bilan nishonlaydigan bo‘lishdi.
Bayramona tadbirlar «Jannatmakon» to‘yxonasida davom ettirildi. U yerda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning 8 nafar farzandining sunnat to‘yi o‘tkazildi. Har bir bolaga 1 million so‘mlik omonat daftarchasi topshirildi. Shuningdek, kam ta'minlangan 2ta oila farzandlarining nikoh to‘yi ham o‘tkazildi. Yangi oilalarga kir yuvish mashinasi sovg‘a qilindi.
Bundan tashqari, ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan 11 nafar fuqaroga aravacha va sovg‘alar hadya qilindi.
Nurmuhammad Said