Toshkentda haydovchilar o‘rtasidagi janjalda ikki kishi arradan jarohat oldi

Jamiyat 16:21 / 22.08.2019 30589

Toshkent shahar Chilonzor tumanida 13 avgust kuni soat taxminan 15:10da «Spark» rusumli avtomobil haydovchisi 28 yoshli Sh.M. va “Xyunday” rusumli avtomobil haydovchisi 36 yoshli Q.Yu. Kichik halqa avtomobil yo‘li ko‘chasida ketayotib, bir-biriga yo‘l bermasdan o‘zaro urishib ketishgan. 

IIBB xabariga ko‘ra, janjal davomida Sh.M. mashinasidan arra olib, Q.Yu. va u bilan birga bo‘lgan yo‘lovchi 27 yoshli X.A.ga jarohat yetkazgan. O‘z navbatida, ular ham Sh.M.ga tan shikastlari yetkazishgan. Natijada Q.Yu., X.A. va Sh.M. tibbiy yordamga murojaat qilishgan.

Ushbu fakt bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi (“Bezorilik”) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

18 avgust kuni ichki ishlar organlariga kelib tushgan xabarga ko‘ra, joriy yilning 17 iyul kuni soat taxminan 13:00da Toshkent shahar Chilonzor tumani Toshkent halqa avtomobil yo‘li ko‘chasining qatnov qismida “Spark” rusumli avtomobil haydovchisi 36 yoshli A.X. va “Matiz” rusumli avtomobil haydovchisi 46 yoshli R.D.lar o‘rtalarida kelishmovchilik kelib chiqdi. Kelishmovchilik oqibatida A.X. R.D.ni urib, unga tan jarohati yetkazdi.

Ushbu fakt bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi (“Bezorilik”) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

“Hurmatli haydovchilar! Yo‘lda harakatlanayotgan vaqtingizda boshqa haydovchilarning huquqini hurmat qilishingizni so‘raymiz. Arzimagan sabab tufayli yuzaga kelgan kelishmovchilikning oqibati noxush hodisa bilan tugashi mumkin”, - deyiladi IIBB xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: