Jamiyat amaliy filologik tadqiqotlarga nechog‘lik muhtoj?

Jamiyat 20:51 / 22.08.2019 6543

«Ma’rifat» gazetasining 2015 yil 10 oktabr sonida «Amaliy filologiya istiqbollari va uning «Davlat tili to‘g‘risida»gi Qonun ijrosiga uyg‘unligi» nomli maqola e'lon qilingan edi. Ushbu maqolada filologiya ilmida dolzarb bo‘lib turgan muammolardan biri mushtariylar e'tiboriga taqdim etilgan. Unda amaliy filologiya sohasi rivojlanishi jamiyat hayoti zaruratidan kelib chiqayotgani ta'kidlangan. Oradan to‘rt yilga yaqin vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, muammoning ahamiyatliligi ortgan bo‘lsa ortganki, kamaygan deb bo‘lmaydi. Shu e'tibordan Kun.uz muallif ruxsatiga asosan mazkur maqolani juz'iy qisqartirishlar bilan qayta e'lon qilmoqda.

O‘zbek tilidan amaliy foydalanish samaradorligi vazifalari

Jamiyat taraqqiyotining ma'lum bir pallasida har bir fan bo‘yicha ta'limning qaysi bosqichida nimani, nima maqsadda va qay yo‘sinda o‘qitish masalasi umummilliy muammo darajasiga ko‘tariladi. Natijada muammo yechimiga jamoatchilik diqqat-eʼtibori qaratiladi, tegishli soha ilmiy salohiyati bu muammo yechimiga yo‘naltiriladi. Ta'lim maqsadi belgilanib, ta'lim mazmuni tayyorlanadi, shunga muvofiq ta'lim usuli ishlab chiqiladi. 

O‘tgan asrning 90-yillariga kelib mavjud ona tili ta'limining yaroqsiz holga kelib qolganligi, uni tubdan isloh qilish lozimligi, ta'lim maqsadi, mazmuni va usulini yangilash zarurati ayon bo‘lib qolgan edi.

Yangi davr bilimli shaxsgagina emas, balki bilim olish yo‘llarini puxta o‘zlashtirgan, mustaqil idrok qilish ko‘nikmasiga ega bo‘lgan ongli fuqaroga ehtiyoj sezdi. Yangi davr talablari asosida ta'limda ijodiy tafakkurni rivojlantirishga xizmat qiluvchi usullarga ustuvorlik berilishiga qaramasdan, til qurilishi haqida ko‘p hollarda amaliy tatbiqdan yiroq, kam samarali lingvistik bilimlar berishdan iborat eski va chayir an'ana hanuz saqlanib qolmoqda.

Mubolag‘asiz ravishda aytish mumkinki, bugungi kunda boshlang‘ich sinflarda deysizmi, tayanch sinflar yoki akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida deysizmi, til qurilishi bo‘yicha beriladigan bilimlar hissasi ona tilidan amaliy foydalanish kompetensiyasidan ancha ustunlik qiladi. Ahvol shu darajaga yetdiki, chuqurroq e'tibor berilsa, ona tili ta'limi maqsadi ijodiy tafakkur sohibi va til imkoniyatini egallagan shaxsni tarbiyalash emas, balki tilshunos olimni yetishtirishga o‘xshab qoldi.

Yangi asrda jamiyatning barcha sohalarini shiddat bilan qamrab olayotgan globallashuv jarayoni dunyo miqyosida tilshunoslikning ham, til ta'limining ham zimmasiga yangidan-yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Davr tildan amaliy foydalanish samaradorligini fanning ham, ta'limning ham asosiy vazifasiga aylantirib qo‘ydi. Natijada dunyo fanida tilning ichki qurilishini tavsiflaydigan quruq nazariyabozlikdan til va shaxs mushtarakligi masalasi bilan shug‘ullanadigan amaliy yo‘nalishlariga o‘tish to‘lqini kuch olmoqda. 

Til ta'limi ham amaliy xarakter kasb etib, umuman olganda, filologiya va til o‘qitish sohasida ta'lim oluvchilarning muayyan nutqiy vaziyat, sharoit va madaniy muhitda tildan oqilona, samarali foydalanish kompetensiyasini rivojlantirish va uning filologik ta'minotini vujudga keltirish masalasi bilan shug‘ullanishi yechimini mutlaqo kechiktirib bo‘lmaydigan dolzarb vazifaga aylandi.             

Filologiya va uning turlari

Filologiya fan sohasi sifatida til va adabiyot bilan bog‘liq nazariy, ta'limiy va amaliy masalalar bilan shug‘ullanadi. Dunyo miqyosida filologiyaning bir necha turi mavjud bo‘lib, har bir filologik faoliyat turi ijtimoiy hayotdagi tegishli muammolar bilan bog‘liq o‘ziga xos maqsad va vazifalarga ega.

Nazariy filologik faoliyat tilshunoslik va adabiyotshunoslik bo‘yicha fundamental bilimlarni egallash asosida ilmiy tadqiqotlar olib borish, mavjud nazariy filologik konsepsiyalar va alohida lisoniy, adabiy hodisa va jarayonlar, turli shakldagi matnlarni turli nazariy hukm va xulosalar chiqarish uchun tahlil va talqin qilish, umumlashtirish, tegishli ilmiy ma'lumotlarni to‘plash, olib borayotgan tadqiqot bo‘yicha annotatsiya, referat tayyorlash, bibliografiya tuzish, mavzu va soha bo‘yicha ilmiy munozara, himoya va muhokamalarda ishtirok etish, axborot va ma'ruzalar bilan chiqish qilish, ilmiy xulosalarni og‘zaki, yozma va virtual tartibda (axborot tarmoqlariga) taqdim etish kabilarni o‘z ichiga olib, bu vazifalar vatanimiz filologiya sohasining bosh nazariy yo‘nalishi doirasida birlashadi hamda, asosan, amaliy tatbiq bosqichigacha bo‘lgan faoliyat hisoblanadi. 

Ta'limiy filologik faoliyatda ilmiy-tadqiqot faoliyati natijalariga tayanib, oliy, umumta'lim va kasbiy ta'lim muassasalarida til va adabiyot bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari va sinfdan tashqari ishlarni bajarish, tegishli metodika asosida ona tili va adabiyot bo‘yicha mashg‘ulotlar va sinfdan tashqari ishlar uchun o‘quv-metodik materiallar tayyorlash, filologik bilimlarni va o‘quvchilar bilan olib boriladigan tarbiyaviy ishlarni ommalashtirish va tarqatish bilan shug‘ullaniladi. 

Mamlakatimizdagi bu ikki filologik faoliyat turi natijalarini bemalol rivojlangan davlatlar ilmi va ta'limi samaradorligi darajasida deyish mumkin.

Shuningdek, bugungi kunda rivojlangan davlatlarda filologik faoliyatning uchinchi bir sohasi – amaliy filologik faoliyat turi ham shakllanib ulgurdi va jadal rivojlanmoqda. Amaliy filologik faoliyat turi bo‘yicha mutaxassis kadrlar tayyorlanmoqda, ko‘plab amaliy lingvistik tadqiqotlar bajarilmoqda. 

Nazarimizda, respublikamiz iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, ma'naviy-ma'rifiy sohalaridagi yuksalish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining tez rivojlanayotganligi bizda ham amaliy filologik ta'lim va faoliyatni, bu borada istiqbolli va maqsadli ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilishini rasman yo‘lga qo‘yish hamda har tomonlama rivojlantirish o‘ta dolzarb vazifalardan. 

Amaliy filologik faoliyat – ijtimoiy zarurat 

Amaliy filologik ta'limni yo‘lga qo‘yish, amaliy filologik faoliyat olib borish va bunga doir tegishli tadqiqot ishlarini amalga oshirish ehtiyoji ijtimoiy hayotimizda ancha ilgari vujudga kelgan edi. Bunga doir ayrim dalillarni keltiramiz.

1-voqea. Ko‘p yillar ilgari inson huquqlari bo‘yicha Ombudsman idorasidan men o‘sha vaqtlarda mudirlik qilayotgan kafedraga bir shikoyatda ko‘rsatilgan masalaga tilshunos ekspert sifatida munosabat bildirishi so‘ralgan murojaat xati kelib tushdi. Unda shikoyatchi yangi pasport olganligi, pasportning tegishli bo‘limida uning millati «boshqird» deb yozilganligi, lekin u bashkir millatiga mansub ekanligini aytib, bashkir so‘zining o‘zbek tilida boshqird deb yozilishiga izoh berishni so‘ragan edi. 

Bir qarashda rus tilidagi bashkir so‘zining o‘zbek tilida boshqird shaklida berilishini izohlash jo‘ngina tuyulsa-da, shugina muammo yechimi uchun ham ancha ter to‘kishga to‘g‘ri kelgan edi. Bunda quyidagilarga e'tibor berilishi lozim edi:

birinchidan, manbalardan so‘zning genezisi, etimologiyasi, boshqa tillarga o‘zlashishi, o‘zlashtirgan tilning talaffuz va imlo imkoniyat hamda xususiyatlarini o‘rganish, asoslash va muayyan xulosalarga kelish;

ikkinchidan, xulosalarni ilmiy yo‘sinda emas, balki rasmiy-idoraviy uslubda qisqa, aniq va tushunarli, mantiqli bayon qilish;

uchinchidan, xulosa berish uchun lingvistik ekspertiza bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlarga ega bo‘lish. 

Masalaning uchinchi jihati men uchun qiyin bo‘lib, lingvistik ekspertiza bo‘yicha ma'lumotga ega emas edim. Natijada maxsus izlanishga to‘g‘ri keldi va dunyo miqyosida lingvistik ekspertiza tilshunoslikning muhim hayotiy tarmog‘i bo‘lgan yurislingvistikaning o‘zagi sifatida katta yutuqlarni qo‘lga kiritganini va amaliyotda sud-ekspertiza sohasining muhim tarkibiy qismiga aylanib ulgurganini, bu borada ulkan amaliy tadqiqotlar bajarilganligi va ta'limda tegishli yo‘nalish va mutaxassisliklar uchun ko‘plab o‘quv adabiyotlari yaratilganligini ko‘rib, bu sohani mamlakatimizda ham yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish zarurligi haqidagi fikrga kelgan edim. 

2-voqea. Hamkasblarimizdan biri o‘zi guvoh bo‘lgan quyidagi voqeani aytib bergan edi. Olim ishlaydigan O‘zbek tilshunosligi kafedrasiga bir kishi kelib, o‘zini tergovchi deb tanishtiradi va bir masalada yordam berishlarini so‘raydi. Ma'lum bo‘lishicha, o‘z joniga qasd qilgan bir kishi xat qoldirgan bo‘lib, unda hayotdan o‘z xohishi bilan ketayotgani, bunda hech kimni ayblamasligi aytilgan. Tergovchiga shu xat borasida lingvistik xulosa zarur ekan. Xatni marhum o‘z qo‘li bilan yozgani aniq, biroq u o‘z hohishi bilan yozganmi, birov majburlaganmi, yozish jarayonida uning ruhiy holati qanday bo‘lgan – ana shularni oydinlashtirmoqchi ekan.

Shunda hamkasbim bunday savollarga javob berish imkoni yo‘qligi, u bilan tilshunoslik shug‘ullanmasligini aytadi. Tergovchi esa o‘zining Moskvada tahsil olganini va amaliyot chog‘ida shunga o‘xshash muammolar bilan mutaxassislar Moskva davlat universitetining filologiya fakultetiga tez-tez murojaat qilishlariga guvoh bo‘lganini, fakultet talabalariga «Sud lingvistikasi» fani maxsus o‘qitilishi, bunday kadrlarga ehtiyoj kattaligi va maoshlari ham yuqori ekanini aytadi.

3-voqea. Bir vaqtlar G‘arb mamlakatlarida bajarilgan ilmiy tadqiqot ishlari bilan tanishishga to‘g‘ri kelganda, «Tovar yorliqlarida harf shakllarining inson psixikasiga ta'siri», «Tashqi reklamalarda vizual urg‘u», «Falon temperamentli shaxsning nutqi» kabi mavzularda doktorlik dissertatsiyalari himoya qilinganligi, ular tegishli korxonalar tomonidan ancha yaxshi moliyalanganligini bilib, bizda ham shunday ishlarni bajarish vaqti kelganligi haqidagi fikrga kelgan edim.

Magistrlarga shu yo‘nalishdagi mavzularni rejalashtirganimda, ular kengash tomonidan «tor», «nazariy jihati yo‘q», «jiddiy mavzular emas» degan ayblar bilan inkor qilingan edi. Lekin ko‘p o‘tmay inkor etuvchilar tarafida turgan bir hamkasbimizning matbuotda jamoat transportlaridagi «LITseNZIYaSIZ yo‘lovchilarni tashish taqiqlanadi» lavhasidagi litsenziya so‘zi butunicha bosh harflarda berilganda «litsenziyasiz yo‘lovchi» ma'nosini anglatmasligi haqidagi chiqishi amaliy tadqiqotning yorqin namunasi edi.

Kundalik hayotda tilning amaliy qo‘llanilishi bilan bog‘liq ko‘plab ishlarni bajarishimizga to‘g‘ri kelgan. Turli hujjatlarni tayyorlash, matnlar tahriri, lug‘at va qomuslar tuzish yoki ularga munosabat bildirish va h. Bu ishlarning birortasi bo‘yicha maxsus ma'lumotimiz yo‘q va ularni bajarishda hayotiy tajribamiz asosida ish ko‘rib kelamiz. Masalan, matn tahriri bo‘yicha maxsus dasturlashgan ma'lumotga ega bo‘lmagan an'anaviy filologlar tahrir ishlarini amalga oshiradilar, lekin ehtiyojmand kishiga bu bo‘yicha tizimli va umumiy mohiyatli maslahat berishda qiynalishadi.

Tayyorlanayotgan filologlarimiz lug‘at va qomuslar tuzish yoki ularning elektron ko‘rinishlarini tayyorlash bo‘yicha hech qanday amaliy ma'lumotlarga ega bo‘lmagani holda (tayyorlanayotgan mavjud yo‘nalish va mutaxassisliklardan buni talab qilish ham to‘g‘ri emas) bugungi kunda kitob rastalarini son-sanog‘i yo‘q sifatsiz lug‘at va qomuslar, so‘zliklar bosib ketayotganligidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Hozir bizda istagan kishi lug‘at tuzishi va bundan istihola qilmasligi mumkin, bu lug‘atchilik amaliy filologiyaning peshqadam sohasi sifatida rasman mutlaqo yo‘lga qo‘yilmaganligi, oliy filologik ta'lim tarkibida lug‘atchilik ta'limi yo‘qligi bilan bog‘liq.

Ijtimoiy hayotimizda amaliy filologik faoliyat bilan shug‘ullanuvchi kadrlarga kuchli ehtiyoj mavjudligi yuqorida umumiy tarzda aytildi. Deylik, til dalillarini ilg‘or metodlar va zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda yig‘ish va ishlov berish (qayta ishlash, saqlash, tuzatish, tahlil qilish, sharhlash va umumlashtirish), samarali metodika va me'yorlar asosida turli xildagi matnlarni yaratish (og‘zaki chiqish, umumiy ma'lumot, annotatsiya, referat, muxtasar bayon, hisobot, rasmiy ish, publitsistik, reklama matnlarini tayyorlash), korxona, tashkilot va muassasalarda rasmiy idora hujjatlari bilan ishlash, turli shakl va tipdagi matnlarni qayta ishlash va ularga ishlov berish (tekshirish, tuzatish (korrektirovka, tahrir), tushuntirish, bayon qilish, sistemalashtirish, umumlashtirish, referat tuzish), sharhlar tayyorlash, ensiklopediya va lug‘atlar tuzish, lisoniy va adabiy ma'lumotnomalarni yaratish, davriy nashrlarni tayyorlash, adabiy-tanqidiy jarayonga doir arxiv materiallarini tavsiflash va ularga ishlov berishda qatnashish, turli tipdagi (asosan ilmiy va publitsistik) matn va hujjatlarni chet tillardan va chet tillarga tarjima qilish, hujjatlar, ilmiy va badiiy materiallarning chet tillardagi referat va annotatsiyalarini tuzish, ommaviy va shaxslararo ag‘zaki, yozma va virtual muloqotni, shu jumladan, madaniyatlararo, millatlararo va xalqaro lingvomadaniy aloqalarni amalga oshirish sifatiga bo‘layotgan ijtimoiy ehtiyoj maxsus amaliy filologik kompetensiyaga ega kadrlarni tayyorlashni taqozo qiladi.

Amaliy filologik kompetensiya tarkibiga kiruvchi bu vazifalarni maqsadi va yo‘nalishi boshqa bo‘lgan nazariy yoki ta'limiy filologik faoliyatga yo‘naltirilgan kadrlardan talab qilish ixtisoslashuv kuchaygan bugungi zamonda to‘g‘ri emas.

Amaliy filologik faoliyat turi tizimli amaliy filologiya bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash maqsadli ta'limini yo‘lga qo‘yish asosida shakllantiriladi. Bunda ham ta'limning uzviyligi va uzluksizligi tamoyili yetakchilik qiladi – har bir ta'lim bosqichi oldiga qo‘yilgan talablar asosida ta'lim maqsadi, mazmuni va usullari tizimi shakllantiriladi.

Amaliy filologiya bakalavrining professional kompetensiyasi  

Amaliy filologiya bakalavridan, filologiyaning barcha turi uchun mushtarak bo‘lgan umumfilologik kompetensiya bilan birga, xususiy malaka va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi talab etiladi. Ularda amaldagi me'yor va metodlar asosida turli xildagi matnlarni yaratish mahorati shakllanadi. Shuningdek, turli tipdagi matnlarni qayta ishlash, ularga ishlov berish, masalan, tuzatish, tahlil va tahrir qilish, sharhlash, annotatsiyalash, referatlashtirish, tavsiflash kabi amallar professional kompetensiyaning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi.

Ayniqsa, millatlararo integratsiya jarayoni kuchayayotgan bir sharoitda turli tipdagi, ya'ni rasmiy, ilmiy, badiiy va publitsistik matn hamda hujjatlarni boshqa tillardan ona tiliga, ona tilidan boshqa tillarga sifatli tarjima qilish professional uquv va malakani talab qiladi. Matnlarning mukammal lingvistik ekspertizasi esa sud-ekspertiza ishi sifati oshishiga ko‘maklashadi. 

Amaliy filologiya bakalavrining, shu bilan birga, ta'limiy, ilmiy madaniy-oqartuv tashkilotlari, ijtimoiy-pedagogik, ijtimoiy-tashkiliy idoralar, bosmaxonalar, jamoaviy va aloqa sohalariga doir turli tipdagi loyihalarni ishlab chiqish va joriy qilish kabi amaliyotlarda namoyon bo‘ladigan professional bilim, ko‘nikma va malakalarga ega bo‘lishi davr talabidir. 

Amaliy filologiya bakalavrida professonal kompetensiyani shakllantirish uchun ixtisoslik fanlari tarkibida, umumfilologik fanlar bilan birgalikda, sof amaliy maqsad va mazmundagi «Matn tahriri», «Kommunikatsiya asoslari», «Rasmiy hujjatlar tilining amaliy masalalari», «Lingvistik ekspertiza», «Kalligrafiyashunoslik asoslari», «Matn ustida ishlashning filologik asoslari», «Kasbiy faoliyatning axborot texnologiyalari», «Kasbiy kommunikatsiyaning filologik ta'minoti», «Amaliy leksikografiya», «Til korpusi» kabi o‘quv kurslarining joriy etilishi maqsadga muvofiq.

Bunda, shuningdek, «Informatika» kursi, an'anadagidan farqli ravishda, axborot olish va uzatishning innovatsion texnologiyalari mazmunida bo‘lmog‘i lozim. Nutq hosil qilish nazariyasi sifatidagi «Psixolingvistika» kursi amaliy xarakter kasb etishi va «Nutq psixologiyasi» shakli va mazmunida bo‘lishi zarur.

Amaliy filologiya yo‘nalishi bitiruvchilarning bozor talablariga moslashuvini inobatga olib, ularda qo‘shimcha nazariy va ta'limiy filologik kompetensiyalarni shakllantirish ham ko‘zda tutiladi.

Amaliy filologiya magistri 

Amaliy filologiya mutaxassisligi soha bo‘yicha malakali ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlaydi va bo‘lajak tadqiqotchilarda ilmiy izlanish kompetensiyasiga urg‘u beriladi. Shu boisdan ularning ixtisoslik bo‘yicha professional kompetensiyasi amaliy filologiyaga doir yangi ilmiy natijalar, ilmiy adabiyot yoki ilmiy-tadqiqot loyihalarini tahlil qilish, sohadagi fundamental, innovatsion va amaliy tadqiqot ishlarini olib borish, shu xil tadqiqot ishlari metodologiyasini aniqlash, tanlash, egallash va ishlab chiqa olish, amaliy filologiyaning amaliy va nazariy masalalarini yechish uchun «ishlaydigan» ilmiy xulosa va tavsiyalar berish, axborot texnologiyalaridan unumli va samarali foydalanish, sohaga oid davr talablaridan kelib chiqayotgan muammolarning nazariy va amaliy yechimlarini belgilash, bajarayotgan tadqiqotlari mavzusi bo‘yicha ilmiy sharhlarni ishlab chiqish bilim, ko‘nikma va malakalar markaziy o‘rinni egallaydi.

Amaliy muammolarning nazariy asoslarini o‘rganish, ularning muayyan sohalardagi aniq yechimini yaratish uchun ilmiy-tadqiqot muassasalari, vazirlik va idoralar, ilmiy va maslahat markazlarida faoliyat olib borish, ilmiy seminar, ilmiy-texnikaviy konferensiyalarda ishtirok etish, tegishli muammolar doirasida ilmiy manbalarni yaratish kabilarda namoyon bo‘ladi. 

Amaliy filologiya magistri ixtisoslik kompetensiyasi esa amaliy filologiya masalalari yuzasidan, birlamchi manbalarga suyangan holda, innovatsion va fundamental tadqiqotlar olib borish, sohaning nazariy va amaliy muammolarini bilish, davr uchun dolzarb, hali ishlanmagan mavzularni aniqlay olish malakasiga ega bo‘lish, ilmiy-tadqiqotlarni bajarish va yangi ilmiy hamda amaliy natijalarni olish qobiliyatiga ega bo‘lish, zamonaviy tadqiqot metodlari va metodologiyasini, turli tadqiqot metodlari va metodologiyalarining qiyosiy tavsifini, hozirgi zamon amaliy filologiyasiga doir nazariy qarashlarni o‘zlashtirish, yetakchi konsepsiyalar, ilg‘or nazariyotchilarning asarlaridan foydalanish, yechilayotgan ilmiy muammo va topshiriqlarning konseptual va nazariy modellarini ishlab chiqish qobiliyatiga ega bo‘lish kabi bilim, ko‘nikma va malakalarini o‘z ichiga oladi. 

Amaliy filologiya mutaxassisligi ta'limi, bakalavriat bosqichining uzviy davomi sifatida, unda hosil qilinadigan kompetensiyani ixtisoslashgan nazariy ko‘nikma va malakalar bilan boyitadi. Shu boisdan mutaxassislik o‘quv predmetlari tarkibida «Matn nazariyasi», «Diskursologiya», «Kommunikatsiya nazariyasi», «Devonxona xizmati», «Sud lingvistikasi», «Jahon leksikografiyasi», «Neyrolingvistika», «Korpus lingvistikasi», «Rasmiy muloqot etikasining lingvistik asoslari» singari kurslarning bo‘lishi maqsadga muvofiq.

Amaliy filologik tadqiqotlar

Bugungi kunda tilshunoslik bo‘yicha aksariyat tadqiqotlarning umrini o‘tab bo‘lgan talab va mezonlar asosida bajarilishi, tadqiqot xulosalarining zaruriy samaradan xoliligi, «til o‘zida», «til til uchun», «tadqiqotlar tilshunoslik uchun» yoki g‘arbga taqlid ko‘rinishidagi «zamonaviy» tamoyillarning chayir illat sifatida ildiz otganligi, tilshunoslikda ijtimoiy hayotdagi yechimini kutayotgan muammolarni ko‘ra olmaslik fanning hayotdan, jonli amaliyotdan uzilib qolishiga olib keldi.

Bu ayrim hollarda o‘zbek tilshunosligi mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlariga daxldor emasdek tasavvurlar vujudga kelishiga sabab bo‘ldi.

Holbuki, milliy taraqqiyot ma'naviy yuksalish demakdir, ma'naviy yuksalish esa til bilan baravar yuz beradi va undan ajralgan bo‘lishi mumkin emas.

Amalga oshirilgan tadqiqotlarda allaqachon yechilgan muammolarning juz'iy qirralariga «dolzarblik» tusini berishdan tilshunoslikning ijtimoiy taraqqiyotga to‘siq bo‘layotgan muammolarini aniqlash, ularni kompleks hal qilishga o‘tish, davlatning fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlar uchun ajratayotgan moliyaviy mablag‘laridan oqilona foydalanish maqsadga muvofiq. Bu esa amaliy filologiya bo‘yicha malakali mutaxassislar tayyorlashni, amaliy filologik tadqiq ishlarini kuchaytirishni taqozo qiladi.

Til egalarining lisoniy imkoniyatlardan pragmatik foydalanish samaradorligi masalalari bilan shug‘ulladigan o‘zbek amaliy tilshunosligining milliy xarakterdagi sotsiolingvistika, etnolingvistika, psixolingvistika, pragmalingvistika, lingvokognitologiya, lingvokulturologiya, neyrolingvistika, kompyuter lingvistikasi, korpus lingvistikasi, sud lingvistikasi kabi zamonaviy fan yo‘nalishlari rivojlanishi ijtimoiy taraqqiyot talablari bilan uyg‘un. Ayniqsa, axborot texnologiyalari va globallashuv asrida o‘zbek tilining global til korpuslariga qo‘shiluvini ta'minlash tarixiy zarurat sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Baxtiyor Mengliyev,
filologiya fanlari doktori, professor.

Ko‘proq yangiliklar: