Mablag‘ yo‘q. Olmaliq shahrini obodonlashtirish uchun ajratilgan mablag‘lar nimaga sarflanmoqda?

Jamiyat 19:15 / 20.08.2019 20581

O‘zbekistonning faqat poytaxt, balki hududlardagi shahar va qishloqlarini obodonlashtirish, qiyofasini o‘zgartirish uchun nafaqat respublika, balki mahalliy budjetdan ham mablag‘lar ajratilmoqda. Ayrim hollarda fuqarolar tomonidan ushbu mablag‘lar qayerga sarflanmoqda, degan haqli savol tug‘iladi. Negaki, qurilish-obodonlashtirish ishlari ba'zi hududlarda oxiriga yetkazilmay qolmoqda.

Olmaliq shahrida istiqomat qiluvchi bir necha fuqaro Kun.uz tahririyatiga murojaat qilib, shaharning ayrim ko‘chalari va piyodalar yo‘laklarini ta'mirlash ishlari oxiriga yetkazilmagani, yoritish chiroqlari oxirigacha o‘rnatilmagani, obodonlashtirish uchun davlat budjetidan ajratilayotgan mablag‘lar qayerga, nima uchun sarflanayotganiga doir savollarga javob ololmayotgani haqida murojaat qilishgan. Unda shaharning Ibn Sino, Ulug‘bek va Hamid Olimjon ko‘chalarida ta'mirlash ishlari oxiriga yetkazilmay chala qolgani ta'kidlanadi.

Biz muammo nimadan iborat ekanini murojaatchilarning o‘zidan eshitish maqsadida Olmaliq shahrining «Ibn Sino» mahallasiga bordik va fuqarolar bilan uchrashdik.

«Daraxtlar qurib ketyapti, hech kim e'tibor qilmayapti. Besh-oltita odamning yugurgani bilan hech narsa bo‘lmaydi. Hokimlik vakillari xalqni eshitsa, birga ishlasa, bunaqa holatlar bo‘lmaydi, deb hisoblayman. Obodonlashtirish bo‘yicha Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan yaxshi ishlar boshlandi. Mahallamizdagi o‘rta ko‘chalar ta'mirlandi, lekin keyinchalik bu o‘lda-jo‘lda qolib ketdi. Bolalar yurishi qiyin, chunki yomg‘ir yog‘sa suv to‘lib qoladi. Balchiq bo‘lib ketadi. 2- va 5-maktablarga borishda juda qiynalishadi. Bizdagi ichki yo‘llarning birortasi ta'mirlanmagan. Piyoda yo‘laklari ta'mirlanmagan», - deydi Zamira Berdimurodova.

Zamira Berdimurodova

«Bu ishlar «Obod mahalla» dasturi doirasida o‘tgan yili qilinishi kerak bo‘lgan, lekin hokimiyat tomonidan pul ajratilmadi. «Obod mahalla» bo‘lib, keyingi mahallaga o‘tib ketdi. «Abdulla Avloniy» mahallasi bu yilgi «Obod mahalla» dasturiga kiritilgan, lekin u yerda ham obodlikdan hech narsa yo‘q. Aynan piyoda yo‘laklari ta'mirlanmagani bois, aholi hayotiga xavf tug‘ilmoqda. Nimaga? Chunki, yo‘lak bo‘lmagani sababli aholi avtomobil yo‘lidan yurishga majbur bo‘lmoqda. Yo‘lga esa, 2ta mashina zo‘rg‘a sig‘adi. Yo‘lakda ketolmagan piyoda yo‘lga chiqsa, hayoti xavf ostida qolmoqda», - deya ta'kidlaydi Oybek Ermatov.

Oybek Ermatov

Xo‘sh, murojaatchilar bildirgan fikrlarga shahar hokimligi mutasaddilari qanday javob beradi? Shu maqsadda shahar hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Bobur Shulmister bilan uchrashdik.

«Olmaliq shahriga obodonlashtirish va qurilish ishlariga 8 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan. Undan 10ta ijtimoiy maktab obektlari: 5ta maktab (15, 18, 19, 20 va 22-maktablarning tom qismlarini joriy ta'mirlash, isitish tizimlarini joriy ta'mirlash) va 5ta bog‘chaning (2, 6, 9, 12, 32) hojatxonalarini ta'mirlashga 1 mlrd so‘m taqdim etilgan. Bundan tashqari, 3ta mahallamizda, bular «Toshkent», «Oydin» va «Kimyogar» mahallalaridagi ichki yo‘llar joriy asfaltlangan. Buning uchun 900 mln so‘m ajratilgan.

Shu bilan birga, shaharga kirib kelaverishdagi bosh ko‘chamiz – Ehtirom ko‘chasining ikki chekkasi bo‘ylab 3 km.ga yaqin masofaga panjara o‘rnatilgan, bundan maqsad fuqarolarning ko‘chaga chiqib ketishining oldini olish. Yo‘l atrofi obodonlashtirildi. Qolaversa, kirib kelaverishda uchta yirik chorraha bor, ularning atrofi ham obodonlashtirildi, shu 8 mlrd so‘m mablag‘ hisobidan», - dedi hokim o‘rinbosari.

Bobur Shulmister

Umuman, hokim o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, 8 mlrd so‘m 17ta punkt bo‘yicha taqsimlangan. Ko‘chalarga tashqi yoritqich chiroqlari o‘rnatish, fuqarolarning madaniy hordiq chiqarishlari uchun sharoit yaratish maqsadida o‘rindiqlar o‘rnatish, zamon talablariga mos ravishda ko‘chalar tashqi qiyofasini o‘zgartirish kabilar ham shu mablag‘ hisobidan bajarilgan. Xususan, A.Temur ko‘chasini obodonlashtirish, landshaft dizaynlarini zamonaviylashtirish maqsadida 3 mlrd so‘m, Tanachi-Bo‘ka kanal bo‘yini obodonlashtirish ishlariga 1,3 mlrd so‘m sarflangan.

Tuman hokimi o‘rinbosari Bobur Shulmisterdan Hamid Olimjon ko‘chasiga 20ta tashqi yoritqich chiroqlari o‘rnatilgani, 13tasining o‘rni tayyorlangani holda o‘rnatilmay qolganining sababini so‘radik. Chunki, hokimlikning fuqaro murojaatiga javobida ushbu maqsadda 170 mln so‘m mablag‘ ajratilgani, ishlar to‘liq bitkazilgani aytilgan.

«Bu yerda ishning chala qolganiga sabab pul mablag‘i ko‘chaning oxirigacha ajratilmaganida. Ya'ni mablag‘ yetmay qolgani bois, quruvchi ishlarni mablag‘ yetguncha amalga oshirgan. Aniqroq aytganda, shartnoma bo‘yicha 170 mln pul ajratilishi lozim edi, lekin mablag‘ tanqisligi sababli hammasi o‘tkazilmagan, shuning uchun ham ish oxiriga yetkazilmagan, ammo ta'kidlash kerak, pul bajarilgan ishga to‘liq o‘tkazilgan. Pudratchi ishni 2017 yilda bajargan. Biz bajarilgan ishni, bajarilgan, qilinmaganini qilinmagan, deb ma'lumot beramiz. Qolgan qismi mablag‘ berilmagani sababli to‘xtagan. Kelajakda bu ko‘chani yana dasturlarga kiritishni o‘ylayapmiz», - deya oydinlik kiritdi hokim o‘rinbosari.

Shulmister, shuningdek, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati homiylik mablag‘lari hisobidan Ibn Sino ko‘chasiga 2018 yilda 9,8 ming kvadrat metr, Ibn Sino tor ko‘chasiga 1,6 ming kvadrat metr asfalt yotqizilganini ma'lum qildi. Uning aytishicha, ushbu ko‘chada kovlangan joylar bo‘lib, avgust oyida barchasi tuzatiladi.

Bundan tashqari, fuqarolar Ulug‘bek ko‘chasi 31a-uy noqonuniy qurilgan, degan fikrda bo‘lishdi. Biroq, o‘rganishlarimizga ko‘ra, bu xonadon uchun shahar hokimining qarori va kadastr hujjatlari mavjudligi aniqlandi.

Xullas, mazkur o‘rganishimiz xulosasi sifatida aytadiganimiz shuki, shahar hokimligi fuqarolar bilan ishlashda yanada shaffofroq bo‘lsa, murojaatlariga batafsil, raqamlar asosida ma'lumot va tushuntirish berganida shu kabi tushunmovchilik bo‘lmasdi, balki. Shuning barobarida, murojaatchilarning Bo‘ka-Olmaliq magistral avtoyo‘lining Ulug‘bek ko‘chasi bilan tutashib ketgan qismiga svetofor o‘rnatilmayotgani vajini o‘rganganimizda, aytilgan joydan 50-100 metr uzoqlikda boshqa bir svetofor borligi aniqlandi. Hokimlik ushbu masalaga o‘z fikrini bildirib, haydovchilarda har 100 metrda piyodalar uchun svetofor o‘rnatish bilan bog‘liq haqli e'tiroz paydo bo‘lishini ta'kidladi.

Tolib Rahmatov

Ko‘proq yangiliklar: