Tanqidga munosabat: Paxtachidagi yo‘l ta'miri sentyabrda yakuniga yetkaziladi

Jamiyat 11:21 / 19.08.2019 3640

Kun.uz saytida joriy yilning 14 avgust kuni «Va'da va'daligicha qolmoqda: Paxtachidagi abgor yo‘l ta'miri yakuniga yetkazilmayapti» sarlavhali tanqidiy maqola e'lon qilingan edi.

Unda Paxtachi tumanidagi «Sardoba» va «Quvondiq» mahallalari orasidan o‘tgan ichki yo‘lning ta'mirlash ishlari yakuniga yetmay qolgani yoritilgan edi.

Qolaversa, ushbu masala yuzasidan dastlabki o‘rganishimizda Samarqand viloyati avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi boshlig‘i Q.Hasanov Paxtachi tumanidagi 4K562 «M-37 avtomobil yo‘lidan Sultonobod-Abdiamin» mahalliy yo‘lini ta'mirlash ishlari 2019 yil 12 fevralda boshlanishi haqida tahririyatga ma'lumot bergandi.

Mahalla aholisining tahririyatga takroriy murojaatini o‘rganish jarayonida yo‘lning bir qismi ta'mirlangani, ammo yakuniga yetmay qolgani, asfalt uchun tayyorlab qo‘yilgan ko‘chadan ko‘tarilgan chang aholi uchun noqulayliklar tug‘dirayotgani ma'lum bo‘lgandi.

Ushbu tanqidiy maqola yuzasidan Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmati tomonidan ma'lumotnoma taqdim etildi.

«2019 yil davomida Paxtachi tumani hududida, ya'ni tuman markazida «Obod maskan» dasturi asosida uzunligi 5,5 km umumfoydalanishdagi avtomobil yo‘llari ta'mirdan chiqarilmoqda.

Bundan tashqari, davlat dasturlari asosida tumanning 3ta qishlog‘ida «Obod qishloq» dasturi asosida 10,4 km yo‘llar asfaltbeton qoplamali yo‘llar, 5,1 km toshli yo‘llarni ta'mirlash ishlari olib borilmoqda.

Shu bilan birga, joriy ta'mirlash ishlari bo‘yicha tumanda uzunligi 20,3 km umumfoydalanishdagi davlat va mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yo‘llarining holatlari yaxshilandi.

Maqolada ko‘rsatib o‘tilgan 4K562 «M37 avtoyo‘li-Sultonobod Abduamin» avtomobil yo‘li 2019 yil joriy ta'mirlash dasturiga kiritilmagan bo‘lsa-da, joriy yil davomida ushbu yo‘lning 0,48 km qismida asfaltlash va 1,0 km qismida tayyorlash ishlari bajarildi.

Viloyatdagi yo‘llarni ta'mirlash borasida keng miqyosda jadal ishlar olib borilayotgani bois yo‘lbop bitim mahsulotlari zaxirasida biroz tanqislik yuzaga kelgan edi. Shu bois yo‘lni ta'mirlash ishlari muddati biroz cho‘zildi. Biroq, mazkur hududdagi ishlar to‘xtatilmagan bo‘lib, joriy yilning sentabr oyi yakuni bilan foydalanishga topshirish belgilangan», – deyiladi Samarqand viloyati avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi boshlig‘i Q.Hasanov tomonidan imzolangan ma'lumotnomada.

Kun.uz ushbu yo‘l ta'miri ma'lumotnomada ko‘rsatilgan muddatda yakuniga yetishiga ishonch bildiradi va voqealar rivojini kuzatib boradi.

Ko‘proq yangiliklar: