Yo‘l harakati inspektoriga kuch ishlatgan er-xotin jarimaga tortildi

Jamiyat 12:31 / 16.08.2019 14135

Shirakayf haydovchi B.J. joriy yil 23 mart kuni soat tungi 02:00larda “Kobalt” rusumli avtomashinani mast holatda Karmana-Paxtachi yo‘nalishi bo‘ylab boshqarib kelayotganda “Samarqand” YPX maskanida yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan to‘xtatiladi, deya xabar bermoqda Samarqand viloyati hokimi rasmiy sayti.
 
Haydovchining avtomashinadan tushish va hujjatlarni taqdim qilishi so‘ralganda, er-xotin inspektorning qonuniy talablariga bo‘ysunmay, dastlab inspektorning qo‘l telefonini sindirishadi, keyin yuzini tirnab, urib, haqorat qilib, xizmat kiyimlarini yirtishgacha borishadi.

B.J. va S.J. sud majlisida aybiga to‘liq iqror bo‘lib, qilgan ishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini bildirishdi.

Sud tomonidan, jinoyat ishi yuzasidan mavjud dalillar va guvohlar ko‘rsatmalari har taraflama tekshirildi. Sudlanuvchilarning ayblariga to‘liq iqrorligi-yu, qilgan qilmishlaridan chin ko‘ngildan pushaymonligi inobatga olinib, Jinoyat kodeksining 219-moddasi 1-qismi bilan sudlanuvchi B.J.ga 2.027.300 so‘m, sudlanuvchi S.J.ga 1.419.110 so‘m miqdorida jarima tayinlandi. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Karmana tuman sudi raisi Alisher Saydullayev ma'lum qilgan. 

Ko‘proq yangiliklar: